
IIV Tezkor-qidiruv departamenti tomonidan chet el fuqarosining sir saqlanishi lozim bo‘lgan video tasvirlarini tarqatish bilan qo‘rqitib, pul talab qilib kelayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistondagi xorijiy korxona rahbari bo‘lgan Janubiy Koreya fuqarosiga o‘zining qo‘l ostida ishlagan o‘zbekistonlik 2023 yil mart oyidan buyon hayoti va sog‘lig‘iga tahdid qilib kelgan.
U inson qadr-qimmatini kamsitish va sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni qo‘lga kiritib, ushbu videolarni oilasiga, tanishlari va ish joyiga tarqatish bilan qo‘rqitib, rejalashtirgan investitsiya loyihalariga ta’sir etishini aytib, shu kunga qadar tovlamachilik yo‘li bilan 11,3 million so‘m hamda 1,2 ming dollar pul olgan. Shu bilan birga, u videolarni tarqatmaslik evaziga 10 ming dollar talab qilib kelgan.
Toshkent shahar Bektemir tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumonlanuvchiga Janubiy Koreya fuqarosi tomonidan 600 dollar va 300 ming so‘m pulni birga ishlagan sherigi orqali berilgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda holat yuzasidan Bektemir tumani IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!