Foto: Global Look Press
Amerikalik aktyor Kevin Speysi yurak xuruji gumoni bilan O‘zbekiston poytaxtida shifoxonaga yotqizildi. Bu haqda Britaniyaning The Sun tabloidi yozdi.
«Kevin Speysi kinofestivalda qo‘li ishlamay qolgani tufayli yurak xurujidan gumonlanib, shifoxonaga yotqizildi», deb yozdi gazeta.
Qayd qilinishicha, Speysining «chap qo‘li bir necha soniya davomida butunlay qotib qolgan». Toshkentda aktyorni MRT tekshiruvidan o‘tkazishgan, biroq, gumonlar tasdig‘ini topmagan.
Keyinchalik u sahnada ko‘rinish berib, tomoshabinlarga salomatligi «joyida» ekanini aytgan.
«Bu voqea hayot har birimiz uchun qanchalik nozik ekani haqida o‘ylab qolishimga sabab bo‘ldi», degan u.
Aktyor 29 sentyabrdan 3 oktyabrgacha bo‘lib o‘tgan XV Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etgan.
Kevin Speysi 1959 yilda tug‘ilgan (hozir 64 yoshda), amerikalik sahna va kino aktyori, kinorejissyor, ssenariynavis, prodyuser. Ko‘plab kinofilm va seriallarda suratga tushgan. «Oddiy gumonlanuvchilar» va «Amerikacha go‘zallik» filmlari uchun «Oskar» (1996, 2000), BAFTA (2000), «Oltin globus» (2015), «Toni» (1991) va «Gremmi» (2006) kabi ko‘plab mukofotlar sohibi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!