
Markaziy bank raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyevning ma’lum qilishicha, elektr energiyasi va gaz narxlarini erkinlashtirish joriy yilning may oyiga mo‘ljallanmoqda.
Joriy yilning may oyidan O‘zbekistonda elektr energiyasi va gaz narxlari erkinlashtirilishi mumkin. Bu haqda Markaziy banki raisi o‘rinbosari Behzod Hamroyev Gazeta.uz'ga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
“Liberallashtirish may oyida boshlanishi mumkin. Bu inflyatsiya prognoziga kiritilgan”, degan u.
Avvalroq, Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan “Pul-kredit siyosatining 2023 yil va 2024-2025 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari”ga ko‘ra, asosiy ssenariyda elektr energiyasi va gaz narxlari bosqichma-bosqich bozor narxlariga yaqinlashtirilishi, muqobil ssenariyda esa elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari inflyatsiya darajasida indeksatsiya qilib borilishi ko‘zda tutilgandi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda tabiiy gaz va elektr energiyasi tariflari so‘nggi bor 2019 yil avgust oyida oshgandi. O‘tgan yili jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida” hukumat qarori loyihasida 2022 yilning 1 iyulidan elektr va gaz bo‘yicha tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tilishi ko‘zda tutilgandi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra bu qaror qabul qilinmadi, islohotlar esa kechiktirildi.
Energetikaga budjetdan subsidiyalar “xalqqa yordam bo‘lishi” uchun joriy qilingani iddao qilinsa-da, mutaxassislarning fikricha, bunday tizim soha rivojlanishiga to‘siq bo‘lib qolaveradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ham 2022 yil yakuni bo‘yicha parlamentga qilgan an’anaviy murojaatnomasida energetika inqirozi masalasiga to‘xtalib, birinchi marta tariflarni tabaqalashtirish haqida gapirgandi. Ya’ni muayyan limitdan ko‘proq gaz va elektr ishlatadigan badavlat qatlam bozor narxida to‘lashi kerak, chunki bu resurslar davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya hisobiga arzon sotiladi. Shavkat Mirziyoyev tabaqalashtirilgan tariflarga va umuman erkin bozorga o‘tish bosqichma-bosqich bo‘lishini ta’kidlagandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar