
Yangi O‘zbekistonda yangi siyosat yuritilmoqda. Deyarli barcha sohalarda ijobiy o‘zgarishlar yasaldi, boshlangan islohotlar o‘z samarasini bera boshladi. Shu bilan birga, so‘z erkinligi va vijdon erkinligi faqat qog‘ozda emas, amalda ham ta’minlana boshladi.
Afsuski, bu ijobiy o‘zgarishlardan hamma ham xursand bo‘layotgani yo‘q. Odamlarning ongi, qalbi va tilini qafas ichida kishanlab saqlashni istaydigan, shunday qilishdan manfaatdor yoki o‘zi shu qafasga o‘rganib qolganlar bugungi erkinlik shabadalaridan junjika boshladi. Bunday eskilik sarqitlari hamma joyda, jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda “o‘zbeklarga erkinlik kerak emas”, “o‘zbeklar erkinlikni ko‘tara olmaydi”, “bu millatni zolim, qonxo‘r va qattiqqo‘l podsho boshqarmasa, o‘zidan ketib qoladi” kabi kurakda turmaydigan jirkanch mulohazalari bilan ayyuuhannos sola boshladilar. Albatta bu kabi mulohazalar asossiz va yolg‘onligini “ko‘zi ochiq” odam darrov payqaydi. Bu kabi “informatsion shovqin” illatimiz va davlatimizni mustaqil ko‘rishni istamaydigan kuchlar uyushtirayotgan informatsion hujum va propaganda natijasi ham bo‘lishi mumkin
AzonTV da “Bugungi dunyo” ko‘rsatuvida ishtirok etgan siyosatshunos Hamid Sodiq ham bunday mulohazalar haqidagi savolga javob berib, bunday fikrlar o‘zbek xalqiga ochiq tuhmat ekanini ta’kidlaydi.
“O‘zbek xalqi ming yillik tarixga va boshqa xalqlar taraqqiyoti ham ta’sir ko‘rsata olgan madaniyatga ega. Erkinlikni ko‘tara olmaydi deyish, o‘zbek xalqiga tuhmatdan bo‘lak narsa emas. Shunchaki biz uzoq yillar istilo ostida, avtokrat siyosat bosimi ostida yashadik. Aqlli, ongli va bilimli yetakchilarimiz yo‘q qilindi. O‘zgacha fikrlaydigan, millati uchun qayg‘uradigan millatimiz ziyolilarini surgun qilib yoki qamab, oradan olib tashlandi. Endi erkinlik berilganida bo‘layotgan ayrim tasodifiy holatlarni butun xalqqa yorliq o‘laroq yopishtirish - do‘stning ishi emas.
Shunchaki hozir xalqimiz demokratik va erkin hayotga ko‘nikish bosqichida. Avtokratiya va diktaturaga moyillikni butun millatga tatbiq etib bo‘lmaydi. Osiyodagi ko‘pgina xalqlar, aytaylik Yaponiya xalqi ham avtokratiyaga moyil desak bo‘ladi. Lekin ular tuzgan demokratik tuzumga, ularning rivojlangan iqtisodiyoti va ilm-faniga, xalqining farovon va madaniy turmushiga bir qarang! Yoki Janubiy Koreyani olaylik. Bu yerda har 2-3 yilda sobiq prezident yoki yirik biznesmenlarini sudlab, qamab turishadi.
Lekin ular ham taraqqiyot va madaniyatda rivojlangan G‘arb davlatlaridan kam joyi yo‘q. Yoki fashistlar Germaniyasini eslang. Deyarli butun xalq propaganda ta’siri ostida diktaturani va millatchilikni yoqladi. Ammo hozirgi Germaniyani bir ko‘ring!.. Demak biror xalqni demokratiyaga moyil yoki moyil emas, falonchi tuzumga munosib yoki munosib emas, deb bo‘lmaydi. Agar qonunlar ustuvor bo‘lsa, adolatli va xalqparvar tuzum bo‘lsa, xalq o‘shanga darrov ko‘nikadi. O‘zini shu tuzumga munosib tuta boshlaydi".

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar