Foto: Videodan kadr
Xorijlik turistning O‘zbekistonga qilgan sayohati vaqtida elektropoyezdning ekonom klassidan VIPiga o‘tish uchun poyezd xodimiga qo‘shimcha 15 dollar bergani aks etgan video yuzasidan «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ izoh berdi.
Qayd etilishicha, ushbu holat 2023 yilning 6 iyulida sodir bo‘lgan. 10 iyul kuni poyezd xodimi lavozimidan ozod etilgan.
«Vagon kuzatuvchilari styuardlarga bu kabi hodisalar qaytarilmasligi bo‘yicha tegishli yo‘riqnomalar bilan tushuntirish ishlari olib borgan. Hozirgi kunda yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlarining barchasida ishchi guruh tomonidan tekshiruv amalga oshirilmoqda. Bu kabi holatlar qaytarilmasligi uchun nazorat o‘rnatilgan», – deyiladi rasmiy izohda.
Shu yil may oyida rossiyalik bloger Ilya Varlamov «O‘zbekiston temiryo‘llari»dagi xizmat ko‘rsatish sifatini tanqid qilgandi.
O‘shanda Varlamov «Toshkent-Samarqand» yo‘nalishidagi poyezdning «luks» kupesi uchun chipta narxi 100 dollardan qimmat ekanini, ammo undagi sharoitlar talabga javob bermasligini aytgandi.
Keyinroq «O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi» AJ munosabat bildirib, holat bo‘yicha tezkor yig‘ilish o‘tkazilganini, kamchiliklar uchun o‘sha paytda xizmat vazifasini olib borgan vagon kuzatuvchilari va poyezd boshlig‘iga qat’iy intizomiy jazo qo‘llanilganini ma’lum qilgandi.
Chipta narxi 100 AQSH dollaridan oshiqligi haqidagi gaplarni esa mas’ullar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini, sayyoh bu yo‘nalish uchun chiptani Rossiya Federatsiyasining «RJD» saytidan elektron tarzda 4213,9 rublga rasmiylashtirganini ta’kidlagandi.