10:49 / 03.05.2023
122

Quyoshning xavfli ultrabinafsha nurlaridan qanday himoyalanish kerak?

Quyoshning xavfli ultrabinafsha nurlaridan qanday himoyalanish kerak?
Foto: Shutterstock
Bugun, 3 may kuni Toshkent shahrida quyoshning ultrabinafsha nurlanish indeksi 12 balli shkalada 10 ball bo‘lishi kutilyapti.
 
Nurlanish qoq tush payti maksimal darajaga yaqinlashib, uning indeksi 12 balli shkalada 10 ball bo‘lishi, soat 14:00 da 9, 15:00 da 7 va 16:00 da 5 darajaga tushishi qayd etilgan.
 
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi ma’lum qilishicha, bunday paytda quyosh nuri allergik reaksiyalar keltirib chiqarishidan ehtiyot bo‘lish lozim.
 
Xususan, bu kabi noqulay ob-havo sharoitida terining quyosh nuriga sezgirligi oshishi natijasida fotodermatit kasalligi yuzaga kelishi mumkin.
 
Quyosh nurining o‘zi allergen hisoblanmaydi, — deydi markaz rahbari, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova. — Biroq ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan o‘zaro ta’sirga kirishganda, allergik reaksiya paydo bo‘lishi mumkin.
 
Oqibatda ko‘krakning yuqori qismi, bo‘yin, qo‘l sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dog‘ va turli toshmalar yuzaga keladi. Ba’zan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar kuzatiladi.
 
Qolaversa, ko‘zning shilliq qavatiga ultrabinafsha nurlarining ta’siri kon’yunktivit va keratit, ya’ni shohpardaning yallig‘lanishini ham keltirib chiqaradi.
 
Bunday yallig‘lanish zararli nur ta’siridan bir necha soat o‘tgach paydo bo‘lib, ikkisi ham og‘riqli kechadi, — deydi Respublika ko‘z kasalliklari klinik shifoxonasi bosh shifokori Otabek Ikromov. — Shu bilan birga, ultrafinafsha nurlar kataraktaning rivojlanishiga ham sabab bo‘ladi.
 
Bundan tashqari, nurlanish indeksi yuqori bo‘lgan vaqtda ochiq havoda uzoq vaqt yurish saraton kasalligiga moyillikni oshirib, immunitetni pasaytiradi.
 
Bunday kunlarda soat 11:00 dan 16:00 gacha quyosh nurlari ostida uzoq vaqt yurmaslik, agar zarurat tug‘ilsa, bosh kiyim kiyish yoki soyabon tutish, ko‘zoynak taqish va imkon qadar yopiq liboslar kiyish tavsiya etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Quyoshning xavfli ultrabinafsha nurlaridan qanday himoyalanish kerak?