date
views 103

Prezident Shavkat Mirziyoev Olmaliq shahriga tashrif buyurdi

Prezident Shavkat Mirziyoev Olmaliq shahriga tashrif buyurdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoev bugun, 15 oktyabr kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahriga tashrif buyurdi.

Bu shaharning asosi va drayveri — Olmaliq kon-metallurgiya kombinati. Iqtisodiyot, ish oʻrinlari, uy-joylar, madaniyat va ta'lim maskanlari ushbu majmua negizida shakllangan.

Bugun izchil oʻsish, zamon bilan ildamlash kerak. Davlatimiz rahbari har bir sohani ilmga asoslanib rivojlantirish talabini qoʻyadi.

Olmaliqda ham kadrlar tayyorlash shu yoʻsinda yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, shaharda Toshkent davlat texnika universitetining hamda Moskva poʻlat va qotishmalar instituti filiallari ochilgan. Yaqinda bularga qoʻshimcha Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining Muhandislik maktabi tashkil etildi.

Prezident avvalo mazkur maktab faoliyati bilan tanishdi.

Bu erda Germaniya tajribasi asosida yiliga 480 nafar muhandis tayyorlanadi hamda ming nafar xodimning malakasi oshiriladi. Dars jarayonlari yoʻnalish va mavzulardan kelib chiqib, xorijlik professor-oʻqituvchilar ishtirokida olib boriladi.

Oʻquv dasturi Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasi, GP Günter Papenburg AG va Aurubis AG kompaniyalarining ilgʻor ta'lim metodologiyalari asosida ishlab chiqilgan. Maktab shunga muvofiq, mexanika, metallurgiya, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, foydali qazilmalarni boyitish, energetika yoʻnalishlari boʻyicha zamonaviy oʻquv-amaliyot uskunalari bilan jihozlangan.

Davlatimiz rahbari mazkur xonalarda boʻlib, ish oʻrganayotgan yoshlar bilan suhbatlashdi.

«Zamon oʻzgaryapti, har bir sohaga innovatsiyalar kirib kelyapti. Shunga munosib malakali kadr boʻlish uchun doim oʻz ustingizda ishlashingiz kerak. Kombinat taqdiri raqamlashtirishda. Har bir boʻlimni, ishlab chiqarishning har bir bosqichini raqamlashtirish zarur», — dedi Shavkat Mirziyoev.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilmoqda. Kelgusida unda ishlaydigan mutaxassislar hozirdan tayyorlanmoqda.

Qisqa vaqtda bu erda 100 dan ortiq yoshlar oʻqib, tarmoq korxonalariga ishga joylashgan.

Prezidentimiz maktabning samaradorligini yanada oshirish zarurligini ta'kidladi. Buning uchun oʻquvlar muntazam tashkil etilishi, eng muhimi, amaliyot bilan chambarchas bogʻliq boʻlishi kerak.

Shu yil 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta'lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtgan edi. Unda birinchi bosqichda 10 ta oliy muhandislik maktabi tashkil etilishi belgilangandi.

Bugungi kunda shunday maktablar tashkil etilmoqda. «Tarmoq – korxona – oliygoh» zanjirini mustahkamlash maqsadida har birining sanoat hamkori belgilanadi.

Muhandislik maktablari oliy ta'lim muassasalari tarkibida etakchi yoʻnalishlar boʻyicha tashkil etiladi. Ularda matematika, fizika, kimyo, muhandislik grafikasi, informatika va xorijiy tillar boʻyicha chuqur bilim beriladi. Bakalavriat va magistratura 4+1 shaklida yoʻlga qoʻyiladi. Talabalar 2-kursdan ixtisosliklar boʻyicha saralab olinib, sanoat hamkorlari uchun maqsadli kadrlar tayyorlanadi.

Mazkur maktablarning professor-oʻqituvchilari «El-yurt umidi» jamgʻarmasi, tegishli hamkor va universitet mablagʻlari hisobidan etakchi xorijiy muassasalarga malaka oshirishga yuboriladi. Sanoat hamkorlari soha taraqqiyotidan kelib chiqib, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident Shavkat Mirziyoev Olmaliq shahriga tashrif buyurdi