18:26 / 21.01.2023
499

«Anomal sovuq» atamasi kommunal xizmatlar noshudligini xaspo‘shlash uchun o‘ylab topildimi?

«Anomal sovuq» atamasi kommunal xizmatlar noshudligini xaspo‘shlash uchun o‘ylab topildimi?
So‘nggi kunlarda “Anomal sovuq” tushunchasi “trend”ga chiqdi. Uning oqibatlari keyingi masala. Ammo sabablari haqida biroz chuqurroq bilib olsak zarar qilmaydi.

Shu maqsadda AzonTV ning «Fikrat» tahliliy dasturida “O‘zgidromet” Bosh direktori Sherzodxo‘ja Habibullayev hamda mutaxassis Erkin Abdulahatov bilan suhbat uyushtirildi.

Suhbatda, shuningdek, “anomal” so‘zining ishlatilganiga izoh berildi. Chunki “bu atama kommunal xizmatlar va joylardagi mahalliy boshqaruv organlarining noshudligi va muammolarini “oqlash” hamda xaspo‘shlash uchun o‘ylab topildi, degan shubhalar ko‘pchilikning ko‘nglidan kechgani rost gap.

- Bu so‘zni qo‘llaganimiz yuzasidan juda ko‘p savollar berildi, deydi Sherzodxo‘ja Habibullayev. – Agar ob-havo prognozini berishda, harorat ko‘p yillik ma’lumotlar bo‘yicha kundalik o‘rtacha miqdoridan 7 darajaga farq qilsa, “anomal” deyiladi. Masalan, hozirgi o‘rganishlarimizga ko‘ra, tunda minus 6 daraja bo‘lsa, agar unga 7 qo‘shilsa, demak minus 13 daraja yilning shu payti uchun anomal ob-havo hisoblanadi. Bu xalqaro darajada qabul qilingan me’yor.

Lekin o‘tgan haftadagi vaziyatda nafaqat harorat darajasiga, balki havo bosimiga ham qaraldi. Chunki haqiqatan ham yurtimiz hududiga sovuq siklon kirib keldi. Vaziyat rostan ham juda jiddiy edi. Ayrimlar hatto “anomal sovuq” haqidagi xabar kommunal xizmatlar faoliyatidagi muammolarni oqlash uchun aytilgan, degan shubhaga ham borishdi. Lekin bu haqiqatan anomal ob-havo edi.

Ko‘p yillik kuzatuvlar, hamkorlarimiz bergan ma’lumotlar, yer sun’iy yo‘ldoshlari uzatgan raqamlardan kelib chiqqan holda, “anomal sovuq” so‘zini ishlatdik. Bu ogohlantirish nafaqat aholini hushyorlikka chaqirish, balki tegishli xizmatlar e’tiborini qaratish vazifasini ham bajaradi. Chunki biz muntazam ob-havo xabarnomasini chiqaramiz. Bu xabarnoma bo‘yicha faoliyat ko‘rsatishda barcha xizmatlarning o‘z vazifalari belgilab qo‘yilgan.

Ta’kidlash kerak, ob-havo prognozida “anomal” tushunchasi ham sovuqligi bo‘yicha, ham bosimi bo‘yicha qo‘llanildi. Chunki bosim ham an’anaviy ko‘rsatkichdan ancha yuqori bo‘ldi. Oddiy tushuntiradigan bo‘lsam, quyosh chiqsa ham qizdirmadi. Bosimning yuqori bo‘lishi sovuqni ushlab turishga xizmat qiladi, quyosh haroratini “sindiradi”.

Aytib o‘tishimiz kerak, “anomal” so‘zini o‘tgan yili yozdagi qattiq issiqqa nisbatan ham ishlatganmiz, lekin negadir hech kim ahamiyat bermagandi. Hattoki o‘tgan yilgi chang bo‘ronlari ham har yillik o‘rtacha me’yordan ortiqcha bo‘lgani uchun anomal hisoblanadi, deya tushuncha berdi “O‘zgidromet” Bosh direktori Sherzodxo‘ja Habibullayev.

Shu o‘rinda “O‘zgidromet” tashkiloti haqida qisqa ma’lumot bersak:

Toshkentda metereologik kuzatuvlar 1867 yilning dekabridan boshlangan. 1870 yilning martidan “Turkistanskiye vedomosti” gazetasida ob-havo meteokuzatuv ma’lumotlari nashr etila boshlangan. 1873 yildan Toshkent Astronomiya va fizika observatoriyasi faoliyat yurita boshladi. 1876 yilning sentyabrida Toshkent observatoriya meteostansiyasi ochildi va hozirgacha xizmat qilib kelyapti.

XX asrning boshlariga kelib, O‘zbekiston hududida 11 ta gidrometeorologik stansiya tashkil etilgan. O‘zbekiston gidromet xizmatining rasmiy tashkil etilgan sanasi 1921 yil 7 may kuni nishonlanadi.

1931 yildan boshlab Gidromet xizmati ham meteorologik, ham gidrologik kuzatuvlarni muntazam ravishda olib boradi. 1992 yilda Gidrometxizmat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi gidrometeorologiya bosh boshqarmasi huquqiy maqomini oldi. 2004 yilning aprel oyidan boshlab bosh gidromet Vazirlar Mahkamasi huzuridagi gidrometxizmat markaziga aylantirildi.

2017 yildan Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimiga o‘tkazildi. 2019 yildan esa Vazirlar Mahkamasi tasarrufiga o‘tkazilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat