19:33 / 02.09.2024
36

Janubiy Koreya Telegram'ga nisbatan tergov boshladi

Janubiy Koreya Telegram'ga nisbatan tergov boshladi
Janubiy Koreya politsiyasi Telegram'ni jinsiy jinoyatlarga ko‘maklashish va ularni rag‘batlantirishda ayblab, tergov boshladi. Bu haqda Yonhap agentligi xabar berdi. Mamlakatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari messenjer asoschisi Pavel Durovni hibsga olgan Fransiya hukumati bilan hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.

Janubiy Koreya Milliy politsiyasi tergov boshqarmasi boshlig‘i U Chjon Su Telegram tergov uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni, xususan, akkaunt haqidagi axborotni taqdim etishdan bosh tortayotganini aytdi. U boshqa mamlakatlar, jumladan, AQSH hokimiyati ham shunday muammoga duch kelganini ta’kidladi.

Bizning o‘z usullarimiz bor. Tergov o‘tkazish uchun qo‘limizdan kelgan barcha choralarni ishga solamiz. Fransiya tergov organlari va turli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ishlash imkoniyatidan foydalanmoqchimiz”, — dedi boshqarma boshlig‘i matbuot anjumanida.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mahalliy politsiya dipfeyklar yaratuvchi sakkizta Telegram-botni tekshirmoqda, shuningdek, obro‘sizlantiruvchi materiallar tarqatish bilan shug‘ullanayotgani aytilgan guruh chatlarini o‘rganib chiqmoqda. Ta’kidlanishicha, 26 avgustdan 29 avgustga qadar to‘rt kun ichida dipfeyklardan jinsiy jinoyatlar sodir etish uchun foydalanilgani haqida 88 ta xabar kelib tushgan, natijada 24 nafar gumonlanuvchi aniqlangan. Ular haqida boshqa ma’lumot keltirilmagan.

Durov 24 avgust kuni Parijda qo‘lga olingandi. Unga nisbatan Telegram'dagi firibgarlarning harakatlari va Fransiya rasmiylari bilan hamkorlikdan bosh tortishga oid oltita modda bo‘yicha ayblov e’lon qilindi. 28 avgust kuni u 5 million yevro garov evaziga sud nazorati ostida ozodlikka chiqarildi. Mahalliy Liberation gazetasining yozishicha, so‘roq paytida Pavel Durov Fransiya maxsus xizmatlari bilan muloqot va hamkorlik qilib kelganini aytgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Janubiy Koreya Telegram'ga nisbatan tergov boshladi