Foto: Ritzau Scanpix/Ritzau Scanpix/picture alliance
Shvetsiya va Finlandiyadan keyin NATO a’zosi Daniya AQSH bilan harbiy hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzdi. Tegishli hujjatlar 21 dekabr kuni Vashingtonda Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lyokke Rasmussen va AQSH davlat kotibi Entoni Blinken tomonidan imzolandi.
Kelishuv AQSHga Daniya shimolida askar va harbiy texnika joylashtirish imkonini beradi. Shuningdek, amerikaliklar Daniya harbiy-havo kuchlarining uchta bazalariga – Karup, Alburg va Skridstrupdan foydalanish imkoniga ega bo‘ladi. Rasmussen bu nafaqat Daniya, balki Yevropa va transatlantika xavfsizligini ham mustahkamlashiga ishonch bildirdi.
Vashington va Kopenhagen o‘rtasidagi shartnoma Farer orollari va Grenlandiyaga taalluqli emas, ular asosan o‘zini o‘zi boshqaradigan hududlardir.
AQSHning Yevropadagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash
«Urush, mojaro va ishonchsizlik davrida AQSHning Yevropadagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash muhim. Daniya va Yevropa mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak hamda biz bu kelishuvni tuzish orqali shunday qilyapmiz», - deya ta’kidladi Lars Lyokke Rasmussen. Entoni Blinken, o‘z navbatida, Daniya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi «strategik muvaffaqiyatsizlik» bo‘lishini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarda yetakchi rol o‘ynashini ta’kidladi.
Bitim har ikki davlat qonun chiqaruvchi organlari tomonidan ma’qullangandan keyingina kuchga kiradi. Daniya bunga erishish uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritishi kerak bo‘ladi. Bu boradagi ishlar kelgusi yilda boshlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!