Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida er xotinini qasddan o‘ldirib, so‘ng o‘ziga pichoq urdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.
Voqea 2 mart kuni soat 08:20 larda Yangiyer shahar tibbiyot kolleji hovlisida yuz bergan. Shu shaharda yashovchi fuqaro R.U. kollejning ikkinchi bosqich talabasi bo‘lgan turmush o‘rtog‘i D.U.ni oilaviy kelishmovchilik negizida qasddan o‘ldirish maqsadida o‘zi bilan olib kelgan oshxona pichog‘i bilan uning o‘ng bo‘yin, o‘ng va chap ko‘krak, chap oyoq boldir sohalariga jami yetti marotaba urib, qasddan o‘ldirgan.
Shundan so‘ng R.U. sodir qilgan jinoyati uchun javobgarlikdan qochish maqsadida qo‘lidagi pichoq bilan o‘zining bo‘yin va ko‘krak sohalariga ikki marotaba urib, o‘ziga-o‘zi og‘ir tan jarohatlari yetkazgan.
U olgan tan jarohatlari bilan Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan, biroq ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan kasalxonada vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Yangiyer shahar prokuraturasi tomonidan 2 mart kuni R.U.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.
Ma’lumot uchun, marhuma ayol 40 yoshda, uning eri 45 yoshda bo‘lgan. Ularning uch nafar farzandi bor.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)