
Farg‘ona, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari maktablarda darslar 18 yanvardan boshlanishini ma’lum qildi.
Respublikada birinchi bo‘lib havo sovuqligi tufayli o‘quvchilar qishki ta’tildan kechroq qaytishiga ruxsat bergan Farg‘ona viloyati hokimligi yana birinchi bo‘lib bu muddatni 18 yanvarga qadar uzaytirdi.
«Farg‘ona viloyati maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarida qishki ta’til 18 yanvarga qadar uzaytirildi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ta’lim sohasidagi vakolatlariga asoslanib, viloyat hududida sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotganidan kelib chiqib, Farg‘ona viloyatidagi 975 ta umumta’lim maktablarida, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda hamda barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida qishki ta’til 18 yanvarga qadar uzaytirildi.
O‘quv mashg‘ulotlari 18 yanvar, chorshanba kunidan boshlanadi», deyiladi xabarda.
Buxoro viloyati hokimligi ham Farg‘onadan o‘rnak olib, qishki ta’tilni 16 yanvarga ko‘chirgandi. Endilikda bu viloyatda ham o‘qish 18 yanvardan boshlanadigan bo‘ldi.
«Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ta’lim sohasidagi vakolatlariga asoslanib, viloyat hududida sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotganidan kelib chiqib, Buxoro viloyatidagi mavjud umumta’lim maktablari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar, oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida qishki ta’til 18 yanvarga qadar uzaytirildi.
O‘quv mashg‘ulotlari 18 yanvar, chorshanba kunidan boshlanadi», deyiladi xabarda.
Sirdaryo viloyatida ham maktabgacha va maktab ta’limi muassasalarida ta’til muddati uzaytirildi.
«Yurtimizda sovuq ob-havo sharoiti saqlanib qolayotganidan kelib chiqib, avvalo, o‘quvchilarning salomatligi, qolaversa, ularning ta’lim muassasiga qatnashida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklarni inobatga olgan holda viloyatdagi mavjud 325 ta maktab va 199 ta bog‘chada dars hamda mashg‘ulotlar 18 yanvardan boshlanishi belgilandi.
O‘qishni boshlashning aniq muddatini belgilash qarori nafaqat ta’lim muassasalari ma’muriyati, balki ota-onalar va pedagogik tarkib bilan maslahatlashgan holda qabul qilindi», deyilgan viloyat hokimligi xabarida.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar