date
views 279

«Metan zapravka»larni tanqid qilgan yigit 15 sutkaga qamaldi

«Metan zapravka»larni tanqid qilgan yigit 15 sutkaga qamaldi
Joriy yil 26 dekabr kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Bektemir tuman sudi bir muddat oldin kunlar avtomobillarga metan gaz quyish shoxobchalari ish vaqtlariga kiritilgan cheklovlarni tanqid qilgan yigitni 15 sutka ma'muriy qamoqqa hukm qildi.

Gap shundaki, joriy yil dekabr oyining oʻrtalarida respublika boʻylab kuzatilgan sovuq ob-havo sabab enegetika vazirligi barcha «metan zapravka»lar ish vaqtiga cheklovlar kiritgan va natijada metan gaz quyish shoxobchalarida turnaqator navbatlar paydo boʻlgan edi.

Toshkent shahar Bektemir tumani hududidagi shoxobchalarning birida navbatda turgan Gʻ.D. (sud hujjatlariga koʻra, 1978 yilda Qashqadaryo viloyatida tugʻilgan) esa kiritilgan cheklovlarni tanqid qilgan va oilasini yoʻnalishli taksi xizmati ortidan boqayotgani, nogironi borligi, metan gaz shoxobchalari ish rejimiga kiritilgan cheklovlar ortidan oilasi ta'minotini qila olmayotganini aytib chiqqan edi.

Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Bektemir tuman sudi raisi D.A.Dadaxanova raisligida oʻtgan sud majlisida esa yigit MJtKning 183-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda ayblangan.

Aniqlanishicha, Gʻ.D. 2024 yil 23 dekabr kuni Toshkent shahar Bektemir tumani Oltintopgan koʻchasidagi «Morotrans» MChJ gaz quyish shoxobchasida shoxobcha xodimlarini turli soʻzlar bilan haqoratlab, jamoat tartibini buzib, mayda bezorilik sodir qilgan. Mazkur ma'muriy ish yuqorida nomi keltirilgan shoxobcha xodimining shikoyat arizasi asosida qoʻzgʻatilgan.

Sud ishiga koʻra, Gʻ.D.ning jamoat tartibini buzganligi holati boʻyicha internetning «Instagram» ijtimoiy tarmogʻini koʻzdan kechirish va videotasvirni olish bayonnomasi hamda ma'muriy ishda toʻplangan boshqa hujjatlar bilan toʻliq oʻz isbotini topgan.

Sud Gʻ.D.ga MJtKning 183-moddasi bilan 15 (oʻn besh) sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinladi.

Shuningdek, jazo oʻtalganidan soʻng Gʻ.D.dan Toshkent shahar IIBB Ma'muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash maxsus qamoqxonasi foydasiga qamalganlarni saqlash bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar uchun ma'muriy qamoqning har bir sutkasi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 15 foizi miqdorida, ya'ni jami 843 750 soʻmni davlat foydasiga undirish ham belgilangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Metan zapravka»larni tanqid qilgan yigit 15 sutkaga qamaldi