Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari tomonidan banklar foydasiga kredit qarzdorliklarini undirish ishlari jadallashtirilmoqda.
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarini ijtimoiy, iqtisodiy jihatdan qo‘llab-qo‘vvatlash maqsadida ularga tijorat banklari tomonidan ikki tomonlama tuzilgan shartnomalarga asosan kredit mablag‘lari ajratilmoqda.
Lekin, tuzilgan kredit shartnomalari shartlarini o‘z vaqtida bajarmayotgan jismoniy va yuridik shaxslar ham uchrayotgan bo‘lib, ularning kredit qarzdorligini undirish majburiy ijro etish choralarini qo‘llagan holda amalga oshirilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 11 oyi davomida Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, tuman (shahar) bo‘limlari ish yurituvida sud qarorlariga asosan tijorat banklari foydasiga kredit qarzlarini undirish bilan bog‘liq jami 1,8 trln. so‘mlik 18 187 ta ijro hujjatlari mavjud bo‘lib, shundan 1,4 trln. so‘mlik 11 717 ta ijro hujjatlarining ijrosi ta’minlangan va 363,2 mlrd. so‘m amalda undirilgan.
Shuningdek, banklar foydasiga kredit qarzdorliklarini undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash maqsadida, 34,8 mlrd. so‘mlik 2 313 ta ijro hujjatlari bo‘yicha kredit qarzdorligini undirish qarzdor jismoniy shaxslarning ish haqlariga qaratilib, qarzdorliklar qoplanmoqda.
Shuningdek, davlat ijrochilari tomonidan xatlangan 221,4 mlrd. 838 ta ko‘chmas mulklar, 5,5 mlrd. so‘mlik 23 ta qishloq xo‘jaligi texnikalari, 27 mlrd. so‘mlik 126 ta avtotransport vositalari va 7 mlrd. 554,3 mln. so‘mlik 307 ta boshqa mol-mulklar xatlanib, elektron onlayn-auksion savdolariga sotish uchun chiqarilib, mol-mulklar sotuvidan tushgan pul mablag‘lari tegishli tartibda banklarning hisob raqamlariga o‘tkazilib berilgan.
Masalan, Majburiy ijro byurosi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Alohida muhim ijro ishlarini ijro etish bo‘limi ish yurituvidagi, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining 03.12.2021 yildagi qaroriga asosan qarzdor “CHIMBOY GOLDEN PARK” MCHJ, "SHARQ HAMKOR QURILISH" mas’uliyati cheklangan jamiyati va "XARUN SHARWA" fermer xo‘jaligidan «Milliy bank» aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali foydasiga 2 mlrd. 816 mln. so‘m undirish belgilangan.
Ushbu ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida qarzdorga 5 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan, shuningdek, qarzdorga tegishli bo‘lgan qiymati 1 mlrd. 268 mln. so‘mlik do‘kon va choyxona imorati bo‘lim inspektori tomonidan tegishli tartibda xatlovga olingan.
Shunga qaramasdan qarzdor tomonidan ijro hujjati talabi ixtiyoriy ravishda bajarilmaganligi sababli, xatlangan ko‘chmas mulk elektron onlayn-auksion savdo maydonchasi orqali sotuvga chiqarilgan.
Ushbu mulk yuzasidan o‘tkazilgan auksion savdolarida xatlangan ko‘chmas mulk 1 mlrd. 623 mln. so‘mga sotilib, sotuvdan tushgan pul mablag‘lari kredit qarzdorligini qoplashga yo‘naltirilgan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring