17:18 / 03.12.2024
33

«Mahalla yettiligiga» ijtimoiy profilaktika bilan shug‘ullanish yuklatildi

«Mahalla yettiligiga» ijtimoiy profilaktika bilan shug‘ullanish yuklatildi
Hukumatning «Obod va xavfsiz mahalla» tamoyili asosida mahallalarda ijtimoiy profilaktika tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, huquqbuzarlik sodir etish va undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslarga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam ko‘rsatish (ijtimoiy-profilaktika tadbirlari) bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari bilan elektron axborot almashish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Ijtimoiy-profilaktika tadbirlari «mahalla yettiligi» — mahalla raisi, hokim yordamchisi, profilaktika inspektori, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, ijtimoiy xodim va soliq inspektori tomonidan amalga oshiriladi.

Ularga bu borada mehnat organi xodimi, tibbiyot xodimi, maktab direktori, psixologi, inspektor-psixolog, shuningdek, ijtimoiy profilaktika tadbirlari amalga oshiriluvchi subyektlarning murojaatiga asosan tuman (shahar) darajasidagi tegishli davlat organlari va tashkilotlari xodimlari ko‘maklashadi.

Ijtimoiy-profilaktika tadbirlari quyidagi shaxslarga nisbatan amalga oshiriladi:
- huquqbuzarlik sodir etish ehtimoli bo‘lgan shaxslar:
- band bo‘lmagan, daromad manbaiga ega bo‘lmagan ishsiz shaxslar;
- spirtli ichimliklar, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarga qaram bo‘lib qolgan shaxslar;
- qimor va boshqa tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarga ruju qo‘ygan shaxslar;
- g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli shaxslar;
- qarovsiz va nazoratsiz qolgan voyaga yetmaganlar;
- ishsiz yoshlar va maktab bitiruvchilari;
- ajralish yoqasiga kelib qolgan va nizoli oilalar;
- yordamga muhtoj bo‘lgan va og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar;
- muntazam tazyiq va zo‘ravonlikka uchrab kelayotgan ayollar;
- tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan shaxslar.

Shu bilan birga, huquqbuzarlikdan jabrlanish ehtimoli mumkin bo‘lgan shaxslar, ya’ni parvarishga muhtoj yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan va og‘ir kasallikka chalingan shaxslarga nisbatan ham ijtimoiy-profilaktika tadbirlari amalga oshiriladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Mahalla yettiligiga» ijtimoiy profilaktika bilan shug‘ullanish yuklatildi