19:43 / 21.05.2024
179

O‘zbekiston fuqarolari uchun bu yilgi haj kvotasi ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston fuqarolari uchun bu yilgi haj kvotasi ma’lum bo‘ldi
O‘zbekiston fuqarolari uchun umumiy haj kvotasi 15 000 nafar etib belgilandi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati rahbari Ilhom Ma’rupov ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, “Haj-2024” mavsumiga puxta tayyorgarlik ishlarini amalga oshirish maqsadida dastlabki ishchi guruh Saudiya Arabistoniga yetib borib, ayni paytda Makka va Madina shaharlaridagi mehmonxonalarda, shuningdek, Mino, Arafot, Muzdalifa manzillarida bo‘lib, yurtdoshlar uchun barcha sharoitlarni hozirlash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Shuningdek, o‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun ajratilgan mehmonxonalar shay holatga keltirilgan hamda yurtdoshlarni kutib olish bo‘yicha barcha zaruriy ishlar amalga oshirildi.

Joriy yilning 23 maydan 7 iyun kuniga qadar respublikaning 10 ta hududiy xalqaro aeroporti: Toshkent, Namangan, Farg‘ona, Qarshi, Termiz, Samarqand, Buxoro, Navoiy, Urganch, Nukus shaharlari orqali hojilarni Madina shahriga yuborish hamda 22 iyundan 12 iyulga qadar Jidda shahridan O‘zbekistonga olib kelish ishlari amalga oshiriladi.

Ma’lumot uchun: ziyoratchilar Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” mehmonxonasida, Makka shahrida esa “Abraj al-Dana”, “Al-Ayam Elite”, “Dali Hotel”, “Najma Al-Saad”, “Open Hotel”, “Shuyeaye Nozha Hotel”, “Ayed Al-Saha” mehmonxonalarida yashaydi.

Haj mavsumida o‘zbekistonlik ziyoratchilarga xizmat ko‘rsatish, ibodatlarni emin-erkin hamda to‘la-to‘kis amalga oshirishlari uchun yuqori malakali ishchi guruh, shifokorlar, oshpazlar va guruh rahbarlari jalb etiladi.

Saudiya Arabistoni Podshohligi tomonidan belgilangan tartibga muvofiq haj amallarini bajarish uchun ziyoratchida “Haj-2024” vizasi bo‘lishi shart. Saudiya Arabistoni hukumati qolgan barcha turdagi vizalar — umra, turizm, biznes, ziyorat va boshqalar bilan haj tadbirini amalga oshirishga qat’iy yo‘l qo‘ymaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi haj mavsumi 2024 yil 23 maydan boshlanishini e’lon qildi. Respublikadan Saudiya Arabistoniga shu yil 7 iyunga qadar har kuni aviaqatnovlar amalga oshiriladi.

Mamlakatning 10 ta hududiy aeroportidan to‘g‘ridan to‘g‘ri Toshkent—Madina, Buxoro—Madina, Namangan—Madina, Farg‘ona—Madina, Samarqand—Madina, Qarshi—Madina, Termiz—Madina, Urganch—Madina, Nukus—Madina va Navoiy—Madina aviareyslari orqali ziyoratchilar haj safariga kuzatiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston fuqarolari uchun bu yilgi haj kvotasi ma’lum bo‘ldi