Toshkent shahridagi avtobuslarda 2025 yil 1 yanvardan yoʻlkirani naqd pulda qabul qilish toʻxtatildi. Hozirda yoʻl haqi transport, bank kartalari va bir martalik QR-chiptalar orqali amalga oshirilmoqda. Xoʻsh, yangi tizimga moslashuv jarayoni qanday ketmoqda? Kun.uz poytaxt koʻchalarida ayni mavzuda soʻrovnoma oʻtkazdi.
Soʻrovnomada qatnashgan yoʻlovchilarning koʻpchiligi yoʻlkirani bank plastik kartalari orqali toʻlayotganini ma'lum qildi. Naqd pulsiz toʻlov tizimiga moslashish bilan bogʻliq tushunmovchiliklar esa asosan maktab oʻquvchilari va keksa yoshlilar orasida kuzatilyapti. Ular bunga sabab sifatida mobil ilovadan foydalanishni bilishmasligini, plastik kartalarining mavjud emasligi, shuningdek, barcha bekatlarda infokiosklar yoʻqligi keltirdi.
“Shahar ichida joylashgan avtobekatlarning barchasini infokiosklar bilan toʻliq ta'minlash jarayoni qaysi vaqtda yakunlanishi borasida aniq muddat belgilanmagan, jarayon doimiy ravishda davom etadi. Ayni paytda infokiosklar bekatlar atrofiga 300 metrgacha boʻlgan radiusda joylashtirilyapti. Masalan, bir bekatga kelganda uning yonidan infokiosk topa olmasangiz, qurilma bekatning oʻng yoki chap tomoniga 50-100 metrdan 300 metrgacha boʻlgan masofa orasida oʻrnatilgan boʻladi.
Hozirda Toshkent shahrida 2600 ta avtobekat mavjud boʻlsa, ularning atrofida 5 000 dan ortiq infokiosklar faoliyat yuritmoqda. Tizim yangi boʻlgani uchun hali oʻrganish ishlari olib borilmoqda, qayerda ehtiyoj koʻproq boʻlsa, oʻsha nuqtadagi bekatlarga 2-3 tadan ham infokiosklarni oʻrnatish koʻzda tutilgan”, – deydi Transport nazorati inspektsiyasi matbuot kotibi Firdavs Xayriddinov.
Naqd pulsiz toʻlov transport qatnovidan tushadigan mablagʻlarning toʻliq va shaffof tarzda jamgʻarilishi, avtobuslarning bekatlarda uzoq payt ushlanib qolmay A nuqtadan B nuqtaga oʻz vaqtida etib borishi uchun samarali usul. Ammo tizimni realizatsiya qilishda e'tibor qaratilishi zarur boʻlgan muhim jihatlar bor. Bulardan biri barcha bekatlarda ham infokiosklar mavjud emasligi boʻlsa, ikkinchisi mazkur qurilmalardan chek olishda kuzatiladigan noqulayliklardir. Masalan, Paynet infokiosklaridan avtobusga chipta xarid qilish uchun 1 ta 2000 soʻmlik va 1 dona 1000 soʻmlik yoki 3 dona 1000 soʻmlik qogʻoz pulni kiritishingiz kerak. Markaziy bank 2022 yildan 1000 soʻmlik qogʻoz va banknota shaklida chiqarilmasligi va tanga koʻrinishida muomalaga kiritilishini e'lon qilganidan buyon aholi vakillari orasida 1000 soʻmlik kupyura anqoning urugʻidek kamaygan. Bankomat esa tangani qabul qilmaydi.
Bundan tashqari, kattaroq summada bankomatga kiritilgan mablagʻ foydalanuvchiga naqd pul shaklida qaytarilmasdan, telefon raqami hisobiga tashlab beriladi. Bu esa, oʻz oʻrnida, QR-chipta sotib olayotgan yoʻlovchilar uchun noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Shuningdek, infokiosklardan xarid qilingan chiptalar bir martalik boʻlib, qisqa muddat ichida chek “yaroqsiz”ga aylanadi.
Yoʻlovchilar ayni vaqtda QR-chipta xarid qilishda qurilmalarda qogʻozlarning tugab qolishi bilan bogʻliq masalalarga ham duch kelmoqda.
“Infokioskdagi qogʻoz tugab qolishi masalasini masofadan turib bartaraf etishning imkoni yoʻq. Yoʻlovchilar bunday vaziyatga uchraganda infokiosklar yonidagi telefon raqamlariga murojaat qilishlarini tavsiya etamiz. Bir martalik chipta olish uchun ehtiyoj ortganini inobatga olib, infokiosklarni qogʻoz bilan ta'minlash boʻyicha mas'ullarga alohida koʻrsatmalar berilgan. Aytaylik, qurilmalarga avval kunora chek qogʻozi joylashtirilgan boʻlsa, endilikda har 3 yoki 5 soat ichida qogʻoz oʻrami almashtirilib, infokiosklarning muammosiz ishlashini ta'minlashga harakat qilinyapti. Qurilmalarda QR-chipta uchun qogʻoz qolmay qolgan holatlarda chekni rasmga olib, avtobusda skanerlash orqali toʻlovni amalga oshirsa boʻladi”, – deydi Firdavs Xayriddinov.
Avtobus haydovchilarining ta'kidlashicha, bir martalik chiptasiz chiqqan yoʻlovchilardan naqd pul umuman qabul qilinmayapti. Plastik va transport kartasi, mobil ilova hamda QR-chiptasiz yoʻlovchilar ogohlantirish berilgan holda manzilga etkazilmoqda:
“1 yanvar holatiga nisbatan odamlarning koʻpchiligi yangi tizimga ancha moslashib qoldi. Bir kunda oʻrtacha 20-30 tacha yoʻlovchi avtobuslarga chiptasiz chiqmoqda. Ularning orasida kartasida mablagʻ qolmay, toʻlovni amalga oshira olmayotganlari ham uchraydi. Bu kabi yoʻlovchilar keyingi safar yoʻlkirani qoʻshib toʻlash iltimosi bilan manziliga etkazilmoqda, hech kimdan naqd pul shaklida yoʻl haqi qabul qilinmayapti”, – deydi xaydovchilardan biri.
Boshqa bir avtobus haydovchisining aytishicha, old tarafdan tashqari salonning oʻrta va orqa qismida plastik kartalar orqali yoʻl haqi toʻlanayotgan yoki toʻlanmayotganini kuzatib borishning iloji yoʻq. Sababi mobil ilova yordamida pul oʻtkazilganda QR-chipta ekranda paydo boʻladi. Bir martalik chipta orqali toʻlov amalga oshirilganda toʻlaganlikni tasdiqlab turuvchi qogʻoz yoʻlovchining qoʻlida turadi. Lekin plastik kartalar orqali toʻlovni amalga oshirganda yoʻlovchiga hech qanday chek taqdim etilmaydi.
“Plastik karta, mobil ilova hamda QR-chipta skanerdan oʻtkazilganda qurilmalardan bir marta “titillagan” ovoz chiqadi. Toʻlov amalga oshirilmasa, qurilma 2 marta “titillaydi”. Yonimizdagi qurilmalar orqali toʻlov jarayonini ovoz yordamida nazorat qilib boramiz, biroq orqa va oʻrta salondagi holatni kuzatishning iloji yoʻq”, – deydi avtobus haydovchisi.
Transport boshqarmasi vakili holatga munosabat bildirib, “Toshshahartransxizmat” avtobuslarining barchasi kameralar bilan jihozlangani, nazorat inspektsiyasi xodimlari toʻlovlar amalga oshirilishini monitoring qilib borayotganini ta'kidladi. Uning soʻzlariga koʻra, aholi orasida toʻlov qobiliyati va toʻlov madaniyati juda yaxshi shakllangan, yoʻl haqini toʻlamasdan ketish holatlari juda kam foizlarda uchraydi.
“Hozirda avtobuslarda naqd pul qabul qilinmayotgani hisobiga yoʻl haqini naqd pulda toʻlamoqchi boʻlgan yoʻlovchilar manzilga etganda shunchaki tushirib yuborilyapti. Bu jarayon qancha davom etadi, aniq ayta olmayman. Aholi elektron toʻlovning qulayligini anglab etgandan keyin naqd pul bilan avtobusga kirish holati asta-sekin yoʻq boʻladi”, – deydi Transport nazorati inspektsiyasi matbuot kotibi Firdavs Xayriddinov.
Ma'lumot oʻrnida, Oʻzbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 144-moddasida yoʻlovchining trolleybusda, tramvayda, shahar ichida va shahar atrofiga qatnaydigan avtobusda chiptasiz yurishi — BHMning oʻndan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab boʻlishi belgilangan. Unga koʻra avtobusda chiptasiz harakatlangan shaxslar 37,5 ming miqdorida jarimaga solinishi mumkin.
Eslatib oʻtamiz, hozirda infokiosklar orqali xarid qilinadigan chipta narxi 3 ming soʻmni tashkil etadi. Toʻlov elektron shaklda amalga oshirilganda yoʻlkira narxi 1 700 soʻmga tushadi. Bir soat ichida bir nechta avtobuslardan foydalanish esa arzonlashadi, masalan, 1-martasiga 1 700 soʻm, 2-martasiga 700 soʻm, 3-martasiga esa bepul boʻladi.
Diyoraxon Nabijonova
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Hech qachon jahli chiqmagan odam
Toshkent viloyatida Mazda avtomashinasi yonib ketdi
Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi voqea tafsilotlari
Xalq artisti Jenisbek Piyazovga qisqa vaqtda belgilangan 4 ta jarima haqida (video)
Oltin kovlashga chiqqan samarqandlik ikki fuqaro vafot etdi
Savollarni koʻpaytirgan sud: “Doʻstov ishi”da huquqiy baho berilmagan holatlar...
Fargʻonalik 2 yoshli qizaloqning qornidan 135 ta magnit sharcha chiqarib olindi
Chust tumanidagi korxona rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi