Videodan kadr
Asosan maishiy texnikalarni xorijiy davlatlardan olib kirishga joriy etilayotgan bojlar va turli cheklovlar mavzusida uyushtirilgan podkast mehmoni bo‘lgan Jahongir Ortiqxo‘jayev suhbat davomida jurnalistlarni oldindan til biriktirib mag‘zava ag‘darishda aybladi va ularni “uyushgan jinoiy jurnalistika” (ruscha OPJ — organizovannaya prestupnaya jurnalistika) deb atadi.
Hokimlik davriga oid mavzularga tegilmasligi sharti bilan “Lolazor” loyihasiga tashrif buyurgan sobiq hokim barcha media vakillarining obunachilari soni 1,5 millionga ham yetmasligini ta’kidlab, bloger va jurnalistlarning bildirayotgan fikrlari butun xalqning nuqtayi nazarini anglatmasligini aytib, bu fikriga argument sifatida shou biznes vakillari orasida obunachisi 5 milliondan ortiq bo‘lganlari borligini keltirdi.
Bu bilan u jurnalistika va shou biznesni farqlay olmasligini ko‘rsatib qo‘ydi.
Podkast boshlovchisi Xushnudbek Xudoyberdiyev u tanqidlarni ko‘ngliga yaqin olishini aytib, katta ehtimol bilan bu tanqidlar ortida kimdir turibdi deb o‘ylashini taxmin qildi va “Hokimlik davrida tanqidlarga immunitetingiz pastroq bo‘lib qoldimi?” deya savol berdi.
“Yo‘q, agar menda immunitet bo‘lmaganida o‘lib qolgan bo‘lardim. Buncha tanqidlarni uncha-muncha odam ko‘tarolmaydi.
Mana shu yerda o‘tirganlarning barchasining obunachilari hisoblansa 1 millionga bormaydi. Lekin anavi yerdagi aktrisa yoki boshqasiniki 5 million. Sizlar jami 1 millionlik ovozlaring bilan hamma narsani hal qilib tashlayotgandek, jamoatchilik nuqul sizlarning orqalaringdan ergashayotgandek tuyuladi. 30 yoshli yosh avlod vakilidan “Xushnudni taniysanmi?” deb so‘rasang, “qaysi Xushnud?” deydi. “Munisani taniysizmi?” yoki “Hamdam Sobirovni taniysizmi?” desang, “Ha” deydi. “Otabek Bakirovni taniysizmi?” desang, “Yo‘q, nima qilaman ularni”, deydi. “Sen jamoatchilikmasmisan?” deb so‘raysan. “Yo‘q, men jamoatchilik a’zosiman, lekin ular bilan nima ishim bor?” deydi”, deya fikrini bildirgan Ortiqxo‘jayev.
Uning fikricha, “bor-yo‘g‘i jami 1,5 million obunchaga ega blogerlar 5-6 yoki 10 kishilashib yig‘ilib, yorib yuborayotgandek, butun jamoatchilik ularning ortida turgandek, fikrlari to‘g‘ridek, jamoatchilik nomidan gapirmoqda”.
“Agar Magic City sizning 10 nafar obunachingizga yoqmayotgan bo‘lsa, butun O‘zbekistonga yoqmayotgandek qilib ko‘rsatasizlar. Lekin o‘sha yerda hozir bo‘lib turgan odamlarning obunachilari hisoblansa 50 million chiqar?” — dedi u.
Sobiq hokim so‘nggi paytlarda ayrim blogerlarning “oyog‘i yerdan uzilgani, ular hamma narsa hal qilib tashlay olaman deb o‘ylayotgani” haqida gapirgan.
“Sal pastroqqa tushinglar. Faqat siz jamiyat emassiz. Jamoatchilik sizlardan iborat emas. Bitta likkillaganroq qiz sizlardan ko‘proq o‘zini tanityapti. Siz birovni bilmasdan turib u haqida axborot tarqatib obunachi yig‘yapsiz, u esa o‘zini yarim-yalang‘och qilib ko‘rsatib. Kimning gunohi ko‘proq, men bilmayman. <…> Informatsiya to‘liq bo‘lishi uchun har ikki tomondan ma’lumot olish kerak. Siz jamoatchilik fikrini ma’lum miqdorgacha o‘zgartirishingiz mumkin, lekin bu butun O‘zbekiston degani emas. Biroz pastga tushish kerak”, — dedi u.
Uzoq muddatga ijaraga yoki foydalanishga berilgan davlat obyektlari qabul qilib olingan tashkilotning muassislari o‘zgartirilishida davlat ruxsatini joriy etish to‘g‘risidagi savol muhokama qilinishi asnosida Ortiqxo‘jayev “davlat nazoratsiz emasligi”ni urg‘ulab, yana jurnalist va blogerlarga “tashlagan”.
“Sizning tasavvuringizcha, davlatda nazorat yo‘q, hech kim ishlamaydi, kim nima qilayotganini bilmaydi. Hech xavotir olmang: bizning bu yerda o‘tirganimizni ham biladi davlat. Kim bilan gaplashayotganimizni ham biladi. Davlatimiz kuchli, birorta [qonun buzilishi] uchun jazo muqarrar.
“Ey, sizlar eshitinglar, o‘zi gap boshqa yoqda”, deyishga ham ulgurmaydi odam. Sizlarning anaqanglar bor... OPG deyiladiyu, uyushgan jinoiy guruhmidi, shunga o‘xshab OPJ deyman, ya’ni uyushgan jinoiy jurnalistika. Bitta holatni aytib beray. 16:47 da kanallardan birida post chiqadi. Uni qayta terib chiqish uchun kamida 3,5 daqiqa vaqt kerak. Rosa harakat qilganman. 16:47 daqiqaning 37-soniyasida o‘sha post paqqillatib hammalaringda chiqadi. Bu tasodifmi?” – deya savol qo‘yadi u.
