19:00 / 06.06.2024
63

Bolalar yozuvchisi: “Bolalar uchun telefonning xavfi mashina urib ketishidan kam emas”

Bolalar yozuvchisi: “Bolalar uchun telefonning xavfi mashina urib ketishidan kam emas”
Maktabgacha yoshdagi bolalarni kitobga qiziqtirish bo‘yicha mutaxassis, bolalar yozuvchisi Dinara Mo‘minova Kun.uz bilan suhbatda bolalar adabiyoti qanday bo‘lishi kerakligi, bolalarga qanday kitoblar taklif qilish lozimligi, ularni ekranga emas, kitoblarga qiziqtirish usullari haqida gapirib berdi.

Kitob bolaga ko‘rsatadigan ta’sirini boshqa hech bir faoliyat berolmaydi. Bola kitob o‘qiyotganda kitobni ushlash, vizual tasvirni ko‘rish orqali, so‘ng o‘qigan narsasini tasavvur qilish orqali miyasi rivojlanadi. Bunday jarayon u video ko‘rganda sodir bo‘lmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlardagi videolar sun’iy tarzda, kadrlar tez almashishi orqali bolaning diqqatini bir joyda ushlab turadi. Kitobda esa bola tabiiy tarzda diqqatini jamlaydi
”, deya tushuntirdi Dinara Mo‘minova.

Uning aytishicha, kitob o‘qigan bolalar ma’lumotlar to‘g‘ri-noto‘g‘riligini tekshirishni o‘rganadi. Sababi hozirgi kunda bolalar barcha savollariga istalgan vaqti internet orqali javob ololadi. Lekin ularni filtrlay olish uchun bolalar kitob o‘qishlari kerak.

Ba’zi ota-onalar bolasi bilan kitob o‘qishga alohida vaqt sarflamaydi. Ular farzandi katta bo‘lsa kitob o‘qib olishadi, deb hisoblashining sababi o‘qimaydigan bolalar ham kitob o‘qishi mumkinligini bilishmaydi. Hatto chaqaloqlar ham kitobga qiziqishi mumkinligi ko‘pchilikka notanish.

Afrikadagi qabilalardan birida odamlarni kitobga qiziqtirish uchun ota-onalarga kitob berib ularga bolalari bilan o‘qishni taklif qilishadi. Shunda umuman kitob o‘qimagan odamlar ham kitobga qiziqib, uni bolalariga o‘qib berishga harakat qila boshlashadi. Ko‘rinib turibdiki, istalgan odamni kitobxonlikka qiziqtirish mumkin. Agar ota-onalar 2 yoshli bola ham kitob o‘qishi mumkinligini, ularning sevimli qahramonlari bo‘lishi mumkinligini bilganlarida farzandlarini kitobga qiziqtirishga befarq bo‘lishmasdi.

Bolaga yoshiga mos kitob berish kerak

Dinara Mo‘minovaning ta’kidlashicha, bolalarga o‘zining yoshiga mos kitob berish uni kitobxon qilishda juda muhim. 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qalin, zich qog‘ozli kitoblar taklif qilish kerak.

2 yoshdan keyin 5-6 yoshgacha bo‘lgan bolalar rasmli kitoblar o‘qiydi. Bolaga bu yoshda beriladigan kitoblar ushlashga qulay va hajmi kichik bo‘lishi kerak. Ular bir o‘tirganda bitta kitob o‘qib tugata olsa, o‘qishga qiziqishi yanada oshadi. Maktab davriga o‘tgach bolalarga matnli, lekin rasmlari ham bor kitoblar berish kerak. Bu yoshda ularning dunyo haqidagi savollari ko‘p bo‘ladi. Bolalar kitoblardan savollariga javob ololishi kerak.

Yuqori sinfga o‘tgan bolalarda esa ijtimoiy mavzular kabi jiddiy yo‘nalishlarda savollar paydo bo‘ladi. Bu borada Skandinaviya davlatlarining o‘smirlarga mos kitoblari yaxshi tanlov bo‘la oladi.

Yaqinda 5 yoshli bolaning Navoiy g‘azalini yodlay olmay yig‘lab turgan videosini ko‘rdim. Navoiy 5 yoshli bolaga qiziq emas, uning asarlari kattalarga ham qiyinlik qiladi. Bola Navoiy g‘azalini yodlagani bilan baribir tushunmaydi. Qaytaga bu uning kitobdan, matndan nafratlanishiga sabab bo‘lishi mumkin”, deydi bolalar yozuvchisi.

Ko‘pchilikni qanday qilib kitobga qiziqtirish mumkin?

Ëzuvchi ushbu savolga oid bir dastur haqida gapirib berdi.

AQSHda odamlarni kitobga qiziqtirish uchun “Reach out” dasturi ishlab chiqiladi. Unga ko‘ra, tug‘uruqxonada chaqaloqlarga beriladigan kiyim va o‘yinchoq sovg‘alar orasiga kitoblar qo‘shiladi.

Undan keyin ham har safar pediatr ko‘rigiga borilganda onalarga chaqalog‘iga nimalar o‘qib berishi mumkinligi, ayni hozirgi rivojlanish bosqichida u qanday kitoblarni o‘qishi mumkinligi haqida ma’lumotlar berib boriladi. Shu tariqa millionlab odamlarning kitobxon bo‘lishiga erishiladi
”, deya ma’lumot berdi Dinara Mo‘minova.

Bolalarni telefondan qanday ajratish mumkin?

Dinara Mo‘minovaning qayd etishicha, ota-onalar ekranga mixlanib qolish xavfi bolalar mashina serqatnov asfalt yo‘lda koptok o‘ynashi bilan bir xil xavfli ekanini bilishganda qat’iy tarzda ularga telefon bermagan bo‘lar edi. Telefon xavfi esa uzoq muddatdan keyin bilinadi.

Kichik yoshdagi bolalarni telefondan ajratish oson. Qurilmalarni bolalar ko‘zi tushmaydigan joyda saqlash, telefon so‘ragan payti boshqa narsalarga chalg‘itish orqali qisqa muddatda bolalarni telefondan uzoqlashtirish mumkin.

Bunday bolalarni kitobga qiziqtirish uchun esa uyda kitoblar bo‘lishi, ota-ona boshida shunchaki undagi rasmlarni tomosha qilib hayratlanganini ko‘rsatishi kerak. Bola kitobni ko‘rib uni o‘tirib o‘qishi kerakligini o‘ylab qo‘rqib ketmasligi uchun qiziqtirish bosqichma-bosqich olib borilishi kerak.

“Yomon” bolalar uchun ham kitoblar bo‘lishi kerak

Dinara Mo‘minovaning aytishicha, bolalar adabiyotida yozilgan asarlar bolalarning ehtiyojini inobatga olishi kerak, pand-nasihat yo‘nalishidan ko‘ra bolaga yordam beradigan yo‘nalishda bo‘lishi kerak:

Men tarbiyaga, nasihatga qarshi emasman. Lekin u kitobda kerak emas deyman: sababi bolani oldingizga turg‘izib qo‘yib, unga “Ko‘rdingmi, agar sen Qimmatga o‘xshab yomon bo‘lsang, seni ajdar yeb qo‘yadi”, deb tushuntirsak, u tushunib birdaniga yaxshi bo‘lib qolmaydi. O‘zi umuman katta odam ham “uni qilaman, buni qilaman”, degani bilan vaqtida amalga oshira olmaydi.

Shuning uchun matndagi quruq nasihat bolani yaxshi qilib qo‘ymaydi, aksincha, bola “Men yomon ekanman”, degan fikrda bo‘lib qolishi mumkin. U o‘zgarishi uchun kitob qanday qilib buni uddalashi mumkinligini qahramon harakatlari orqali ko‘rsatib berishi kerak.

Masalan, “Zumrad va Qimmat” ertagida Qimmat yomon bola bo‘lgani, kampirning uyida ish qilishni xohlamagani uchun jazolanadi. Lekin u yomon bo‘lishni o‘zi xohlamagan-ku. Bola o‘z-o‘zidan tug‘ilib yomon bo‘lib qolmaydi. U nimagadir muhtoj bo‘lsagina o‘zini yomon tutadi. Aslida, hamma bolaning orzusi – ota-onasining ko‘nglidagidek farzand bo‘lish.

Ana shu jihatdan kitob bola uchun instrument bo‘lishi kerak, u kitobni o‘qib o‘z muammosiga yechim topa olishi kerak.

Zilola G‘aybullayeva suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bolalar yozuvchisi: “Bolalar uchun telefonning xavfi mashina urib ketishidan kam emas”