14:43 / 12.12.2024
21

Tadqiqot: O‘zbekistonda aksariyat kishilar sovg‘a berishni korrupsiya emas, minnatdorlik deb biladi

Tadqiqot: O‘zbekistonda aksariyat kishilar sovg‘a berishni korrupsiya emas, minnatdorlik deb biladi
“O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” qo‘shma loyihasi tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda jamoatchilik va hukumatning korrupsiyaga munosabati baholandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.

Koreya Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va fuqarolik huquqlari bo‘yicha komissiyasi (ACRC), BMT Taraqqiyot dasturining Seuldagi siyosiy markazi va Yevropa ittifoqi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu tadqiqot 500 dan ortiq so‘rov ishtirokchilarining ma’lumotlariga va 20 dan ortiq anonim davlat vazirlik va idoralari xodimlarining fikr-mulohazalariga asoslangan.

Tadqiqotda O‘zbekistonning 14 ta hududida maqsadli guruhlar, ekspert intervyulari va telefon orqali so‘rovlar yordamida jamoatchilik fikri haqidagi asosiy ma’lumotlar to‘plandi. So‘rovnomada qamrab olingan barcha 14 ta hudud teng ravishda taqdim etilgan bo‘lib, respondentlar soni sezilarli darajada farq qilmaydi. Ushbu so‘rovnomada erkaklar va ayollar, shuningdek, shahar va qishloq aholisi teng ravishda ishtirok etgan. Yosh guruhlari bo‘yicha 25 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan guruh ko‘pchilikni tashkil etdi (umumiy sonning 38 foizi).

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, jamoatchilik ko‘pincha korrupsiyani poraxo‘rlik va qarindosh-urug‘chilik deb tushunadi. 50 foizdan ortiq respondentga ko‘ra, korrupsiya — bu mansabni suiiste’mol qilish va qarindosh-urug‘chilik, 40 foizdan kamrog‘i uchun esa qimmatbaho sovg‘alar berishdir.

Korrupsiya haqida jamoatchilik fikri:
54,8 foiz — mansab vakolatini suiiste’mol qilish;
51,4 foiz — qarindoshlarni ishga joylashtirishda ustunlik (qarindosh-urug‘chilik);
49,6 foiz — davlat xizmatchisiga pul ko‘rinishida minnatdorlik;
49,2 foiz — mansab mavqeyidan shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish;
47,2 foiz — qonun va me’yoriy hujjatlarning shaxsiy manfaatlar uchun shakllantirishga ta’sir ko‘rsatish;
44,4 foiz — davlat xizmatchilari tomonidan pul sovg‘alarini olish;
42,8 foiz — aholi iste’moli uchun mo‘ljallangan tovarlar va xizmatlarni o‘zlashtirish;
38,4 foiz — davlat xizmatchilari tomonidan qimmatbaho sovg‘alar olish.

Aksariyat kishilar sovg‘a berishni korrupsiya emas, balki minnatdorlik deb biladi. Pora olish (88,4 foiz) va pora berish (68,4 foiz) ko‘pchilik tomonidan qoralanadi, ammo yaxshi xizmat uchun kichik sovg‘alar odatiydek qabul qilinadi.

Respondentlar korrupsiya keng tarqalgan sohalar sifatida sog‘liqni saqlash, ta’lim (ayniqsa, oliy ta’lim) va mahalliy hokimiyatni e’tirof etdi.

Korrupsiyaga eng moyil sohalar:
- Tibbiyot muassasalari — 56,4 foiz;
- Oliy ta’lim muassasalari — 39 foiz;
- Maktabgacha ta’lim muassasalari — 27,4 foiz;
- Umumiy o‘rta ta’lim muassasalari — 27 foiz;
- Mahalliy hokimiyat organlari (hokimliklar) — 25,6 foiz.

Korrupsiyadan jiddiy ta’sir ko‘rsatuvchi sohalar:
- yo‘l harakati xavfsizligi xizmati;
- ichki ishlar organlari;
- avtomobil yo‘llari;
- qurilish sohasi.

Qishloq aholisi shahar aholisiga qaraganda avtomobil yo‘llarini eng korrupsiyalashgan soha sifatida ko‘rsatgan — mos ravishda 22,2 foiz va 12,8 foiz.

Respondentlarning 74,0 foizi korrupsiya holatlari haqida xabar berishga, jumladan, 82,2 foizi elektron platforma yoki mobil ilova orqali xabar berishga tayyor. 12 foiz respondent korrupsiya haqida xabar berishni salbiy holat deb hisoblaydi. Xabar bermaslikning asosiy sabablari sifatida bu befoyda, hech kim bunga e’tibor bermasligi (24,8 foiz) kimga murojaat qilishni bilmaslik (20,4 foiz), korrupsiyadan o‘zlari manfaatdorligi (19,8 foiz) ko‘rsatilgan.

Masalan, 10 million so‘m jarima to‘lash kerak bo‘lsa, inspektor bilan kelishib, 2 million to‘laysiz. Endi 10 million qayerda-yu, 2 million qayerda ekanini o‘ylab ko‘ring”, degan so‘rovnomada ishtirok etganlardan biri.

So‘ralganlarning yarmi xabar berish oqibatlaridan qo‘rqadi, 13,8 foizi esa o‘zlari minnatdorlik belgisi sifatida pul yoki sovg‘a berishini ta’kidlagan. Korrupsiya haqida xabar berishga tayyorlik erkaklarda (79,2 foiz) ayollarga (70,4 foiz) nisbatan bir oz yuqoriroq.

Respondentlarga ko‘ra, “suyunchi”, “to‘yona”, “rahmat” kabilar ham faqatgina minnatdorlik, hurmat va qo‘llab-quvvatlash uchun ixtiyoriy tarzda amalga oshiriladi.

Agentlikning bildirishicha, ushbu tadqiqotning maqsadi — odamlar korrupsiya haqida nima sababdan noto‘g‘ri tasavvurga ega ekanligi hamda nima uchun kishilar korrupsiya holati haqida xabar berishga ikkilanishlarini aniqlash. Uning maqsadlari shunday xabar beruvchilarni himoya qilishni kuchaytirish, fuqarolar va davlat amaldorlari o‘rtasidagi hisobdorlik hamda ijtimoiy mas’uliyatni oshirishdan iborat.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tadqiqot: O‘zbekistonda aksariyat kishilar sovg‘a berishni korrupsiya emas, minnatdorlik deb biladi