O‘zbekistonda guruch zaxiralari yetarli. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi. Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda guruch narxini oshib ketishi haqida asossiz xabarlar tarqaldi.
Xabarda aytilishicha, O‘zbekistondagi barcha bozorlar guruch bilan uzluksiz ta’minlangan hamda zaxiralar yetarli.
Bugungi kunda O‘zbekiston dehqon bozorlarida guruchning 1 kg narxi navidan kelib chiqib, 11 500 so‘mdan 25 000 so‘mgacha sotilmoqda (o‘tgan yil mos davriga nisbatan 35,2 % ga o‘sgan).
Bozorlarda guruch quyidagi narxlarda sotilmoda:
- “Avangard” navi 11 500 – 17 500 so‘mgacha;
- “Alanga” navi 16 000 – 18 500 ming so‘mgacha;
- “Lazer” navi 19 500 – 25 000 so‘mgacha.
Shuningdek, guruchning minimal narxi “Nukus dehqon bozori” va “Guliston dehqon bozori”da (“Nukus-2” va boshqa mahalliy navli guruchlar) 11 500 so‘m qayd etilgan.
Maksimal narx esa Toshkent shahrining “Farhod dehqon bozori”da 25 000 so‘mdan sotilgani kuzatildi (“Lazer” navli guruch). Shu bilan birga, ushbu bozorda guruchning minimal narxi 13 000 so‘mni tashkil etgan.
Ta’kidlanishicha, respublika sharoitida yiliga aholi jon boshiga o‘rtacha 9,8 kg.dan guruch iste’moli talab etiladi. Ya’ni mamlakat aholisini to‘liq guruch mahsulotlari bilan ta’minlash uchun 353 ming tonna guruch zaxirasi talab etiladi.
Respublika hududlarida o‘tgan yilda 105,8 ming gektar maydonlarda sholi ekilib, 516,9 ming tonna sholi yetishtirildi. Bu ko‘rsatkich guruch hisobida 310 ming tonnani tashkil etadi. Ya’ni, aholi talabiga nisbatan 43 ming tonna kam guruch ishlab chiqariladi.
Guruch import qilingan davlatlar:
Qozog‘istondan 29,3 ming tonna (54,7%);
Pokistondan 23,2 ming tonna (43,3%);
Tailanddan 599 tonna (1,1%);
Turkiyadan 265 tonna (0,5%);
Xindistondan 126 tonna (0,2%);
boshqa mamlakatlardan 21,1 tonna (0,02%).
Ma’lumot o‘rnida, Hindiston guruch eksporti dunyoda 1-o‘rinda bo‘lib, umumiy jahon eksportining 36,8 foizini tashkil qiladi. Asosiy eksport Afrika davlatlari (7,1 mln tn), Xitoy (2118 ming tn), Eron (1245 ming tn), Saudiya Arabistoni (1012 ming tn) va boshqa davlatlar hisoblanadi.
Jahon bozorida 2023 yil iyun holatiga o‘rtacha guruch narxi 1,93 dollar (22 364 so‘m), eng arzon narx 0,52 dollar (6025 so‘m) (Tunis), maksimal narx 4,84 dollarni (56 086 so‘m) (Serbiya) tashkil etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!