14:54 / 20.10.2024
56

Sen do‘stimsan, ammo mening yo‘rig‘im boshqa!

Sen do‘stimsan, ammo mening yo‘rig‘im boshqa!
O‘y-fikrlarimiz kuchi bizning mutlaq nazorat o‘rnatadigan yagona narsamiz. Bu kuchdan samarali foydalanish, natijaga erishish uchun yorqin-ravshan fikrlashimiz kerak. Aniq fikr yuritadigan kishilar hech kimga o‘zlari haqida o‘ylashga yo‘l bermaydilar...

Muvaffaqiyatli odamlarga e’tibor berganmisiz? Ular muayyan tafakkur tizimiga rioya qilishadi, bu esa aniq qarorlar qabul qilish imkonini beradi. Mazkur insonlar axborot va biror muayyan masala xususida o‘zgalarning fikr-mulohazalarini jamlaydi, ammo yakuniy tahlilni «pishitgach», qaror qabul qilish huquqini o‘zlarida qoldiradi.

Yorqin-ravshan fikr yuritishning ikkita xulosa chiqarish turi mavjud: induksiya ─ bunda zaruriy, ammo yetarli bo‘lmagan dalillar asosidagi axborotlar yoki ma’lum dalillar vositasida mantiqiy qoidalarga asoslanib xulosa qilinadi.

Ravshan mulohaza yurituvchi kishi hamisha ikkita muhim qadam tashlaydi. Birinchisi: u ishonib bo‘lmaydigan uydirma va mish-mishlar, dalillarni ajratib oladi. Ikkinchisi: dalillarni ikkiga – muhim va nomuhimga ajratadi. Muhim dalil shuki, ulardan o‘z maqsadini amalga oshirishda foydalanish mumkin. Qolgan barcha dalillar hech nimaga arzimaydi!

Achinarli tomoni shundaki, ko‘pgina odamlar o‘z mulohazalarida ishga aloqasi bo‘lmagan va ahamiyat kasb etmaydigan ovozalar hamda dalillarga asoslanishadi. Bu ularni tushkunlikka, muvaffaqiyatsizlikka yetaklaydi. Aniq fikr yurituvchi kishilar esa soxta fikr, sabrsizlik, xudbinlik, qo‘rquv va tavakkalchilikka asoslangan mulohazalar foydasiz, hatto ulardan xulosa chiqarish, ularni yakuniy umumlashma sifatida qabul qilish xavfli deb hisoblashadi.

Aniq-ravshan fikrlaydigan inson «aytishlaricha, shu...» deb boshlanadigan bema’ni gap-so‘zlarga e’tibor bermaydi, chunki bunday axborot quruq safsatadan iborat ekanini yaxshi biladi. U yana shunga ishonadiki, o‘zini mas’ul shaxs deb hisoblasa, hech qachon ishonchli asoslarga tayanmasa, o‘z mulohazalarini hammaga dasturxon qilib yoymaydi. «Ko‘pchilik shunday deb o‘ylaydi» – ishoning, bunday fikr yuritish befoyda.

Aniq fikr yurituvchi kishi «boshqalarga yaxshilik istovchilar»dan olingan «jo‘yali maslahat» hamisha e’tiborga sazovor emasligini biladi. Chunki maslahat-o‘gitlarga o‘y-mulohaza yuritmasdan yondashish hamisha tovon to‘lashga duchor qiladi-da!

Ravshan fikr yurituvchi eng ma’qul maslahat beruvchining his-tuyg‘ularini ham hisobga olmaydi. Ularning ta’siridan qochishga harakat qiladi, bu fikrlarni qunt bilan mantiq va ongli muhokama «chig‘irig‘i»dan o‘tkazadi.

Jeyms B.Dyuk maktabni tamomlamagan va yozishni bilmas edi. Ammo u o‘zida yorqin-ravshan fikrlash qobiliyatini rivojlantirdi, bu esa dunyodagi eng badvlat odamlardan biriga aylantirdi. Dyuk o‘z-o‘zi bilan arzimas masalalar xususida tortishishga vaqt sarflab o‘tirmasdi. U ixtiyorida dalillar to‘plangandan so‘ng qaror qabul qilishga tezlik bilan kirishar edi.

Bir kuni Dyuik eski do‘stini uchratib qoldi. Do‘sti uning tamaki sotishga mo‘ljallangan ikki mingta do‘kon ochishi haqida eshitib, bundan hayratga tushdi.

– Biz sherigim bilan, ─ dedi u, ─ bor-yo‘g‘i ikkita do‘konning dahmazalariga zo‘rg‘a chidab kelyapmiz-u, sen ikki mingta do‘kon deysan! Bu xato, Dyuk.

– Xato deysanmi? ─ xitob qildi Dyuk. ─ Men hayotimda juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydim, ammo menga yordam bergan yagona omil shuki, bitta xatoga yo‘l qo‘ysam, hech qachon to‘xtab qolmayman, uni muhokama qilib ham o‘tirmayman. Men shunchaki oldinga qarab qadam tashlayman. Bir emas, bir nechta qadam tashlayman. Qisqasi, sen do‘stimsan, ammo mening yo‘rig‘im boshqa!

Shunday qilib, Dyuk yana oldinga odimladi va tamaki mahsulotlari do‘koni tarmog‘ini ochdi. Bu esa har kuni millionlab daromad keltirdi. U bir necha million dollarni universitet ochish uchun qoldirgan edi – hozir Dyuk nomida universitet bor! Bu uning zudlik bilan aniq qarorlar qabul qilish qobiliyati tufayli jamg‘argan boyligining uncha katta bo‘lmagan bir qismi edi, xolos. Ammo Dyuk qarorlarining hammasi ham to‘g‘ri emasdi. Yutuq esa yana va yana oldinga qadam qo‘yishda edi!

Elbert Xabbard rahbarni «bir olam qarorlar qabul qiladigan, ammo ulardan ayrimlari to‘g‘ri bo‘lgan qarorlar egasi» deb ta’riflagan edi.

O‘z-o‘zidan ayonki, ravshan-yorqin tafakkurning ajratib bo‘lmas alomati juda katta miqyosda o‘z-o‘zini tartibga solishdir. Tez va to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyati, bu ─ muvaffaqiyatning barcha sohadagi tamal toshidir va uni qat’iy ichki intizomsiz egallash mumkin emas.

Boshqalarga quloq solib o‘tirib, vaqtingizni sarflamang. O‘zingiz qaror qiling va olg‘a qadam tashlang!

(Napoleon Xill kitobidan)

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sen do‘stimsan, ammo mening yo‘rig‘im boshqa!