19:15 / 19.02.2023
342

Prezident kam ta’minlanganlarga Umraga borishda yordam berilishini aytdi

Prezident kam ta’minlanganlarga Umraga borishda yordam berilishini aytdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17 fevral kuni Buxoro shahridagi Mir Arab madrasasiga tashrifi vaqtida endilikda kam ta’minlanganlarga Umraga borishda yordam berilishini ma’lum qildi.

Prezident madrasa talabalari bilan uchrashuv davomida so‘nggi yillarda Umra va Haj safarlariga qatnov soni ko‘paytirilganini ta’kidladi. «Umraga xohlagancha ruxsat berilyapti. Haj safarlari karra-karra ko‘paydi. E’tiqod insonning yuragida, bag‘rida, ko‘nglida bo‘ladi», dedi davlat rahbari.

Shundan keyin prezident kimda qanday taklif bo‘lsa, eshitishga tayyor ekanini aytgan. Muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Umraga borishga imkoniyati yetmaydigan kam ta’minlanganlar uchun davlat tomonidan yordam berilishini so‘ragan.

«Sizdan bitta iltimos bo‘ladi, adolatli tanlov qilib bersangiz, xohlaganingizcha yordam beraman. Haqiqiy kam ta’minlanganlar istagi albatta ijobat bo‘ladi. Ularning ro‘yxatini shakllantirib bering. Kerak bo‘lsa, u yerdagi rahbarlarga ham aytib, ularni alohida-alohida kutib oladigan qilib tashkillashtiramiz», deya javob berdi prezident.

Davlat rahbari madrasa talabalari bilan suhbatlashgan.

«Bunday uzoq tarixga ega ta’lim dargohlari juda kam. Bugun uning sharoitini yaxshilab, tarixiy adolatni tiklaganimiz xayrli ish bo‘ldi, deb o‘ylayman. Demokratik islohotlarimiz natijasida diniy sohaga ham erkinlik epkini kirib keldi. Shu bilan birga, axborot makoni ham ochiq. Internetda ilmiy asosi bo‘lmagan turli talqinlar ham bor. Lekin ularni tajribasiz yoshlar qayerdan biladi? Buni sizga o‘xshagan ilmli kishilar, imom-xatiblarimiz isbotlab, to‘g‘ri tushuntirib berishi kerak», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Diniy ta’lim soatlari va sifatini isloh qilish, uni amaliyot bilan bog‘lash bo‘yicha fikrlar bildirildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat