17:48 / 07.01.2025
157

Bir fuqaroga rasmiylashtiriladigan kartalar soniga cheklov kiritildi

Bir fuqaroga rasmiylashtiriladigan kartalar soniga cheklov kiritildi
Markaziy bank tomonidan bir jismoniy shaxsga emissiya qilinadigan kartalar sonini bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha cheklash boʻyicha vaqtinchalik tartib ishlab chiqilgan. Bu haqda “Daryo”ning Markaziy bankdagi manbasi xabar berdi.

Mazkur tartib 2025 yilning 1 yanvaridan kuchga kirgan boʻlib, u joriy yilning 31 dekabrigacha amal qiladi.

Manbaga koʻra, ushbu tartib fuqarolar xavfsizligini hisobga olgan holda, firibgarlarga aldanmaslik uchun joriy etilgan.

Endilikda banklar tomonidan bir fuqaroga (bitta JShShIRga) emissiya qilinadigan kartalar soni bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda esa 20 tagacha cheklanadi. Bunda mazkur talab virtual va kobeyjing kartalarni ham oʻz ichiga oladi.

Noyabr oyi oxirida Markaziy bank bitta foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Regulyator raisi oʻrinbosari Behzod Hamroyevning qayd etishicha, hozirda Oʻzbekistonda fuqarolar bitta pasportga ochishi mumkin boʻlgan bank kartalari soni qonuniy jihatdan tartibga solinmagan. Natijada ayrim mijozlar yuzdan ortiq kartalarga egalik qilishadi. Hamroyev bunday kartalardan keyinchalik firibgarlar pul mablagʻlarini oʻzlashtirish sxemalarida foydalanayotganini ta'kidladi.

Markaziy bank matbuot xizmati izoh berib, bank kartalari bilan bogʻliq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida jismoniy shaxslarga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirish maqsadida banklar tomonidan bitta jismoniy shaxsga (bitta JShShIRga) kartalar sonini (virtual va kobeyjing kartalarini inobatga olgan holda) vaqtinchalik bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha belgilash masalasi koʻrib chiqilayotganini aytgandi.

Markaziy bank ma'lumotlarida keltirilishicha, Oʻzbekistonda muomaladagi bank kartalari soni 1 noyabr holatiga koʻra 54,9 milliontani tashkil etdi. Ya'ni har bir kishiga 1,5 tadan yoki har bir mehnatga layoqatli fuqaroga 2,8 tadan toʻgʻri keladi.
Bugungi kunda bank kartalariga ega jismoniy shaxslarning qariyb 97 foizida (22 million nafar) 5 tagacha, 3 foiz (770 ming nafar) jismoniy shaxsda 5-20 gacha hamda 0,03 foizda yoki 7 ming jismoniy shaxsda 20 tadan oshiq kartalar rasmiylashtirilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat