22:56 / 06.06.2024
596

Jarqo‘rg‘onda profilaktika inspektorlari qamaldi. Ular qotilga yordam berishgan

Jarqo‘rg‘onda profilaktika inspektorlari qamaldi. Ular qotilga yordam berishgan
Foto: IIB axborot xizmati
Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida qotillarga yordamlashgan IIB profilaktik inspektorlari ozodlikdan mahrum etildi. Ularning himoyachilari tomonidan kiritilgan shikoyat 2024 yil 3 aprel kuni Surxondaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasida ko‘rib chiqilgan.

Sud hujjatida keltirilishicha, Jarqo‘rg‘on tumani IIB XPB profilaktika katta inspektori vazifasida ishlagan 31 yoshli A.X. hamda 30 yoshli X.X. jinoyatni qasddan yashirish uchun jinoyatga qo‘l urgan.

Ular 2023 yil 17 aprel kuni soat 14:30larda Jarqo‘rg‘on tumani, Yangiqishloq mahallasida yashovchi N.A.ning telefon orqali bergan xabariga ko‘ra uning yashash xonadoniga borgan. N.A. Termiz tumani Do‘stlik mahallasida yashovchi, oldindan nizolashib yuruvchi fuqaro K.U. bilan tortishib qolgani, unga urib tan jarohati yetkazganini ma’lum qilgan.

Profilaktika inspektorlari jabrlanuvchi K.U. kaltaklanish oqibatida tura olmaydigan darajada og‘ir ahvolda yotganini ko‘rgan. Ammo jinoyat izlari borligini ko‘rgan holda holat haqida tuman IIB navbatchilik qismiga xabar qilib, ro‘yxatga olish va tergovga qadar tekshirish choralarini boshlamagan. Aksincha, jinoyatni qasddan yashirib, K.U.ni tez tibbiy yordam xizmatiga olib bormasdan, xonadondagi xo‘jalik omborxonasiga joylashtirishgan. Profilaktika inspektori X.X. esa jarayonda mansab vakolatidan chetga chiqib, yerda yotgan K.U.ning duch kelgan joylariga urib tepgan. Shu tariqa ular mansabiga sovuqqonlik bilan qarash ortidan fuqaro o‘limiga sabab bo‘lishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Jarqo‘rg‘on tuman sudining 2023 yil 8 sentyabrdagi hukmiga ko‘ra (mazkur sud hukmi bilan marhumni kaltaklagan N.A. va M.A. ham sudlangan), A.X.ga 2,5 yil muddatga huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlash huquqidan mahrum etib, 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish, X.Xga esa 3 yil muddatga huquqni muhofaza qiluvchi organlarda ishlash huquqidan mahrum etib, 6,5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Surxondaryo viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023 yil 5 dekabrdagi ajrimi bilan sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Profilaktika inspektorlarining himoyachilari tomonidan sud ishni bir tomonlama ko‘rib chiqqani, yetarli dalil va isbotlarsiz jazo tayinlagani, hukmning ularga oid qismini bekor qilib, oqlov hukmi chiqarish haqida shikoyat kiritilgan. Shikoyatni ko‘rib chiqqan Surxondaryo viloyati sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati taftish instansiyasi dastlabki sud hukmini o‘zgarishsiz qoldirish haqida ajrim chiqargan.

Eslatib o‘tamiz, profilaktika inspektorlari qotillarga murdani yashirishda yordamlashgani haqida oldinroq Bosh prokuratura boshqarma boshlig‘i Baxtiyor Bobojonov o‘z maqolasida ma’lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jarqo‘rg‘onda profilaktika inspektorlari qamaldi. Ular qotilga yordam berishgan