
O‘zbekistonda yovvoyi hayvonlarni saqlash huquqiy jihatdan tartibga solinadi.
Senatning 43-yalpi majlisida “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunning 43-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Majlisda qayd etilishicha, yirtqich va zaharli yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda yoki tutqunlikda saqlash, ulardan tijorat maqsadlarida foydalanish, ularni jamoat joylarida sayr qildirish natijasida turli noxush hodisalar uchrayotgani tegishli qonun hujjatlarini takomillashtirishni talab etmoqda.
Shu boisdan ushbu qonun bilan yovvoyi hayvonlarni saqlashni tartibga solish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxatini, shuningdek, mazkur ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibini belgilash Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu qonunning qabul qilinishi yovvoyi hayvonlarni saqlash hamda ulardan turli maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq hollarda aholining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga, shuningdek, vakolatli davlat organining ushbu yo‘nalishdagi javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!