
Ayollarni ayollar ham ezadi
Uyushmaga kelgan yoshu qari mijozlarning muammolarini tinglagandan keyin Habiba xonim bir qarorga kelgandi. Odamlarning qalbida xavfli bo‘ronlar ko‘tarilar, bu xususda nimadir qilish shart edi. Uchrashuv mavzusini tayyorlab, kutayotgandi.
Bir necha soatdan keyin uyushmaning boshqa a’zolari ham yetib kelishdi. Ular bilan ham kerakli maslahat qilingandi.
– Do‘stlar, uyushmamizga murojaat qilgan, ko‘zyosh to‘kayotgan ayollar orasida tahlil o‘tkazdim. Ko‘rdimki, ayollarni yig‘latadiganlarning deyarli yarmi ayollardir. Ko‘plab mijozlarimiz: “Erimni boshqa ayol tortib oldi”, deb yig‘lamoqda. Ayrimlari qaynonasidan, ayrimlari kelinidan, boshqalari qaynopasidan yoki qo‘shnisidan ozor chekkan. Ba’zilarini esa boshliq ayollar yig‘latadi. Ko‘pchiligining ko‘zyoshiga erlarining boshqa ayolni tanlagani sabab. O‘sha boshqa ayollarga xabar yetkazish, ularni tarbiyalash kerak. Birovning erini tortib olishga urinishmasin. Aslida, erkaklarga ham yetkazish kerak. Lekin bu yerda bizning mavzumiz ayollarga oid.
Yig‘ilganlar diqqat bilan Habiba xonimni tinglashardi. Uyushma a’zolaridan Nazmiya xonim so‘radi:
– Ular ham nima qilsin sevib qolgan bo‘lsa?
– Bunday qilmasin, azizam. Agar oshiq bo‘lsa, yuragini bo‘ysundirishga harakat qilsin. Birovning nikohida bo‘lgan odamga ko‘z tikiladimi? Zotan, shar’iy nikohga ishonishini aytadigan ba’zilari shar’iy nikohni suiste’mol qilmoqda. Ular shar’iy nikoh panasiga yashirinadi. Diniy nikohga ishonmaydiganlar esa erkinlik ortiga berkinadi, natijada o‘z baxti uchun boshqa birovni qaqshatadi. Uyushma sifatida bu muammoga yechim topishimiz kerak. Aytish joiz, ayollar ham ayollarga zulm qilishadi.
Ularning e’tiborini shu nuqtaga qaratishimiz kerakki, ayollarga zulm o‘tkazishda erkaklar bilan musobaqalashishmasin. Hamma ko‘ngli tusaganini qo‘lga kiritadi, degan qoida yo‘q. Bu yer – dunyo. Dunyodagi odamlar kim nima istasa, o‘shanga erisholmasligini bilishi kerak. Narigi dunyoga borganimizda, har kim xohlaganini olishi mumkin. U joydagi qonunlar boshqa, bu yerdagisi boshqa.
Uyushma a’zolaridan bo‘lgan Oysha xonim g‘azab bilan o‘rnidan turib, baqira ketdi:
– Bu bilan nima demoqchisiz, Habiba xonim? Menga tosh otyapsizmi? Oilali odamga tekkanim uchun shunday deyapsiz, lekin erim meni qanday sharoitda olganini, qay vaziyatda turmushga chiqqanimni bilmaysiz-ku!
Habiba xonim hayron bo‘ldi:
– Yo‘q, siz noto‘g‘ri tushundingiz. Istisnolar qoidalarni buzmaydi. Nega sizga tosh otishim kerak? Eringiz xotini bilan baxtli yashayotgan ekan, siz borib uni o‘zingizga qaratib olmadingiz, yo‘ldan ozdirmadingiz-ku! Men boshqa narsani aytyapman. Ba’zi ayollar oilali erkakni sevib qoldim, deb o‘ylashadi. Keyin esa u kishini qandaydir yo‘l bilan xabardor qilib, ta’sir ko‘rsatib, oxir-oqibat oshkora yoki yashirin nikoh bilan turmush qurishadi.
Erkakning narigi xotini baxtsiz bo‘ladimi, ko‘ziga dunyo torayadimi, ularga buning farqi yo‘q. O‘zlarini oqlash uchun “Islomda ikkinchi nikoh bor-ku, bu unutilgan sunnati saniyani tiriltirmoqchimiz”, deyishadi. Aslida ulardan: “Birovning erini yo‘ldan urish Islomda bormi?” deb so‘rash kerak. Yana shuni qo‘shimcha qilish zarur: “Qur’onda bor bo‘lgan ruxsat unutiladimi?” Xudoning tavsiyasiga quloq solish kerak. Mana shu masalalar yoddan ko‘tarilmoqda.
