Oilaviy nikoh nizolari ko‘paygan sayin uy-joyga yashash uchun kiritib qo‘yish haqidagi nizolar ham ko‘paymoqda. Bunday nizolar
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 11, 32, 51-55-moddalari, shuningdek Fuqarolik kodeksining 164-moddalari talabi asosida hal qilinadi.
Ulushli mulkdagi uy-joylarni bo‘lishda mulkdorlar o‘zaro kelisha olmagandagina sud tartibida hal qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kodeksining 32-moddasiga ko‘ra, uy, kvartira mulkdorining oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar, agar ularni ko‘chirib kelgan paytda yozma ravishda boshqa hol qayd etilgan bo‘lmasa, uydagi, kvartiradagi xonalardan mulkdor bilan teng foydalanishga haqlidirlar. Ular mulkdor bergan turar joyga o‘zlarining voyaga yetmagan farzandlarini ko‘chirib kiritishga haqlidirlar, oilaning boshqa a’zolarini esa, uy, kvartira mulkdorining roziligi bilangina ko‘chirib kiritishlari mumkin.
Bu shaxslar uy, kvartiraning mulkdori bilan oilaviy munosabatlarni tugatgan taqdirda ham ularda turar joydan foydalanish huquqi saqlanib qoladi. Uy, kvartiraning mulkdori bilan uning sobiq oila a’zolari, shuningdek u bilan doimiy yashayotgan fuqarolar o‘rtasida turar joydan foydalanish tartibi taraflar kelishuvi bilan belgilanadi.
Fuqaro U.A. fuqaro A.U. bilan FHDYO bo‘limida qonuniy nikohdan o‘tib turmush qurishgan. U.A.(ayol) A.U.(erkak)ning Bag‘dod tumani, "Qorako‘l" MFY, Begvachcha qishlog‘idagi uyiga kelin bo‘lib tushgan.
Fuqarolar A.U. va U.A.larning o‘rtalarida o‘zaro kelishmovchilik kelib chiqishi natijasida fuqaro A.U. va uning oila a’zolari tomonidan fuqaro U.A. kelin bo‘lib tushgan uydan chiqarib yuborilgan.
Natijada fuqaro U.A. o‘zining buzilgan huquqlarini tiklash borasida, ya’ni kelin bo‘lib tushgan uyga kiritish uchun sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga asosan fuqaro U.A kelin bo‘lib tushgan uyga kiritish belgilangan.
Majburiy ijro byurosining Bag‘dod tumani bo‘limiga fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudining da’vogar U.A.ning javobgar A.U.ga nisbatan umumiy mulkni bo‘lish haqidagi da’vo talabi yuzasidan, shu yil 6 iyun kuni Bag‘dod tumani, "Qorako‘l" MFY, Begvachcha qishlog‘idagi turar joyning 439.0 m2 qismi uchun da’vogar U.A.ga foydalanishni belgilash to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan va ijro ishi qo‘zg‘atilgan.
Ijro hujjatining ijrosini ta’minlashlik uchkn javobgarga ixtiyoriy muddat berilib, ushbu muddatda ijro etmasligining huquqiy oqibatlari tushuntirilgan.
Ammo javobgar ijro hujjatini belgilangan ixtiyoriy muddatda ijro etmaganligi natijasida unga tegishli ta’sir choralari qo‘llanilgan holda, Byuroning Rishton tuman bo‘limi davlat ijrochilari tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilib, 16 avgust kuni da’vogar U.K.ga ijro hujjatida ko‘rsatilgan uy-joydan foydalanish tartibi belgilandi va ijro hujjati "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida" Qonunning 41-moddasi 1-qismi 1-bandiga asosan amalda tamomlandi.
Albatta, sud tomonidan bir fuqaroning huquqlari tiklanib, Byuro tomonidan ijrosi ta’minlangandir. Lekin yoshlarni oilaga tayyorlash, ular o‘rtasida o‘zaro kelishmovchiliklar kelib chiqishining omillari, buning oldini olish va avvalambor oilani saqlab qolish borasida mas’ullar tomonidan keng tushuntirish ishlarini olib borilsa bu kabi nizolarning oldi olingan bo‘lar edi.
MIB Farg‘ona viloyati boshqarmasi
N.X.KADIRKULOVA
