07:34 / 17.09.2024
60

Germaniya kansleri: “O‘zbekiston biz uchun juda muhim hamkor”

Germaniya kansleri: “O‘zbekiston biz uchun juda muhim hamkor”
O‘zbekiston biz uchun juda muhim hamkor, jumladan, yaqin kelajak uchun ham”, dedi Germaniya kansleri Olaf Shols. Siyosatchi 15 sentyabr kuni Samarqanddagi matbuot anjumanida tegishli bayonot berdi. Hukumat portalida kansler nutqi e’lon qilindi.

Olaf Shols “Migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risida” hukumatlararo bitim imzolanganiga to‘xtalib o‘tdi.

Migratsiya to‘g‘risidagi bitim Germaniya hukumati dunyoning ko‘plab mamlakatlari bilan bosqichma-bosqich tuzmoqchi bo‘lgan kelishuvlarga mos keladi”, dedi kansler.

Bitim imzolanishidan oldin Shols Samarqanddagi mashhur Registon maydoniga tashrif buyurib, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan tor va delegatsiyalar ishtirokida uchrashuv o‘tkazgandi. Iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishdan tashqari, muhokamalar Rossiyaning urushini ham qamrab oldi, dedi kansler.

Migratsiya kelishuvi: Kansler Sholsning tushuntirishicha, migratsiya bo‘yicha kelishuv “Germaniyaga zarur bo‘lgan yuqori malakali ishchilarning kelishini” ta’minlaydi. Germaniyada qola olmaydiganlar ortga qaytishi uchun nobyurokratik tartib-qoidalarni nazarda tutadi.

Ikki tomonlama munosabatlarni kengaytirish: Prezident Mirziyoyev bilan suhbatda ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirish masalasi ham muhokama qilindi. Jumladan, Germaniya kompaniyalari va O‘zbekiston bizneslari qayerda bir-biriga mos kelishi ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston tabiiy resurslarning katta zaxiralariga ega bo‘lgan Markaziy Osiyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyotdir.

Boshqa mavzular: Muhokamalarda respublikaning Afg‘onistonga qo‘shni davlat sifatidagi geografik joylashuvi, O‘zbekistonning demokratiya yo‘lidagi taraqqiyoti va Rossiyaning urushi kabi masalalar ham muhokama qilindi.

Bugun uzoq tarixga ega, an’anaviy Ipak yo‘lida joylashgan Samarqand shahrida men Germaniya va O‘zbekiston, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasi o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirish haqida so‘zlash imkoniga ega bo‘ldim. O‘zbekiston biz uchun hozir ham, yaqin kelajak uchun ham juda muhim hamkor”, dedi Germaniya kansleri.

U ikki tomonlama munosabatlari keng miqyosda, shu jumladan, iqtisodiy aloqalarni yanada rivojlantirish muhokama qilinganini aytdi.

Shuningdek, mintaqada bizni tashvishlantirayotgan ko‘plab masalalarni muhokama qildik. Afg‘oniston O‘zbekistonning qo‘shnisi bo‘lgani sababli, bu masala bizni qattiq o‘ylantirayotganini tasavvur qilishingiz mumkin. Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv urushi ham suhbatimiz mavzusiga aylandi. Albatta, mamlakat rivojlanishi haqida ham batafsil fikr almashib oldik. Bu yerda demokratlashtirish yo‘nalishida davom ettirilishi lozim bo‘lgan o‘zgarishlar mavjud va bu ham birgalikdagi muhokamalarimizning asosiy qismini tashkil etdi”, dedi Olaf Shols.

Kansler migratsiya borasidagi bitim va uning afg‘on fuqarolarini O‘zbekiston orqali vataniga deportatsiya qilishga ta’siri haqidagi savolga javob berdi.

"Avvalo, bu O‘zbekiston bilan tuzilgan kelishuv va u aynan shunday bo‘lishi kerak hamda u bir-biriga bog‘liq ikki jihatni o‘zida mujassam etadi. Bir tomondan, bizga zarur bo‘lgan iste’dodli kadrlar, ishchilar, mutaxassislar va muhandislarni Germaniyaga jalb qilish imkoniyatini yaratsa, boshqa tomondan, manfaatlarimizga mos keladigan hollarda vatanga qaytish jarayonini osonlashtiradi.

Umumiy vaziyatga nazar tashlasak, bu kelishuv katta o‘zgarishlarga olib kelmasligi mumkin, biroq u biz ko‘plab boshqa davlatlar bilan bosqichma-bosqich kelishib olmoqchi bo‘lgan namunaga mos keladi. Bundan tashqari, albatta, turli sohalardagi hamkorlik bo‘yicha maxfiy muzokaralar ham olib borilmoqda
", dedi u.

Olaf Shols sanksiyalar masalasiga ham to‘xtaldi. U ko‘plab davlatlar hukumatlari bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tib bo‘lmasligini muhokama qilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, Germaniya quruqlikdagi chegara nazoratini kuchaytirgani sababini aytdi.

"Bu zaruriy choralardan biridir. Hamma tushunib turibdiki, Germaniyaga noqonuniy yo‘l bilan keladigan odamlar soni juda yuqori va shu sababli Germaniya hukumati noqonuniy migratsiyani samarali boshqarish orqali bu vaziyatni nazoratga olishni ta’minlashga intilishi tabiiydir. Bu yangi tamoyil Germaniyaning barcha chegaralarida shunday nazoratni amalga oshirishni ham o‘z ichiga oladi", dedi u.

Markaziy Osiyo bilan hamkorlik

Kanslerdan “Rossiya va Xitoyning bevosita ta’sir doirasida” deb qaraladigan O‘zbekiston va Qozog‘iston Germaniya bilan hamkorlikda nimalarga erishishi so‘raldi.

"Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik masalasiga kelsak: Biz ushbu mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashni va siyosiy hamda iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishni davom ettirishimizni alohida ta’kidlash juda muhim. Bu ular uchun ijobiy xabar, chunki bu mintaqada o‘z mustaqilligi va suvereniteti yo‘lida ishlashni osonlashtiradi. Biroq, bu faqat yaxshi hamkorlar mavjud bo‘lgandagina amalga oshishi mumkin. Germaniya ular uchun ana shunday muhim hamkorlardan biridir", deya xulosa qildi kansler.

Kanslerning Markaziy Osiyoga safari: Olaf Shols 15-17 sentyabr kunlari uch kun davomida Markaziy Osiyoda bo‘ladi: avval O‘zbekiston, keyin Qozog‘iston. Bu uning hukumat rahbari sifatida mintaqaga ilk safaridir.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Germaniya kansleri: “O‘zbekiston biz uchun juda muhim hamkor”