Jarqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “Jarqo‘rg‘on tuman MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyat samaradorligi sustlashib, ishchi xodimlarning oyliklari, soliqlar va boshqa shartnoma asosida xizmat ko‘rsatgan yuridik tashkilotlar oldida yirik miqdordagi qarzdorliklar yuzaga keldi.
Mavjud qarzdorliklarni undirish to‘g‘risidagi ishlar sudlarda ko‘rib chiqilib, qarzdor “Jarqo‘rg‘on tuman MTP” MCHJ hisobidan 17 ta ijro hujjatiga asosan 293 million so‘m ishchilarga to‘lab berilmagan oylik ish haqi, 873 million so‘m soliq qarzdorligi, 36,5 million so‘m davlat boji hamda 619,3 million so‘m 10 ta yuridik shaxs foydasiga qarzdorlikni undirish belgilandi.
Byuroning Jarqo‘rg‘on tuman bo‘limi tomonidan majburiy ijro harakatlariga kirishilib, qarzdor jamiyatning barcha hisob raqamlariga band solinib, tumanning “Paxtazavod” mahallasi hududida joylashgan “Keys kombaynlarini saqlash saroyi bino inshootlari” xatlovga olindi.
Qarzdorlik o‘z vaqtida bartaraf etilmaganligi sababli, qarzdor jamiyatga tegishli bo‘lgan bo‘lgan mulk onlayn auksion savdolariga chiqarildi va natijada 2 mlrd. 59,4 mln. so‘mga sotildi.
Byuroning tuman bo‘limi ish yurituvida “Jarqo‘rg‘on tuman MTP” jamiyati bilan bog‘liq barcha ijro hujjatlarining ijrosi to‘liq ta’minlanib, qarzdor jamiyatga nisbatan qo‘llanilgan barcha cheklov choralari bekor qilindi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring