Qarshi shahridagi shifoxona darvozasi oldida o‘zboshimchalik bilan qurilgan do‘kon prokuror va shahar 4-son IIB boshlig‘i o‘rtasida kelishmovchilikka sabab bo‘ldi. Prokuror noqonuniy qurilmani buzishni talab qilgan bo‘lsa, IIB rahbarining pozitsiyasi hozircha tushunarli emas.
Qarshi shahrida 4-sonli IIB boshlig‘i Asror Jo‘rayev va shahar prokurori Alisher Mirzayev o‘rtasida nizo kelib chiqdi. Internetda tarqalgan videoda IIB boshlig‘i telefonda prokuror bilan gaplashayotgani aks etgan.
“Menga qarang, yoqib yubordimi? Ustidan quydi. Xudodan qo‘rqing, tuxmat qilmang. […] Prokuror bo‘lsangiz, men ham qonunni yaxshi bilaman. Siz prokurorsiz, men ham fuqarolar xavfsizligini ta’minlaydigan odamman. Siz ham prezidentning odami, men ham prezidentning odami. Tushundingizmi, Alisherjon? Menga siz o‘dag‘aylamang. O‘dag‘aylasangiz, shaxsiy adovat qilsangiz, ana undan keyin Chingalchukdek, ochiqchasiga, bittama-bitta gaplashamiz”, – deydi ichki ishlar xodimlari yaqinida telefonida gaplashgan IIB boshlig‘i.
Muloqotdan, prokuror uni huzuriga chaqirgani anglashiladi.
“Men nima qilaman u yoqqa kelib, mana ko‘chada gaplashamiz. Xohlagan kattamga chiqing, men pensiyaga chiqsam chiqamanki, bunday qilmayman. Men xalqimni yaxshi ko‘raman, xalqimni sevaman”, – deydi Asror Jo‘rayev.
Bosh prokuratura axborotiga ko‘ra, voqea shu yil 13 aprel kuni sodir bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, bu yerda gap – Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga kirish darvozasi yonida savdo do‘koni qurilgani haqida ketyapti. Prokuraturaga ko‘ra, do‘kon qurilishi noqonuniy bo‘lgan, ustiga ustak tez yordam mashinalarining shifoxonaga kirib-chiqishiga xalal beryapti.
Do‘konni qurgan Bobur Xodiyev ismli fuqaro noqonuniy qurilmani ixtiyoriy buzib olish to‘g‘risida bir necha marta ogohlantirilgan, ma’muriy javobgarlikka ham tortilgan, lekin baribir do‘konni buzmagan. Holatni Qarshi shahar prokurori nazoratga olgan.
Shundan keyin, 13 aprel kuni Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi 4-sonli IIB boshlig‘i A.Jo‘rayev mutasaddi idoralar bilan birgalikda fuqaro B.Xodiyevga noqonuniy qurilmani ixtiyoriy bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma berish uchun borgan.
“Shu vaqtda B.Xodiyevning turmush o‘rtog‘i mas’ul xodimlarga faol qarshilik ko‘rsatib, ularni xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishiga majburlash maqsadida savdo do‘konini buzmasligini bildirib, kiyimlariga benzin sepib, o‘zini o‘zi yoqish bilan qo‘rqitgan.
So‘ngra, A.Jo‘rayev o‘ziga yuklatilgan vazifalarni bajarishdan bo‘yin tovlab, fuqaroga noqonuniy qurilmani ixtiyoriy bartaraf etish haqidagi dalolatnomani topshirish choralarini ko‘rmasdan, soxta obro‘ orttirish maqsadida shahar prokurorining o‘z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishi haqidagi talabiga nisbatan go‘yoki prokuror fuqaro manfaatlariga zid harakat qilayotgani haqida asossiz vajlar keltirish orqali e’tiroz bildirgan”, – deyiladi Bosh prokuratura axborotida.
Ta’kidlanishicha, fuqaro o‘zboshimchalik bilan qurgan do‘konini ixtiyoriy tarzda buzmagach, Kadastr agentligi Qarshi shahar bo‘limi sudga da’vo arizasi kiritgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qarshi tumanlararo sudining 2023 yil 5 maydagi hal qiluv qarori bilan da’vo qanoatlantirilib, javobgarga noqonuniy qurilmani majburiy tartibda buzdirish va yerni foydalanishga yaroqli holatga keltirish majburiyati yuklatilgan.
Ichki ishlar vazirligi yoki Qashqadaryo viloyati IIB holatga hozircha munosabat bildirmadi.
Do‘kondorning so‘zlari
Bu do‘konni qurgan fuqaro Bobur Xodiyev Daryo.uz bilan suhbatda voqea tafsilotlarini aytib o‘tgan.
“2022 yilning oktyabr oyida 'oblbalnitsa'ning tashqarisida, shifoxona yeriga ta’sir qilmaydigan holda do‘kon qurib, oilamni boqib kelayotgan edim. 2023 yilning 8 aprel kuni Qarshi shahar prokurori Alisher Mirzayev kelib, menga qo‘pol so‘z aytib, haqorat qildi va do‘konimni buzishimni aytdi. Men esa prokurorga haqorat qilmasligini, bunga haqqi yo‘qligini aytdim. Shunga qaramasdan, prokuror topshirig‘iga ko‘ra, 8–13 aprel kunlari do‘konimga IIB xodimlari kelib, zo‘ravonlik qilib, do‘konimni buzdirib tashlashga urinishdi. Shu voqealardan ta’sirlangan xotinim ustiga benzin quydi. Va ko‘r bo‘lib qoldi”, – deydi u.
Xodiyevning aytishicha, xotini benzindan jabrlangach, shahar prokurori uning shifoxonaga yotqizilishiga ham qarshi bo‘lgan.
“Xotinimning ahvoli og‘ir edi, shifoxonaga borsak, hech narsa bo‘lmagan deb chiqarib yuborishga urinishdi. Prokuror olib chiqib ketinglar degan ekan. Keyin ko‘zi ko‘rmayotganini bilishgach, 7 kun davolashdi. Xotinim ayni kunda ham ko‘rmayapti, benzin sabab ko‘r bo‘lib qoldi”, – deydi do‘kon egasi.
Fuqaroning aytishicha, u 12 may kuni bosh prokurorning Qarshi shahridagi sayyor qabulida bo‘lgan, bosh prokuror uning talabidan kelib chiqqan holda Qarshi shahri hokimi va prokuroriga o‘zini o‘zi band qilgan, shu do‘kon ortidan bolalarini boqayotgan fuqaroga yordam berishlari kerakligini uqtirgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring“Qarshi shahar hokimi 16 may kuni shu masala yuzasidan qabuliga chaqirgan. To‘g‘ri, do‘konim qurilishi noqonuniydir, ammo shu do‘kon ortidan o‘zimni o‘zim band qildim, oilamni boqyapman. Menga yordam berishib, qonuniy qilishda ko‘maklashishsa degan fikrdaman”, – deydi Bobur Xodiyev.