date
views 86

Har qanday holatda ham bola ta’minotsiz qolmaydi

Har qanday holatda ham bola ta’minotsiz qolmaydi
Majburiy ijro byurosining Ohangaron tuman bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 07.03.2022 yildagi PF-87-son “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va Vazirlar Mahkamasining 03.08.2022 yildagi 427-sonli “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash borasida muayyan ishlar olib borilmoqda.

Mazkur qaror bilan Majburiy ijro byurosida “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi” tashkil etilgan bo‘lib, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan qarzdor jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda, aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplab berishga yo‘naltirilishi belgilangan.

Otalik mas’uliyatini unutib, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan otalar jinoiy javobgarlikka tortilib, aliment to‘lovidan bo‘lgan qarzdorlik ushbu jamg‘arma hisobidan qoplab berilmoqda.

Misol uchun, fuqarolik ishlari bo‘yicha Ohangaron tumanlararo sudining 06.11.2018 yildagi ijro hujjatiga asosan qarzdor B.Gulamovdan undiruvchi M.Gulamova foydasiga aliment undirish belgilangan.

Qarzdor belgilangan aliment to‘lovini to‘lamaganligi uchun ma’muriy jazoga tortilishiga qaramasdan o‘ziga to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, aliment to‘lovini to‘lashdan bo‘yin tovlab kelganligi sababli, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron tuman sudining hukmiga asosan qarzdor jinoiy jazoga tortilib, jinoyat natijasida yetkazilgan zararni undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjatiga asosan B.Gulamov tomonidan jinoyat natijasida yetkazilgan 48,4 mln. so‘m miqdordagi zarar “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi” hisobidan qoplandi va undiruvchi nomiga ochilgan bank plastik kartasiga o‘tkazilishi ta’minlandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Har qanday holatda ham bola ta’minotsiz qolmaydi