322
Mashhur oshxona brendlarini shantaj qilib, pul undirishda gumonlanayotgan 3 kishi qoʻlga olindi
Telegramʼdagi «Nazorat Uz» kanalini yurituvchilar oshxonada suvarak chiqqani aks etgan videolar borligini aytib, tadbirkordan reklama uchun 200 million soʻmdan ortiq pul talab qilgan. Toshkent shahar IIBB holat yuzasidan jinoyat ishi ochilgani hamda 3 kishi qoʻlga olinganini ma'lum qildi.
Tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga koʻra, «Nazorat Uz» nomli telegram kanal rahbari J.I. oʻz xodimlariga tadbirkorlarni obroʻsizlantirishga qaratilgan materiallar yigʻishga topshiriq bergan.
«Avvaliga jamoa vakillari Toshkent shahridagi yirik brendlarga tegishli boʻlgan ovqatlanish shoxobchalariga mijoz sifatida tashrif buyurib, ulardan mahsulot sotib olgan. Soʻng mahsulotning ichiga inson salomatligi uchun zararli boʻlgan narsalar joylashtirib, foto va video olishgan. Shundan soʻng J.I. ovqatlanish shoxobchasi egalari bilan aloqa qilib, ushbu materiallarni Telegram orqali tashlab bergan va ularni «Nazorat Uz» nashrining YouTube va Telegram’dagi resurslariga joylashtirish orqali e'lon qilish bilan qoʻrqitib, ulardan pul talab qilgan», — deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, 2024 yil sentyabr oyida J.I. tez yordam xodimi kiyimini kiyib, shahar tibbiyot markaziga mashhur brendning taomlaridan ommaviy ravishda zaharlangan fuqarolar olib kelinganini aytib, video qilgan va ularni sahifasiga joylashtirgan.
Ma'lum qilinishicha, kanal adminlari bunday vaziyatdan keyin PR qilish evaziga 240 million soʻmlik soxta shartnoma tayyorlab, tadbirkorning vakiliga tashlab bergan. Ular har oyda shartnoma boʻyicha 40 million soʻm pul mablagʻini oʻz tashkiloti hisob raqamiga oʻtkazib berishni talab qilgan. Tadbirkor brendning imijini saqlash maqsadida, oktyabr-noyabr oylarida jami 80 million soʻmni oʻtkazib bergani aytilmoqda.
Toshkent shahar IIBB "Nazorat Uz" telegram kanali xodimlari tovlamachilikda gumonlanib, qoʻlga olinganini tasdiqladi. Ma'lum boʻlishicha, 3 nafar fuqaroga nisbatan 2024 yil 18 dekabr kuni Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan (Tovlamachilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
«2024 yil 21 dekabrda ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllangan. Tergov harakatlari davom etmoqda, yakuni boʻyicha qoʻshimcha axborot beramiz», deyiladi poytaxt IIBB ma'lumotida. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar