date
views 278

O‘zbekistonda ommaviy tadbirlar alohida, birinchi va ikkinchi toifalarga bo‘linadi

O‘zbekistonda ommaviy tadbirlar alohida, birinchi va ikkinchi toifalarga bo‘linadi

Hukumatning “Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston ayrim qarorlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Loyiha bilan ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish davomida jamoat xavfsizligini ta’minlash va jamoat tartibini saqlashni samarali tashkil etish maqsadida, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalarga bir qator o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutilmoqda.

Jumladan, ommaviy tadbir toifalarini: 

  • alohida (“Yangi yil”, “Navro‘z”, “Mustaqillik”, “Xotira va qadrlash”, “Xalqaro bolalarni himoya qilish”, “Ramazon Hayit”, “Qurbon Hayit”, “Rojdestvo”, “Pasxa” bayramlarini nishonlashga doir tadbirlar, “Ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish”, “Umumta’lim maktablarida o‘quv yilining boshlanishi va tugashiga bag‘ishlangan”, “Saylov”, “Referendum” va “Xalqaro hamkorlik tashkilotiga a’zo davlat rahbarlari ishtirokida o‘tkaziladigan”, futbol bo‘yicha xalqaro miqyosidagi uchrashuvlar); 
  • birinchi (Toshkent, Nukus shaharlari va viloyat markazlari hududida o‘tkaziladigan alohida toifadagi ommaviy tadbir toifalariga kirmaydigan ommaviy tadbirlar);
  • ikkinchi (alohida va birinchi toifadagi ommaviy tadbirlar toifalariga kirmaydigan ommaviy tadbirlar) toifalarga ajratish; 
  • alohida va ikkinchi toifalardagi tadbirlarni o‘tkazishda Ichki ishlar vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari, birinchi toifadagi tadbirlarni o‘tkazishda Milliy gvardiya va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan manfaatdor davlat organlari va idoralar bilan hamkorlikda tashkillashtirishni amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish masalalari kompleks tusga egaligini, bir necha vazirlik va idoralarga taalluqliligini (ommaviy tadbir o‘tkazish obektlarining muhandislik-texnik mustahkamligi, ularda kommunikatsiya, videokuzatuv, evakuatsiya, yong‘inga qarshi va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish tizimlarining xavfsizlik talablariga muvofiqligini ta’minlash) inobatga olib, loyihada faoliyati tugatilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzuridagi ommaviy tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish komissiyalar faoliyati tegishli vakolatli ichki ishlar organi huzurida tiklanmoqda.

Xalqaro, umumdavlat ahamiyatiga ega, nufuzli yoki ko‘plab ishtirokchilari bo‘lishi kutilayotgan ommaviy tadbirlarni (masalan, futbol bo‘yicha ayrim uchrashuvlar) o‘tkazishda komissiya ishchi guruhining faoliyati barcha hollarda, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishi yoki fuqarolarning xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga tahdid soluvchi holatlar yuzaga kelishidan qat’i nazar, majburiy tartibda tashkil etilishi, ishchi guruh faoliyati ommaviy tadbirning toifasiga bog‘liqligini inobatga olib, uning tarkibi tadbir toifasidan kelib chiqib (birinchi toifadagi tadbirlar ishchi guruhiga Milliy gvardiya vakili) tashkil etilmoqda.

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda ichki ishlar organlari va Milliy gvardiyasi bo‘linmalarining jamoat tartibini saqlash va xavfsizlikni ta’minlash borasidagi vazifalar faqat ommaviy tadbirlar toifasi bilan farqlanishi va mazmunan bir xilligini inobatga olib, ichki ishlar organlari va Milliy gvardiya bo‘linmalarining majburiyatlari va huquqlari birlashtirilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hokimliklaridan hamda tumanlar (shaharlar) hokimliklaridan ommaviy tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish komissiyalarining faoliyatini nazorat qilish hamda ruxsat berish tartib-taomillari bilan bog‘liq vazifalar va huquqlar chiqarib tashlanib, ularning o‘rniga tegishli ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obektlarining ro‘yxatini shakllantirishda, zarurat bilan, komissiyalar faoliyatida hamda saylovoldi uchrashuvlarni tashkil etishda ishtirok etish bilan bog‘liq vazifa va huquqlar belgilanmoqda.

Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolarning xavfsizligini va jamoat tartibini ta’minlashga doir chora­-tadbirlar pullik asosda amalga oshirilishi, buning uchun tadbir tashkilotchisi ruxsatnoma olgandan keyin birinchi toifadagi tadbirlar bo‘yicha Milliy gvardiyaning hududiy bo‘linmalari bilan, ikkinchi toifadagi tadbirlar bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari bilan tegishli shartnoma tuzishi kiritilmoqda.

Bunda, ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolar xavfsizligini va jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha hududiy ichki ishlar organlari yoki Milliy gvardiyaning hududiy bo‘linmalari xizmatlari qiymati bir kishi-soat qiymati asosida hisoblanadi. Bir kishi-soat qiymati bazaviy hisoblash miqdorining yetti foizini tashkil qiladi (Bugungi kunda, 300 000 x 0.07 = 21 000 so‘m). Shartnomaning umumiy qiymati bir kishi-soat qiymatining kamida 50 foizini jalb etiladigan xodimlar soniga va ommaviy tadbirni o‘tkazish soatlari miqdoriga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.

Shuningdek, ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalaridagi ayrim atamalar qonun hujjatlariga muvofiqlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, barcha toifadagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazishga ruxsatnomalar bevosita IIV tomonidan berilishi ortiqcha pog‘ona bo‘lib, qo‘shimcha ovoragarchiliklarga zamin yaratishini inobatga olib loyiha bilan Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ruxsat etish xususiyatiga ega ayrim hujjatlarni berish tartib-taomillari to‘g‘risidagi yagona nizomning 11-ilovasiga birinchi toifadagi ommaviy tadbirlarga ruxsatnoma berish Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar, Toshkent viloyati IIBB va viloyat IIBlariga, ikkinchi toifadagi ommaviy tadbirlarga - tumanlar (shaharlar) ichki ishlar bo‘limlariga yuklatilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda ommaviy tadbirlar alohida, birinchi va ikkinchi toifalarga bo‘linadi