Ortiqxo‘jayev har bir professional jurnalistning o‘z xati bo‘lishi kerakligi, bundan unga olib qayta chop etish – tarbiyasizlik va o‘zining gapi, fikri yo‘qligidan ekanini ta’kidlagan (lekin katta ehtimol bilan u nazarda tutgan bir xil shakldagi matnlar reklama matnlari bo‘lgan).
Ortiqxo‘jayev suhbat davomida mahalliy jurnalistlar o‘z ijodiy mahsulotlarini chet elga eksport qila olmasligi (ya’ni, O‘zbekistonga daromad keltirmasligi)ga ham urg‘u bergan.
Shu bilan birga, 2019 yilda ochilib yopilgan to‘g‘ri.uz saytiga aloqasi yo‘qligi, agar media bilan shug‘ullansa uniki “eng yaxshisi bo‘lishi”ni, hozirda OAVga egalik qilmasligini aytgan.
Zo‘rTV telekanali kimga tegishli ekani haqidagi savolga javoban esa, telekanalni ommaviy axborot vositasi deb hisoblamasligi (!), kanal uning jiyaniga tegishli ekani, ushbu telekanalning obunachilari barcha media vakillarinikidan ko‘proqligi, xalqaro telekanal hisoblanishi va kontentlari 10 millionlab ko‘rishlarga ega ekanini ta’kidlagan.
Qayd etib o‘tish kerakki, podkast mehmoni bo‘lgan Ortiqxo‘jayevning so‘zlari ijtimoiy tarmoqda turlicha rezonanslarni keltirib chiqardi. Ayrimlar Ortiqxo‘jayev o‘zini tanqid qilgan jurnalistlarni so‘zamolligi bilan “o‘chirib qo‘ygani”ni aytayotgan bo‘lsa, media olami vakillari tadbirkor o‘z gaplari bilan jurnalistlarning shaxsiyatiga tekkanini tanqid ostiga olishgan.
Podkast boshlovchilari oldindan kelishilgani sababli, va’dalariga vafo qilib, Ortiqxo‘jayevning hokimlik davri bo‘yicha savollar bermasdan, odob saqlashganini bildirishgan.
Qayd etish kerakki, bu Ortiqxo‘jayevning jurnalist va blogerlarni yoqtirmasligini ochiqchasiga ifodalaydigan ilk chiqishi emas.
2022 yil fevralida Yakkasaroy tumanidagi monumental san’at yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan kosmonavt Vladimir Jonibekov byusti atrofidagi granit plitalari ko‘chirib tashlanganini o‘rganishga borgan Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida “Men Gazeta.uz'dan ham, Kun.uz'dan ham ko‘ra, mahalliy aholi, shahrimiz xalqining hurmatini qadrlayman, ulug‘ ko‘raman. Kun.uz bugun bor, ertaga yo‘q. To‘g‘rimi? Sizlar bitta MCHJmi? Bir kunda 3 ming MCHJ yopilib, 3 mingtasi ochilyapti. Lekin millat mana shu yerda yashaydi”, – degandi Ortiqxo‘jayev.
2019 yil avgust oyida tor doiradagi uchrashuvda ham jurnalistlarga ochiqchasiga tahdid qilib, “menga sizlarni gey deb e’lon qilish qiyinmi? Bu juda oson. Men olti soniya ichida sizlarni ichida gey o‘tirgan taksiga o‘tqazaman, bo‘ldi! Sizlarni fotosuratga olishadi va gey deb e’lon qilishadi. Texnologiya! Lekin men bunday ifloslik qilmayman. Ota-onam meni bunga o‘rgatmagan. Men buni qila olaman. Olti sekundda. Tashkillashtira olaman. Lekin men unday odam emasman. Tushuntira oldimmi?!” degan edi.
Eslatib o‘tamiz, Jahongir Ortiqxo‘jayev 2023 yil yanvarida, Toshkentdagi misli ko‘rilmagan energetika inqirozi fonida shahar hokimi lavozimidan olingan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev bu qarorini Ortiqxo‘jayevning “oyog‘i yerdan uzilgani” bilan izohlagandi.
“Qish mavsumiga lozim tayyorgarlik qilmagani uchun Toshkent shahri hokimi Ortiqxo‘jayevni kechasi shtabda ishdan oldim. Quruq gap bilan, yolg‘on “svodka” bilan pastga tushmagani uchun, noinsof, oyog‘i yerdan uzilgani uchun uni ishdan oldim”, – degandi davlat rahbari. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Markaziy bank: qoʻngʻiroqqa javob berish bilan kartadagi pullar avtomatik echib olinmaydi
Qidiruvdagi avtomashinaning Navoiy shahrida harakatlanganligi aniqlandi
Koʻproq pensiya olish uchun nima qilish kerak?
UzAuto Motors kompaniyasiga vaqtinchalik rahbar tayinlandi
Oʻzbekistonga import qilinishi taqiqlangan xavfli mahsulotlar
“Mutlaqo maxfiy”: Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd boʻyia jinoyat ishi sudda koʻrilmoqda
FVB boshligʻi 160 ming AQSh dollari olayotganda qoʻlga olindi
Samarqand viloyati IIB tezkor xodimi 10 ming dollar pora olayotganda ushlandi