date
views 1 817

Ikki kun oldin bo‘lgan voqea (Voqeiy hikoya)

Ikki kun oldin bo‘lgan voqea (Voqeiy hikoya)
O‘g‘lim Daud isitmaladi. Hatto bir marta harorati 39.4 ga chiqib ketdi.

Bolalar doktoriga olib bordim. Doktor isitma tushiradigan dori berib, 38.5 gacha isitmaning zarari yo‘q, undan oshsa, mana shu isitma tushiradigan dorini bersangiz bo‘ladi, dedi.

Boshqa hech qanday dori bermadi. Viral infection (virusnaya infeksiya), o‘zi o‘tib ketadi, dedi.

Ko‘rik davomida uni suhbatga tutdim. Bizda rasmiy xabarlarga ko‘ra 20 ta, norasmiy - undan ko‘proq bola hindlarning yo‘talga qarshi dorisidan halok bo‘lganini aytdim.

U men uchun juda hayratlanarli 2 gap aytdi:

1. Hindlarning bolalar yo‘tal dorisi bir necha yildan beri Saudiya Arabistoniga kiritilmas ekan. Saudiya Arabistoni uni tekshirib, taqiqlagan ekan.

U dorilar halokatli ekani 3-4 oydan beri ma’lum, bir necha davlatlarda ancha bolaning o‘limiga sabab bo‘ldi, dedi.

2. Saudiya Arabistonida 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga yo‘tal dorisi berilmas ekan, Sog‘liqni saqlash vazirligi ko‘rsatmasiga binoan. Bu doktor o‘zi 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga unday dori bermas ekan.

Men hayron bo‘lganim, qanday qilib 3-4 oydan beri dunyoga ma’lum bo‘lsa-yu, shu bir Saudiya Arabistonining bolalar doktori bilgan narsani bizning davlat mas’ullari bilmadi ekan?!

Yana o‘ylaganim, nega bizda buncha ko‘p dori ichiladi?! 39.4 daraja isitma bilan borgan bolamga bu doktor na antibiotik va na boshqa dori berdi. Isitmasi chiqsa, 38.5 dan past bo‘lsa, dori bermang, undan oshsa, cho‘miltirib, haroratini tushiring, juda tushmasa, 39 dan oshsa, isitma dori bering, boshqa dori kerakmas, inshaalloh, o‘zi eplaydi, dedi.

Alhamdulillah, chindan ham yaxshi bo‘lib ketdi.

Mahmud Usmon

Manba: https://t.me/shavkathasan/1650
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ikki kun oldin bo‘lgan voqea (Voqeiy hikoya)