20:05 / 27.07.2023
130

Toshkent viloyati IIBB nega hududda jinoyatchilik darajasi yuqori ekanini tushuntirdi

Toshkent viloyati IIBB nega hududda jinoyatchilik darajasi yuqori ekanini tushuntirdi

Oliy sud 2019—2023 yillarda sudlangan shaxslar tomonidan sodir etilgan ayrim turdagi jinoyatlarning hududlar kesimi bo‘yicha dinamikasini e’lon qilgan hamda unda qasddan odam o‘ldirish va nomusga tegish holatlarining eng ko‘p qismi Toshkent viloyati hissasiga to‘g‘ri kelishi aniqlangandi. Viloyat Ichki ishlar bosh boshqarmasi axborot xizmati rahbari Bobur Tulyaganov nega hududda jinoyatchilik darajasi boshqalarga nisbatan yuqori ekanini izohladi.

Bobur Tulyaganovning aytishicha, Toshkent viloyati aholi soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turmasa ham, hududda milliondan ortiq ichki migratsiya (poytaxtga yaqin hududlarda vaqtincha yashovchilar) va katta ichki turizm (tog‘li hududlar, dam olish maskanlari) mavjud.

Ichki turizm

Birgina Bo‘stonliq tumani hududiga 1 sutka davomida o‘rtacha 10, 12 ming atrofida avtomashina, ularda 35—36 ming nafar dam oluvchi tashrif buyuradi. Mavsum va nomavsumiy vaqtlar hisobi bilan 2022 yilning o‘zida tumandagi dam olish maskanlari (mehmonxona, hostel, pansionat, lager, sanatoriy va dachalar)ga 10 millionga yaqin mehmonlar tashrif buyurgan.

Ichki migratsiya

Poytaxtda ishlaydigan boshqa viloyat fuqarolari juda ko‘p. Ularning aksari ijara uy-joy nisbatan arzon bo‘lgani sababli Toshkent viloyatida vaqtincha yashaydi. Buni kechga tomon Zangiota va Toshkent tumanlariga eltuvchi asosiy yo‘llardagi katta tirbandliklardan ham ko‘rish mumkin.

Shu kabi ichki migrantlar soni milliondan ortiq. Ular tomonidan ham viloyat hisobiga oila turmush doirasidagi jinoyatlar ro‘yxatga olinadi. Masalan, uyda er-xotin, aka-uka yoki boshqa birga yashovchilar urishib qolib, birdan pichoq urishi, bir biriga og‘ir tan jarohati yetkazishi holatlari ko‘p qayd qilinadi. Har bir xonadonga bittadan IIB xodimini ham joylab bo‘lmaydi.

“Keyin ro‘yxatda 97-modda bilan ko‘rsatilgan raqamlar bu shuncha odam o‘ldirilganini anglatmaydi. Bunda odam o‘ldirishga urinish holatlarida ham ekspertiza xulosasiga asosan dastlab 97-modda qo‘yiladi. Agar jamoat joylarida sodir etiladigan jinoyatlar bo‘lsa bu boshqa mavzu bo‘lardi, buni to‘g‘ridan to‘g‘ri Ichki ishlar xodimlarining e’tiborsizligi deyish mumkin bo‘ladi.

Yuqoridagilar bilan biror obyekt yoki subyektni oqlamoqchi yoki aybdor qilmoqchi emasman. Har qanday jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish — bu ichki ishlar organlari xodimlarining funksional vazifasi. Ortib borayotgan har bir jinoyat turlari yuzasidan keng masshtabda tushuntirish, targ‘ibot va nazorat tadbirlari o‘tkazilyapti. Mahallalar kesimida jamoatchilik bilan muhokamaga qo‘yilyapti.

Bugungacha ham, bundan keyin ham bor kuch va imkoniyatlarimizdan kelib chiqib, Toshkent viloyatida fuqarolar xavfsizligi, jamoat tartibini saqlash, jinoyat va huquqbuzarliklarga qarshi turishga, tinchlik uchun xizmat qilishga tayyormiz”, — deydi Bobur Tulyaganov.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent viloyati IIBB nega hududda jinoyatchilik darajasi yuqori ekanini tushuntirdi
ePN