17:48 / 25.07.2024
1 343

Chorsudagi tilla do‘konida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan o‘g‘irlik sodir etildi

Chorsudagi tilla do‘konida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan o‘g‘irlik sodir etildi
Do‘kon egasi navbatdagi kunlarning birida ishga keldi va hayratdan yoqa ushlab qoldi: do‘kon yerto‘lasining eshigi lang ochilgan holda yotar, seyfdagi katta miqdordagi tilla taqinchoqlar joyida yo‘q edi. Har qancha mustahkam qo‘riqlanmasin, o‘g‘ri professional tarzda ishlagan va 825 mln so‘mlik tilla taqinchoqlarni o‘g‘irlab ketgandi. Atrofga yig‘ilganlar bu ishni katta jinoiy guruh amalga oshirgan, degan taxminga bordi. Biroq...

Tundagi o‘g‘irlik

Shayxontohur tumanida joylashgan Chorsu bozoridagi tilla buyumlar do‘koni egasi sotuvdagi tilla taqinchoqlarni do‘kon yerto‘lasidagi seyfda saqlardi: har kuni ishdan ketishida qimmatbaho taqinchoqlarni yig‘ishtirib olar va yerto‘laga tushib, seyfga solar, ertalab kelganida esa yana seyfdan olib, do‘kondagi shisha rasta tagiga terib qo‘yardi.

2024 yilning 10 mart kuni. Har doimgi kabi ishga kelgan do‘kondor taqinchoqlarni olib chiqish maqsadida yerto‘laga tushdi va hayratdan yoqa ushlab qoldi: yerto‘la eshigi ochiq holatda turardi. Ko‘ngli bir noxushlikni sezgan sotuvchi shoshib ichkariga kirdi: yerto‘ladagi seyf ochilgan, undagi tilla taqinchoqlar esa o‘g‘irlab ketilgandi.

Holat yuzasidan darhol IIBga xabar berildi. Tezkor xodimlar voqea joyiga kelib, yerto‘lani ko‘zdan kechira boshladi.

Bu ishni katta jinoiy to‘da qilgani aniq. Qara, yerto‘la eshigining qulfi kesib ochilibdi, ishni ancha puxta qilishgan”, derdi voqea guvohi bo‘lganlar bir-biriga taxminini aytib.

Biroq ko‘p o‘tmay o‘g‘irlikni katta jinoiy to‘da emas, 25 yoshli qiz sodir etgani ma’lum bo‘ldi va u ushlanib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.

25 yoshli xavfli retsidivist qiz

Surishtiruv ishlari natijasida ushbu shov-shuvli o‘g‘irlikni 1999 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan M.S. sodir qilgani aniqlandi. Qiz tilla buyumlar do‘koni yerto‘lasining bir qismida ochilgan tikuvxonada tikuvchi bo‘lib ishlab yurardi.

Hali turmushga chiqmagan M.S. bungacha ham o‘g‘irlik jinoyatini sodir qilib, sudlangan hamda xavfli retsidivist deb topilgandi.

Jumladan, u 2019 yilda, ya’ni 20 yoshida jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahar sudining hukmi bilan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismining “a” bandida (o‘g‘irlik takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 3 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. 2020 yil avgust oyida sud ajrimi bilan M.S.ning o‘talmay qolgan 2 yil 1 oy jazosi ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

“Eshik qulfini “bolgarka”da kesib ochdim”

M.S. tilla buyumlar do‘koni yerto‘lasidagi tikuv sexida tikuvchi bo‘lib ishlagan. U sotuvchilar ish kuni tugaganidan so‘ng taqinchoqlarni yerto‘laning alohida xonasidagi seyfga solib ketishlarini ko‘rib yurgan. Tikuv sexida bir oy ishlagan qiz u yerdan ketib, Chilonzor tumanidagi “atele mod”da ish boshlagan. 2024 yil 9 mart kuni unda seyfdagi taqinchoqlarni o‘g‘irlash niyati paydo bo‘lgan.

O‘sha kuni soat 21:00larda do‘kon oldiga bordim. Menda tikuvchi bo‘lib ishlab yurgan vaqtimdan yerto‘laning kaliti saqlanib qolgan edi. Ushbu kalit bilan yerto‘laga tushdim. Barmoq izlarim qolmasligi uchun eshik tutqichini dastro‘mol bilan artib tashladim. So‘ngra yerto‘la chirog‘ini yoqdim.

Yerto‘laning o‘ng tomonida tilla buyumlar saqlanadigan alohida xona bor edi. Uning eshigidagi qulfni o‘zim bilan olib borgan “bolgarka” yordamida kesdim. Ichkarida yana bir panjarali eshik bor ekan. Uning qulfini esa “bolgarka” kaliti bilan buzib ochdim
”, degan suddagi ko‘rsatmasida M.S.

Qiz shu tariqa seyf turgan xonaga kirib borgan. Xonada 3-4 ta seyf bo‘lgan.

Xona to‘ridagi ikki eshikli seyf ochiq holatda turgan ekan. Uning tepa qismi bo‘sh, pastki qismida esa tilla taqinchoqlar solingan qutilar turgandi. Ushbu seyfdan taqinchoqlarni, jumladan, tilla uzuklar, ziraklar, bilakuzuklar, tilla zanjirlarni sumkamga solib, xonadan chiqib ketdim”, degan u.

M.S. taqinchoqlarning hammasini olib, uyiga ketgan. Yerto‘la eshigini esa ochiq qoldirgan.

“Seyfni qulflab ketgandim”

Jabrlanuvchi sotuvchi o‘z ko‘rsatmasida o‘sha kuni seyfni qulflab ketganini ta’kidlagan.

“2024 yil 9 mart kuni savdo qilib bo‘lib, soat 19:00larda do‘kondagi tilla buyumlarimni yig‘ishtirdim hamda yerto‘laga tushib, o‘zimga tegishli ikki qavatli seyfning birinchi qavatiga soldim. So‘ngra seyfni qulflab, uyga ketdim.

10 mart kuni ertalab soat 8:30larda do‘konga keldim. Tilla taqinchoqlarni olish uchun yerto‘laga tushsam, omborxona eshigi qulfi buzilib, xona ochiq holda turgan ekan. Seyf ham ochiq holatda edi, uning yonida tilla buyumlarimning qutilari, tilla zirak va uzuklarni joylaydigan moslamalar sochilib yotardi”, degan jabrlanuvchi.

Sotuvchi o‘g‘irlik bo‘lganini bilib, ichki ishlar organlariga murojaat qilgan.

M.S. savdo do‘konidan jami 825 mln so‘mlik 187 dona tilla uzuk, 27 dona tilla bilaguzuk, 123 juft tilla zirak, 1 dona tilla to‘g‘nog‘ich, 44 dona tilla zinjirli bilakuzuk, 29 dona bo‘yinga taqiladigan tilla zanjir hamda 6 dona kichik tilla zanjirni o‘g‘irlab ketgan.

Jazo

Qilmishi fosh bo‘lgach, M.S. o‘zida saqlab kelgan tilla taqinchoqlarni egasiga qaytargan. Biroq ayrimlarini sotib yuborib, jabrlanuvchiga 56 mln 416 ming so‘mlik zarar yetkazgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudining 2024 yil 2 iyuldagi hukmi bilan M.S. Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandida (juda ko‘p miqdorda o‘g‘irlik qilish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va jabrlanuvchiga yetkazilgan 56 mln 416 ming so‘m zararni undirish belgilangan.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chorsudagi tilla do‘konida ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan o‘g‘irlik sodir etildi