12:33 / 03.05.2023
171

Endi dorilarni qimmat sotgan dorixonalar iste’molchidan olgan ortiqcha pulini qaytaradi

Endi dorilarni qimmat sotgan dorixonalar iste’molchidan olgan ortiqcha pulini qaytaradi
2023 yil 1 maydan dorixonalarda sotilgan dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun belgilangan ustamalardan yuqori mablag‘ olingani aniqlansa, ortiqcha pulni iste’molchiga qaytarish tizimi ishga tushirilmoqda.
 
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “FAIR TECH” yagona axborot tizimi doirasida alohida modul ishlab chiqildi. Qo‘mita xabariga ko‘ra, bundan ko‘zlangan maqsad iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va farmatsevtika sohasida qonunchilik me’yorlarining iste’molchi foydasiga ishlashini interaktiv usullarda nazorat qilishdan iborat.
 
Yangi tizim bo‘yicha murojaatlarni ko‘rib chiqish onlayn tarzda tezkor amalga oshiriladi va korrupsiyani keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldi olinadi. Sohada yangi yo‘nalish sifatida iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplashning ta’sirchan mexanizimi joriy etiladi.
 
Yangi tartibga ko‘ra, 2023 yil 1 maydan iste’molchilar tomonidan dorixonalarda xarid qilingan dori vositalari va tibbiy buyum xarid cheklarining QR-kodi “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda belgilangan ustamalardan yuqori mablag‘ olingani aniqlansa, avtomatik ravishda Raqobat qo‘mitasiga xabar yuborilib, ortiqcha olingan mablag‘ni iste’molchiga qaytarish tizimi ishga tushirilmoqda.
 
Hozirda tarmoq Soliq qo‘mitasi hamda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining elektron tizimlari bilan o‘zaro integratsiya qilingan va hamkorlikdagi ma’lumotlar almashinuvi bo‘yicha ishlaydi. Sifatli monitoring tizimini samarali ishlashi hamda texnik jihatdan ishlarni tezkor va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Raqobat qo‘mitasining hududiy boshqarmalari planshetlar bilan ta’minlandi”, — deyiladi xabarda.
 
Ma’lumot uchun, prezidentning “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llash tartibi belgilangan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endi dorilarni qimmat sotgan dorixonalar iste’molchidan olgan ortiqcha pulini qaytaradi