16:16 / 26.12.2023
692

1 yanvardan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida nimalar o‘zgaradi?

1 yanvardan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida nimalar o‘zgaradi?

2024 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston qonunchiligida ro‘y beradigan ayrim o‘zgarishlarni eslatib o‘tamiz.

Bolalar uchun to‘yintirilgan non

2024 yil 1 yanvardan boshlab davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilariga oqsil, vitamin va minerallar bilan boyitilgan sut, yod bilan to‘yintirilgan non mahsulotlari berilishi yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezidentning 2023 yil 11 sentyabrdagi tegishli qarorida keltirib o‘tilgan.

Hujjatga ko‘ra, kelgusi yil boshidan Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir va Xonqa tumanlarida eksperiment tariqasida barcha boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ta’lim planshetlari bilan ta’minlanadi, mazkur tajriba keyinchalik respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Qarorda 1 yanvardan onkogematologik kasalliklarga chalingan bolalar uchun Bolalar gematologiyasi, onkologiyasi va klinik immunologiyasi markazi hamda Bolalar milliy tibbiyot markazida gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi amaliyoti joriy etilishi, virusli gepatitning «S» turi bilan kasallangan bemorlarni hamda gemotopoetik suyak ko‘migi o‘zak hujayralari transplantatsiyasi muolajasiga muhtoj onkologik kasalliklarga chalingan bolalarni to‘liq davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davolash yo‘lga qo‘yilishi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, mazkur qaror bilan 2024 yil 1 yanvardan boshlab og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi, shuningdek, bosqichma-bosqich barcha shahar va tumanlarda «Mahalla budjeti» tizimi joriy etiladi.

Pensiyaga chiqishda qulaylik

Prezidentning 2023 yil 31 oktyabrdagi «Aholiga pensiya tayinlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan 2024 yil 1 yanvardan boshlab fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash uchun amaldagi tartibga qo‘shimcha ravishda ularning xohishiga ko‘ra Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham murojaat qilish huquqi berilmoqda.

Fuqarolarga davlat pensiyalari tayinlanganidan so‘ng ularning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki AT «Xalq banki»ning mobil ilovasi orqali olish imkoniyati yaratiladi. Bunda, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlaridagi mablag‘larni olish huquqini beruvchi sertifikat berish tartibi bekor qilinadi.

Allergik bemorlarga bepul dori

Prezidentning tegishli qaroriga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan allergik va immunologik kasalliklarni erta aniqlash hamda ularning oldini olish maqsadida allergik va immunologik kasalliklarga chalingan «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»da bo‘lgan bemorlarni ingalyatsion glyukokortikosteroid dori vositalari bilan bepul ta’minlash tizimi joriy etiladi.

Qaror bilan Sog‘liqni saqlash vazirligiga 2024 yildan boshlab allergik kasalliklar (shu jumladan mavsumiy allergiya) ko‘rsatkichlari yuqori hududlarda yiliga kamida bir marta ommaviy va selektiv skrining tekshiruvlarini o‘tkazish, aniqlangan allergik va ikkilamchi immunitet tanqisligi kasalliklari mavjud bemorlarning allergologlar tomonidan tizimli kuzatuvi va individual sog‘lomlashtirish ishlarini tashkillashtirish, hududlarda allergologiya va klinik immunologiya yo‘nalishida yuqori texnologik tashxislash va davolash amaliyotlari turlarini bosqichma-bosqich 10 turdan 20 turgacha oshirish choralarini ko‘rish topshirilgan.

Shuningdek, mazkur hujjatda 2024 yil 1 yanvardan Respublika ilmiy-ixtisoslashtirilgan allergologiya markazini 140 o‘rin fondidan iborat bo‘lgan Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi etib qayta tashkil qilish nazarda tutilgan.

