180
Sudya iqrori: “Nikohni bekor qilish ishi odamni bezdiradi, ammo hayotning haqiqatlari oldida jimman”
Foto: Kun.uz
Keyingi paytlarda sudlarda ayollar xiyonati, erkaklar zo‘ravonligi videoyozuvlar bilan isbotlanayotgani ayanchli. Bu kabi holatlar notinch oilani yarashtirishga bo‘lgan so‘nggi umidlarni ham yo‘qqa chiqarmoqda. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudi sudyasi Dilyara Aminova maqolasida shular haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Yillar davomida sud huquq tizimida ishlab keldim: avvaliga adliya tizimida, keyin FHDYO mudirasi, notarius sifatida, bugun esa Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudi sudyasiman. Kasbimni ardoqlayman, ammo oilalarni ajratish bo‘yicha ish ko‘rishdan azobi yo‘q.
Afsuski, ajrashishga juda tez qaror chiqarayotganlar orasida yoshlar, hatto yoshi bir joyga borib qolgan oila vakillari ham yo‘q emas. Ba’zan nikohi bekor bo‘layotgan oilalarda o‘zimni ham aybdordek his qila boshlayman. Imkon qadar ularni yarashtirishga harakat qilsam-da, ayrim paytlarda ayovsiz kaltaklangan ona, uydagi janjallardan yuragi bezigan go‘daklarning qaltirashidan oilani saqlab qolishning iloji yo‘qligini tushunaman.
Yaqinda bir nikohni bekor qilish ishini ko‘rib chiqdim. Sudda 9, 4 va 2 yoshli bolalarni ko‘rgan odamning yuragi pora bo‘ladi. Tomonlarning aytishicha, 10 yillik nikoh jarayonida tug‘ilgan farzandlarning otaga keragi yo‘q emish. Chindan, ikki o‘g‘il va bir qizning taqdiri otani umuman o‘ylantirmadi ham. Bezlarcha afti-angor, sud jarayonidagi savollarga berilgan o‘ylovsiz javoblar, bema’no ko‘zlar, keraksiz “xurjun”idan qutulish istagidagi qarash... Xullas, ota aliment to‘lashga ham rozi.
10 yillik turmushga sadoqati bo‘lmagan erkakning xushtori sabab molu-mulki ham ko‘ziga ko‘rinmadi, faqat ajrashsa bo‘ldi. Ayol esa ajrashishga rozi bo‘lmasligini, xiyonatkor erining jazmani bilan qayta nikoh qura olmasligi uchun alamini olishini, biroq birga yashamasa ham bolalariga aliment undirishni talab qildi. Ayni kunda uch go‘dak uchun aliment undiruvi tayinlandi.
Bu oila mojarosi xuddi janjalli seriallardek ko‘rindi ko‘zimga: er ajrashish talab qilishdan qolmaydi, ayol esa norozi. Qonunchilikda tomonlarning biri nikohini buzishini istamasa, oilaning ajrashishiga rozilik berilmaydi.
Erkak xiyonati tufayli ajrim yoqasidagi oilalarni mahalla-ko‘y, yoshi ulug‘ keksalar nasihati bilan qaytarishga erishilyapti ba’zida. Biroq keyingi paytlarda sudlarda ayollar xiyonati videoyozuvlar bilan isbotlanayotgani ayanchli.
Shunday sud majlisi Qiziltepa tumanida yashovchi fuqarolar bilan sodir bo‘ldi. “Oila qurish osonmas, kelin bir adashibdi, kechiring bolam”, degan mahalla oqsoqoliga erkak “...siz o‘zingiz xiyonatkor ayol bilan yasharmidingiz?” deya savol berdi. Uning bu gapidan sud majlisida og‘ir sukunat paydo bo‘ldi. Bir nafar farzandi tarbiyasini ona roziligi bilan o‘ziga qoldirgan ota xiyonatni kechirmadi. Ayol esa oilasidan, farzandidan voz kechib, chet elga ketdi.
Navoiy shahridagi bir oilani ham zo‘ravon er tufayli asrab qolishning imkoni bo‘lmadi. Er ichkilikka ruju qo‘ygan. Ruhiy azobdagi ayol o‘ziga suiqasd qilishi mumkinligini shifokorlar yordamida aniqlashga muvaffaq bo‘ldik. Go‘daklar onasiz qolishining oldini olish maqsadida nikoh bekor qilindi. Afsuski, bu kabi nikohlarni bekor qilish holatlari sudyalarni, jumladan meni ham bezdiradi, ammo hayotning beshafqat haqiqatlari oldida jimman.
Navoiy viloyatida 2024 yilning birinchi choragida 312 ta oilaning nikohi buzildi. Mazkur raqamni shunchaki aytish mumkin, ammo bu yuzlab bolalar ota yoki ona mehridan, tarbiyasidan yiroq, ko‘ngli o‘ksib ulg‘ayadi degani”, deya hikoyasini yakunlaydi Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlararo sudi sudyasi Dilyara Aminova. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi