Foto: Instagram
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Matyoqub Matchonov Kinematografiya agentligi binosida fuqaroni haqorat qilgani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati ma'lum qildi.
Sud hujjatlarga koʻra, Matyoqub Matchonov 2025 yil 15 yanvar kuni Kinematografiya agentligi binosida boʻla turib, E.Yoʻldoshevni oʻtkazilayotgan tadbirga xalaqit berishi vaji bilan binoga kiritmasligi yuzasidan kelishmovchilik yuz bergan. Natijada aktyor uni turli soʻzlar bilan haqorat qilib, sha'ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitgan.
Matchonovning ma'lum qilishicha, u Yoʻldoshev bilan ancha yillardan buyon tanish va uning arizasiga asosan Kinematografiya agentligida tekshirish ishlari olib borilmoqda. Yoʻldoshev oʻz arizasida Matchonovni Badiiy kengash a'zosi sifatida davlat buyurtmasi asosida tasvirga olingan kinolarda rol ijro etgani va bu manfaatlar toʻqnashuvi ekanini koʻrsatib oʻtgan.
15 yanvar kuni E.Yoʻldoshev Kinematografiya agentligiga kelganida, qorovullar uni ichkariga kiritmagan va oʻrtada tortishuv yuz bergan. Buni koʻrgan Matyoqub Matchonov u bilan gaplashib olmoqchi boʻlgan, Yoʻldoshevni ancha yillardan beri tanigani uchun unga gapirgan, keyinroq esa uni haqorat qilgan.
Sud majlisida soʻralgan jabrlanuvchi E.Yoʻldoshev Kinematografiya agentligining moliyaviy faoliyatidagi kamchiliklarni oʻrganish maqsadida Bosh prokuraturaga ariza bilan murojaat qilgani, oʻrganish shaffof boʻlishi uchun u ham agentlikka kelgani, lekin binoga kiritilmaganini aytgan.
Jabrlanuvchi Matchonov bilan suhbatini telefon apparatida diktofonga yozib olgan va uni IIBga bergan.
22 yanvar kuni Toshkent shahar jinoyat ishlari boʻyicha Chilonzor tuman sudi qarori bilan Matyoqub Matchonov Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-moddasida (haqorat qilish) nazarda tutilgan ma'muriy huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan va unga BHMning uch baravari (1 million 125 ming soʻm) miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
Eslatib oʻtamiz, 2023 yil mart oyida Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida «Konstitutsiya oʻzimizniki» targʻibot tadbirida soʻzga chiqqan Matyoqub Matchonov qamoqda oʻtkazgan kunlarini yodga olib, u erdagi kunlarini dushmaniga ham ravo koʻrmasligini aytgan edi. 2016 yilda Matchonov rahbarlik qiladigan tijorat tashkilotiga soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash, savdo qoidalarini buzish kabi ayblovlar qoʻyilgan va u qamalgan edi. Aktyor oʻsha yilning oktyabr oyida amnistiya bilan ozodlikka chiqarilgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar