
16 yanvar, dushanba kuni Shavkat Mirziyoyev o‘tkazgan energiya resurslari ta’minotiga doir yig‘ilishda Toshkent shahrini 2018 yildan beri boshqarib kelgan Jahongir Ortiqxo‘jayev lavozimidan olindi. Bunga sobiq hokimning qish mavsumiga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rmagani sabab qilib ko‘rsatilgan. Shu paytgacha hokim o‘rinbosari sifatida ishlab kelgan Baxtiyor Rahmonov esa vaqtincha hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
Oyog‘i yerdan uzilgan
Prezident yig‘ilishda Ortiqxo‘jayevni ishdan olish sababiga to‘xtalib, sobiq hokim faqat quruq gap, yolg‘on ma’lumot bilan bo‘lib, pastga tushmagani aytgan.
«Noinsofning oyog‘i yerdan uzilgani uchun ishdan oldim», — degan Mirziyoyev.
Xo‘sh, Ortiqxo‘jayevning poytaxt hokimi lavozimidan ketishi ijtimoiy tarmoqlarda qanday qarshi olindi? Jamoatchilik nima demoqda? Quyida fikr yetakchilari bo‘lgan blogerlarning Twitter, Facebook, Telegram'dagi e’tiborga molik fikrlarini ulashamiz.
Umumiy aytganda, jamoatchilikning ushbu holatga bo‘lgan qarashlari, asosan, ikki xil. Birlari Ortiqxo‘jayevning ketganini ma’qullab, buyog‘iga shaharda ijobiy o‘zgarishlar bo‘lishini taxmin qilayotgan bo‘lsa, boshqalari tizim tubdan isloh qilinmas ekan, hokimlar o‘zgarganidan tayinli foyda yo‘q, deb hisoblaydi. Sobiq hokim tarafdorlari esa nisbatan kamchilikni tashkil etmoqda.
Eng yomon Toshkent
Xususan, publitsist, mustaqil jurnalist Nikita Makarenko Jahongir Ortiqxo‘jayevni «Toshkent shahrining zamonaviy tarixidagi eng yomon rahbar» deb atagan. Uning fikricha, sobiq hokim davrida shahar rivojlanishda ancha orqaga qaytgan. Bloger, ayniqsa, betartib «snos»lar, shahar infratuzilmasidagi noto‘g‘ri qarorlar, kommunal xizmatlarning talabga javob bermasligi, korrupsiya va OAVga bo‘lgan ochiqdan-ochiq nafratga e’tibor qaratgan.

Foto: Telegram / makarenko_channel
Makarenko bu surat Ortiqxo‘jayev davridagi Toshkentning adabiy ramzi bo‘lib qolishini yozgan.
Jurnalist, Human.uz internat-portali bosh muharriri Muslim Mirzajonov ham sobiq hokim davridagi daraxtkushliklarga e’tibor qaratgan.
«Shaharda ozroq bo‘sh joy yoki daraxtzor ko‘rsak, 'Ishqilib, shu yergayam dom qurvorilmasa bo‘ldi', degan xavotirlardan qutiladigan bo‘ldikmi shunday qilib?!», — deb yozadi Mirzajonov.
O‘rniga kim kelishi ahamiyatsiz
Iqtisodchi Botir Qobilov o‘zgarishga pessimistik yondoshyapti. Uning fikricha, Ortiqxo‘jayevning o‘rniga kim kelishi unchalik ham katta ahamiyatga ega emas. Chunki baribir hokimlarni tiyib turadigan richag yo‘q.
«U (yangi hokim — tahr.) qanday shaxs bo‘lishidan qat’iy nazar, uning harakatlari va vakolatini tiyib turadigan mexanizm, javobgarlik / hisobot yo‘nalishi bo‘lmaguncha, qiziq emas», — deydi Qobilov.
Yana bir iqtisodchi bloger Otabek Bakirovning fikri bunday:
«O‘rniga undan ham yomoni qo‘yiladi va Ortiqxo‘jayevni ham himoya qilaman, deb o‘ylamagandim. Davlat rahbari tub o‘zgarishlarni keyinga qoldirdi, deb umid qilaman».
Jurnalist Laziz Hamidov esa rahbarlikka o‘z kasbining mutaxassisi bo‘lgan munosib kadrlarni olib kelish kerakligini aytmoqda.
«Har bir ishidan manfaat, biznes ko‘zlamaydigan, dunyo ko‘rgan, xalqaro oliygohlarda tahsil olgan, til biladigan o‘z kasbini yaxshi mutaxassislariga lavozim beringlar, baraka topgurlar, iltimos, uning shapkasini bunga, buning shapkasini unga kiydiravermay»,— deb yozadi «Ular» loyihasi asoschisi.
Prujina effekti
Ayrim blogerlar Ortiqxo‘jayev Toshkent shahri hokimligidan ketgani bilan, siyosatdan ketmay qoladi, degan hadikda. Xususan, huquqshunos Bahodir Ahmedov «Ishqilib, aka (Jahongir Ortiqxo‘jayev — tahr.) bosh vazir o‘rinbosari bo‘lib ketmasa bo‘ldi», — deb yozdi.
Troll.uz'ning (Umid G‘ofurov) kutilmalari ham o‘xshash:
«Yerdan uzilgan oyoqlar yuqoriroq lavozimga qarab shahdam qadam tashlasa, ajablanmayman».
Menga hokim yoqardi
Sport jurnalisti Jamoliddin Bobojonovning fikricha, Ortiqxojayevning tizimdan chiqmagani uning yutug‘i bo‘lgan.
«'Chestno‘ manga hokim yoqardi. Qing‘ir ishlari bo‘lgandir. Man bilmayman. Avvalgi hokimlarda ham bo‘lgan bu ishlar, deb o‘ylayman.
Ortiqxo‘jayevning yutug‘i tizimdan chiqmaganida edi. O‘rniga bir kamolotchi, maddoh, byurokrat, beshikdayoq oq ko‘ylak, qora shimda yotgan davlat tizimidan kimdir kelsa kerak», — deb yozadi u Twitter'dagi sahifasida.
Tarmoqdagi hazillar
Ortiqxo‘jayev — Vanga
«Gazeta.uz» muharriri Nurulloh Sharif Facebook'da yozgan postida Ortiqxo‘jayevni Baba Vangaga o‘xshatgan. Buning isboti esa mana bunday ekan:
«2022 yilning avgust oyida hokim targ‘ibot yaxshi amalga oshirilsa, Toshkentga bir oyga qolmay turistlar oqib kelishini aytgandi. Shundan so‘ng shaharga rossiyalik relokantlar ko‘chib keldi.
Ikki kun turib berishimiz kerak, degandi. Rostdan ikki kun turib, keyin ishdan bo‘shadi».
«Dobbi» endi ozod
Jurnalist Xurshid Daliyev Ortiqxo‘jayev lavozimidan olinishiga «Toshkon ozod bo‘ldi», deya munosabat bildirgan.
«Joha aka (Jahongir Ortiqxo‘jayev — tahr.) ketishini bilib osh berganga o‘xshaydi. Tekin osh bo‘lyaptimi haliyam Toshkonda?», — deya qo‘shimcha qilgan u.
Ortiqxo‘jayevning hayfsanlari
2018 yilning aprel oyidan beri hokim vazifasini bajarib kelgan Jahongir Ortiqxo‘jayev shu yilning 21 dekabr kuni rasman Toshkent shahar hokimi etib tayinlangandi. Prezident uni investorlarga tanishtirayotib, O‘zbekiston tarixida ilk bor o‘zi ishonadigan tadbirkorni hokim etib tayinlaganini aytgandi.
«Bu joriy islohotlarni tushunadigan, byurokratiyadan uzoq bo‘lgan, Toshkent shahrining ertangi kuni qanday bo‘lishini tasavvur qiladigan zamonaviy yigit O‘zbekistonga toza havo kirishi uchun, investorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun tayinlandi», — deya ta’kidlagandi Shavkat Mirziyoyev.
Shundan so‘ng, hokim sifatidagi qariyb 5 yillik faoliyati davomida Jahongir Ortiqxo‘jayev davlat rahbaridan ikki marta hayfsan qabul qilib olgan:
- birinchisi — 2020 yil 15 iyul kuni koronavirusga qarshi kurashni samarali tashkil qilmagani uchun;
- ikkinchisi — 2022 yil 8 avgust kuni daraxtkushlik avjiga chiqqan payt mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun.
Tarmoqdagi so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Jahongir Ortiqxo‘jayev 16 yanvar kuni ertalab, prezident yig‘ilishi boshlanmasidan avval shaharni tark etmoqchi bo‘lgan. Jurnalist Nikita Makarenkoning yozishicha, sobiq hokim oilasi bilan Toshkent aeroporti orqali shaharni tark etmoqchi bo‘lgan payt xavfsizlik xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar