Toshkentda o‘tgan O‘zbekiston—Italiya sammiti doirasida O‘zbekiston prezidenti rafiqasi Ziroat Mirziyoyeva Italiya prezidentining qizi — ushbu mamlakat birinchi ledisi Laura Mattarella bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar beradi O‘zA.
Qayd etilishicha, samimiy va do‘stona muhitda o‘tgan suhbat davomida ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida do‘stlik va o‘zaro anglashuvni yanada mustahkamlash, madaniy va gumanitar aloqalarni rivojlantirish to‘g‘risida fikr almashilgan.
Oliy martabali mehmon O‘zbekiston hunarmandchiligi namunalari bilan tanishgan, unga o‘zbek anʼana va urf-odatlari namoyish etilgan.
Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Italiya prezidenti Serjo Mattarella qizi Laura Mattarella hamrohligida 9-noyabr kuni rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgandi. 10-noyabr kuni ushbu davlat rahbarini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Davlat rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlari yakunida ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Serjo Mattarella Ko‘ksaroy qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyobonida davlat rahbarlari birgalikda archa ekdi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring