Foto: Telegram
O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva Toshkent shahridagi Botanika bog‘ining Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilishi haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
“Botanika bog‘i — bu ko‘ngilochar joy emas. Bu — butun shahrimiz har kuni nafas olayotgan Toshkentning o‘pkasi. Bu — biz g‘ururlanadigan tarix”, — deydi prezident yordamchisi.
U 70 yildan ortiq vaqt davomida isteʼdodli olimlar ushbu bog‘da bebaho daraxtlar va o‘simliklarni yetishtirganini, ularga o‘z mehr-muhabbatini bag‘ishlaganini qayd etdi.
“Yurtimizda bunday maskan boshqa hech qayerda yo‘q. Tabiatning ana shu bir parchasini asrab-avaylash, uni himoya qilish va bolalarimizga yetkazish bizning burchimizdir. Men Botanika bog‘ini tijoriy tuzilmalar boshqaruviga topshirishga qatʼiyan qarshiman. Uning bir santimetri ham ijarachi yoki quruvchilarga berilmasligi shart”, — deya taʼkidladi Saida Mirziyoyeva.
Bildirilishicha, bog‘ni olimlar yaratgan va u olimlar ixtiyorida bo‘lishi, butun o‘zbekistonliklar uchun xizmat qilishi lozim.
“U Fanlar akademiyasi ixtiyorida qoladi”, — deb yozdi prezident yordamchisi.
Avvalroq Project.gov.uz portalida Vazirlar Mahkamasining “Istirohat bog‘lari faoliyati va ularni boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi eʼlon qilingandi. Unga ko‘ra, madaniyat va istirohat bog‘larini viloyatlar hokimliklari huzurida tashkil etiladigan “Istirohat bog‘larini boshqarish direksiyalari” tasarrufiga o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Ushbu maʼlumot jamoatchilikning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi.
Keyinroq poytaxt hokimligi Botanika bog‘i Toshkent shahar hokimligi balansiga o‘tkazilmasligini maʼlum qildi.
“Hokimlik ushbu ilmiy dargohning mamlakat ekotizimini asrash, o‘simliklar genofondini saqlash va ko‘paytirishdagi ahamiyatini eʼtirof etadi va uni istirohat bog‘iga aylantirishga yo‘l qo‘ymaydi”, — deyiladi rasmiy bayonotda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!