Maktab direktorlari uchun sertifikatsiya

Prezidentning 2023 yil 26 maydagi tegishli farmoni bilan 2024 yil 1 yanvardan davlat maktabgacha, umumiy o‘rta va maktabdan tashqari ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlariga malaka toifasini berishning yangi tartibi joriy qilinadi.

Bunda:

  • malaka toifasini olish bo‘yicha sinovlar bir yilda kamida bir marotaba ikki bosqichda o‘tkaziladi hamda birinchi bosqichda talabgorning mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha bilim darajasi, ikkinchi bosqichda –– pedagogik mahorati baholanadi;
  • malaka toifasi berishning yangi tartibi joriy qilinguniga qadar malaka toifasini olish bo‘yicha sinovlarni o‘tkazishga moratoriy joriy etiladi;
  • moratoriy davomida pedagog kadrlar navbatdagi malaka toifasini olish sinovlariga jalb etilmaydi hamda ularning malaka toifasini tasdiqlovchi sertifikatning amal qilish muddati navbatdagi sinovlarga jalb qilinguniga qadar avtomatik ravishda uzaytiriladi.

Shuningdek, kelgusi yil boshidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining pedagogik kasblariga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan talabgorlarni kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etiladi. Bunda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab pedagogik kasblarga birinchi marta ishga qabul qilinadigan oliy ma’lumotli talabgorlar stajor-o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritadi va ular ishga qabul qilingan vaqtdan boshlab bir yil muddat davomida kasbiy sertifikatga ega bo‘lishi talab etiladi hamda stajor-o‘qituvchilarga ular kasbiy sertifikat olguniga qadar oliy ma’lumotli (toifasiz) o‘qituvchining bazaviy tarif stavkasi qo‘llanadi.

Hujjatda 1 yanvardan boshlab umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorlarini har besh yilda bir marotaba kasbiy sertifikatsiyalash tizimini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Sertifikatsiyadan o‘ta olmagan direktorlar belgilangan tartibda lavozimidan ozod qilinadi.

Boshqa o‘zgarishlar

2024 yil 1 yanvardan boshlab:

  • vaqtincha mehnatga layoqatsizlik varaqalari va boshqa tibbiy ma’lumotnomalarni qog‘oz shaklda talab qilish taqiqlanadi;
  • ko‘p kvartirali uylardagi ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni tasdiqlash notariuslar tomonidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining axborot tizimi orqali tegishli mulkdorning majburiy badallar yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi mavjud emasligi tekshirilgandan keyin amalga oshiriladi;
  • davlat xizmatlari markazlari va ularning filiallarida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatishga ixtisoslashgan «Ijtimoiy xizmat darchalari» faoliyati to‘liq tashkil etilishini ta’minlanadi;
  • yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechib, ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tiladi;
  • I guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga yoki 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolaga, shuningdek, davolash muassasasining xulosasiga ko‘ra o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan 80 yoshga to‘lgan qariyalarga qarab turishning haqiqiy holatlari ijtimoiy xodimlar tomonidan bir yilda bir marotaba o‘rganiladi va o‘rganish ma’lumotlari «Yagona milliy ijtimoiy himoya» axborot tizimi orqali yuritib boriladi. Bunda «Ijtimoiy himoya» ATdagi qarab turishning haqiqiy holatlari to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlar qarab turgan shaxsga pensiya tayinlashda ish stajiga kiritish uchun asos hisoblanadi;
  • tramvay hamda trolleybusda yo‘lovchi tashish uchun yo‘lkira haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi joriy etiladi;
  • O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi mutaxassislari nazorati ostida tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor xorijiy g‘o‘za navlari va duragaylarini olib kirish hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari tasarrufidagi paxta ekiladigan maydonlarning 10 foizigacha joylashtirishga, istisno tariqasida, ruxsat beriladi;
  • aholi punktlarida barcha yangi qurilayotgan ikki va undan ortiq polosali avtomobil yo‘llarida piyodalar o‘tish yo‘laklarini svetoforlar bilan to‘liq jihozlash majburiy etib belgilanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat