18:28 / 27.05.2024
628

Qo‘shmachilik bilan shug‘ullanib qamalgan mahkumaning nadomatlari: “18 yoshimda ozodlikdan mahrum etildim”

Qo‘shmachilik bilan shug‘ullanib qamalgan mahkumaning nadomatlari: “18 yoshimda ozodlikdan mahrum etildim”
“Nadomat” loyihasining navbatdagi suhbatdoshi ayni damda 21-sonli ayollar koloniyasida jazo muddatini o‘tamoqda. U jinoyatga qo‘l urganligi sabab 18 yoshida ozodlikdan mahrum etildi. Eng achinarlisi, undan bir necha oy avval onasiga ham Jinoyat kodeksining 131-moddasi bilan sud hukmi o‘qilgandi.

Mahkuma Feruzabonu Dehqonova 19 yoshda. U Jinoyat kodeksining 131-moddasi bilan aybdor deb topilib, 5 yilu 3 oyga ozodlikdan mahrum etilgan. 2023 yilning 23 noyabr kuni uning qo‘shmachilik bilan shug‘ullangani aniqlangan va tegishli tartibda qo‘lga olingan.

“Onam qamalgach, stressga tushib qoldim”

Men bilan singlimning orasida 8 yosh farq bor. Bolalikdan erka o‘sganman. Ota-onam aytganimni muhayyo qilishardi. Ota-onam bolalikda ajrashib ketishgan, men onam bilan, ukam va singlim esa dadam bilan yashardi. Beshinchi sinfdan sartaroshlik hunarini egallab, go‘zallik salonida ishlardim. Aybim yosh qizlar bilan tanishib, yaqinlarimning gapiga quloq solmaganim bo‘ldi. Onamga men qamalishimdan uch oy avval 131-modda bilan sud hukmi o‘qilgandi. Ya’ni onam ham qo‘shmachilik asosida ozodlikdan mahrum etilgan. Onamga suyanib qolganim uchun uning qamalishini og‘ir qabul qilganman. Stressga tushib, hech kim bilan gaplashmay qo‘ydim. Otam bir necha marta kelib, o‘zi bilan olib ketmoqchi bo‘ldi. Ammo istamadim. Fikri hayolim faqat pul topib, advokat yollashim, onamga “dachka” yetkazib berishda edi. Advokatlarni yollash arzon turmaydi, buni boshiga ish tushganlar juda yaxshi bilishadi.

Bilib-bilmay shu jinoyatni sodir etdim. U paytda men 18 yoshda edim, 19 yoshni qamoqxonada qarshiladim. Yosh umrimni hazon qilib, o‘zimdan ham ko‘ra ko‘proq oila a’zolarimga javob qilganimdan afsuslanaman. Shu xatoga yo‘l qo‘yganimni tan olaman. Menga ham sud hukmi o‘qilganidan keyin ko‘proq onam qiynaldi. Baribir farzandman, menga hammadan ko‘proq ota-onam achinadi
, — deydi mahkuma.

“200 AQSH dollariga kelishdik”

Bir tanishim bor edi. U bilan avval tortishib qolganim uchun munosabatlarimiz yomonlashgandi. 2023 yilning noyabr oyida yonimga keldi, “Opa, opa” degani uchun uni kechirdim. Tabiatan ichimda gina saqlamayman, kechirib yuboraman. Oldimda o‘tirganida unga telefon qilishdi. “Bu tanishlarim, iltimos telefonda gaplashib bering”, dedi. Uning telefonini olib bir erkak bilan gaplashdim, singlim pulini ham kelishing dedi. Erkak tug‘ilgan kunga ikkita qiz kerakligini aytdi va u bilan 200 AQSH dollariga kelishdik. Kechki payt menga pul olib keldi, ammo men uni qo‘limga olganim yo‘q. Telefonda gaplashayotganim uchun u qiz pullarni olib, ichkaridagi qizlarga olib kirib bergan. Shu orada eshik taqilladi va xodimlar kelib, tadbirda qo‘lga olinganimizni aytishdi. Gaplashib berganim va fohishalikka yollangan qizlarning biri voyaga yetmagani uchun meni aybdor deb topishdi. Ammo u qizlarning birinchi marta bu ish bilan shug‘ullanishi emasdi. Bunga sinfdosh do‘stlari ham guvohlik berishdi, — deydi mahkuma.

“Kelajakka bo‘lgan ishonchim qolmadi”

Hayotga bo‘lgan intilishim, kelajakka bo‘lgan ishonchim qolmadi. Yosh umrini panjara ortida o‘tkazish juda qiyin ekan. Onam qamalmasidan avval institutga kirishga tayyorlanayotgandim. Hozir bu haqida o‘ylagim ham kelmaydi. 24 yoshimda ozodlikka chiqaman. Endi o‘qiy olmayman, turmushga chiqolmayman, kelajagimni barbod qildim deb ko‘p siqilaman. Eng yomoni, onam ikkimizning bir modda bilan ozodlikdan mahrum etilganimiz otam uchun og‘ir zarba bo‘ldi. Uning boshini egdik. Shunda ham otam mendan voz kechgani yo‘q. Tug‘ilgan kunimga ukam va singlimni olib kelib, tabrikladi. O‘zini hech nima bo‘lmagandek ko‘rsatishga harakat qilayapti. Ammo ko‘nglidan nimalar o‘tayotganini yaxshi bilaman. Tilagim hech bir inson jinoyatga qo‘l urmasin. Ayniqsa, ayollar bir ishni qilishdan avval uzoq o‘ylashi kerak ekan. Chunki qizlar va ayollarning ozodlikdan mahrum etilishi oilasi uchun og‘ir isnod, — deydi mahkuma.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qo‘shmachilik bilan shug‘ullanib qamalgan mahkumaning nadomatlari: “18 yoshimda ozodlikdan mahrum etildim”