Oysha xonim yana jahl bilan bahslashardi:
– Tushunishimcha, ikkinchi xotinlarga yomon ko‘z bilan qaraysiz...
– Yo‘q, adashyapsiz. Bugungi kundagi ikkinchi nikohlarning aksariyati Islom ruhi va adolatidan yiroq. Ko‘pincha yashirincha o‘tkaziladi. Ikki guvohdan iborat bo‘lgan va shu ikki guvohdan boshqa hech kimga e’lon qilinmaydigan yashirin nikoh joiz emas. Nikohdan maqsad ommaga ma’lum qilishdir. Yashirin bo‘lgach, agar erkak vafot etsa, ikkinchi ayolga meros berilmaydi. Chunki hech kimning xabari yo‘q. Shunday bo‘lishi mumkinmi? Bundan tashqari, guvohlarning ham kim ekanligi noma’lum. Bu nikoh bo‘lmaydi-ku! Ba’zan esa ochiq-oydin bo‘ladi, lekin ikkinchi ayolga jazmandek sanaladi. Unga jahannam azobi tottiriladi.
Ba’zan esa ikkinchi xotin va uning bolalariga meros berilmaydi. Berilgan taqdirda ham, to‘liq emas. Ayollarning boshqa erkakni yo‘ldan urib, “menga uylan” deb majburlashiga qarshiman. Lekin qandaydir tarzda turmush qurganlar haqida gapirmayapman, bundan keyingilarini aytyapman. Keling, oldin bo‘lganlar bilan emas, balki bundan keyin bo‘ladiganlar bilan shug‘ullanaylik. Shunday xatolarning oldini olaylik, deyapman. Maqsadim ikkinchi xotinlarni kamsitish emas. Iltimos, meni tushuning. Bir ayol erini qizlardan uzoqlashtirish uchun berkitib qo‘yishga majbur bo‘lganini gapirib berdi. Eri radioda ishlarkan.
Aytdiki: “Qizlar erimni yo‘ldan uradi. Birovning juftiga bunday ortiqcha e’tibor va mehr ko‘rsatish noto‘g‘ri. Mening e’tiborim endi erimni qiziqtirmay qo‘ydi. U shunchalik ko‘p iltifot ko‘radiki, o‘z xotiniga ehtiyoji qolmayapti”. Shuning uchun qizlar va ayollarni ogohlantiraylik deyapman. Ularga qalbga ko‘ra emas, balki imon va adolatga muvofiq harakat qilishni o‘rgatish kerak. Aytganlarimning sizga aloqasi bormi, Oysha opa? Siz qilgan ish bilan biz gaplashayotgan narsalar orasida juda katta farq bor.
– Ba’zilar tufayli bizga go‘yo yomon ayollardek muomala qilishadi. Men oilali odamga turmushga chiqishni xohlarmidim? Beva qolganimda hech kim bo‘ydoq yigitga loyiq ko‘rmadi. Tul erkaklarga beva ayollar tavsiya etilmagani holda, beva ayolga yo turmush qurgan, yoki keksa kishilar tavsiya qilinadi. Avval, bu nohaqliklar hal bo‘lishi kerak.
Oysha xonim yig‘lay boshladi. Bu safar Fazilat xonim gapirdi:
– Eringiz tag‘inam adolatli ekan. Qarang, na siz birinchi ayolga zug‘um qila olasiz, na u sizni eza oladi. Bundan tashqari, eringiz beva ayolga uylangan. Ba’zilar beva haqida eshitishni ham xohlamaydi, aytganingizdek, ularga yosh qiz ma’qul. Beva ayollarni kim oladi bilmayman? Kamiga Payg‘ambarimiz alayhissalomga tuhmat qilishadi. “Bevaga uylanish harom, beva ayol vafosiz bo‘ladi”, kabi bir qancha uydirma-to‘qima hadislardan o‘zlariga qalqon yasashadi. Nasroniylarga o‘xshashni xohlashadi.
Ularning dunyosida beva ayol nopok hisoblanadi. Shuning uchun Injilda “Bevaga uylangan kishi zino qilgan hisoblanadi”, tarzidagi izoh mavjud. Biznikilar ham e’tiqod jihatidan ulardan farq qilmaydi. Bular alohida masalalar. Keling, mavzuga qaytaylik. Oysha xonim, boshqacha o‘ylamang, sizning qanday sharoitda turmush qurganingizni bilamiz. Bilmasak ham, muhokama qilishga haqimiz yo‘q. Lekin Habiba xonim aytganidek, bu muammoga yechim topish kerak. Menimcha, bizni tushundingiz.
Amina Shenliko‘g‘li
Manba: Azon.uz
Ayollarni AyollarIkkinchi XotinOila MasalalariYashirin NikohAdolatli ErkakMuammolarni Hal Qilish O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar