16:30 / 23.01.2025
73

Senat raisi: “Iqtisodiyotni iqlim oʻzgarishiga moslashtirish zarur”

Senat raisi: “Iqtisodiyotni iqlim oʻzgarishiga moslashtirish zarur”
Foto: Oliy Majlis Senati
Tanzila Norboyeva 2025 yilda mamlakat rivojlanishining ustuvor yondashuvlari belgilanganini ma'lum qildi. Senat raisiga koʻra, belgilangan har bir maqsad va vazifa Global Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan hamohang.

Senatning uchinchi yalpi majlisida Tanzila Norboyeva oʻtgan yil mamlakatda barcha sohalarda barqaror rivojlanish sur'atlari ta'minlanganini qayd etdi.

Joriy yilda ham katta marralar olganmiz. “Oʻzbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturida joriy yildagi maqsad va vazifalar aniq aks ettirilgan.

Davlat dasturi loyihasi ikki hafta davomida keng jamoatchilik, jumladan Senat qoʻmitalarida ham muhokama qilindi. Qator muhim takliflar bildirildi. Endi dastur imzolanishi bilan uning ijrosida barchamiz – parlament, hukumat, mahalliy kengashlar bir boʻlib harakat qilishimiz, belgilangan har bir vazifa soʻzsiz, oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini ta'minlashimiz zarur
”, deya ta'kidladi Tanzila Norboyeva.

Senat raisiga koʻra, 2025 yilda mamlakat rivojlanishining ustuvor yondashuvlari sifatida quyidagilar belgilab olingan:
  • mahalla, koʻchalarda yashillik darajasini oshirish, ekologik jihatdan qulay va farovon yashash muhitini shakllantirish;
  • aholi salomatligini yaxshilash, ekologik turmush tarzini shakllantirish;
  • tabiiy resurslarni tejash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta'minlash;
  • oʻsimlik va hayvonot dunyosini asrash, koʻpaytirish va keyingi avlodga etkazish;
  • “yashil iqtisodiyot” tamoyillarini keng joriy qilish, iqtisodiyotni iqlim oʻzgarishiga moslashtirish;
  • respublika energobalansida qayta tiklanuvchi energiya ulushini oshirish;
  • iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada zamonaviy energotejamkor texnologiyalarni keng qoʻllash;
  • ekologik barqarorlikka yoʻnaltirilgan hududlar va tarmoqlararo muvofiqlashtiruvni ta'minlash.

Majlisda Senatning joriy yil birinchi yarmiga moʻljallangan ish rejasi shakllantirilgani ham ma'lum qilindi. Qayd etilishicha, unda faoliyatning eng asosiy yoʻnalishlarida 100 dan ortiq chora-tadbirlar va ularni amalga oshirishning aniq mexanizmlari belgilangan.

Jumladan, Senatning qonun ijodkorligidagi roli va tashabbuskorligi kuchaytiriladi. Jamiyat va davlat hayotiga oid muhim masalalarni hal etish boʻyicha qonunchilik takliflari ilgari suriladi.

Bunda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim oʻzgarishi, oila, aholi salomatligini saqlash, bolalarni zararli axborotdan himoya qilish, turizm, qurilish sohalarini rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratiladi.

Parlament nazorati doirasida 50 ga yaqin dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan oʻrganish va tahlillar oʻtkazish rejalashtirilgan. Asosiy e'tibor hududlarga, ya'ni viloyat, tuman, shahar, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, investitsiya, tadbirkorlik, kambagʻallikni qisqartirish, bandlik, ta'lim, tibbiyot, ijtimoiy himoya, inson huquqlari, korruptsiyaga qarshi kurashish, tashqi va ichki mehnat migratsiyasini tartibga solish bilan bogʻliq muhim masalalarga qaratiladi.

Bunda faqatgina nazorat bilan cheklanmasdan oʻrganishlar, tahlillar orqali asoslangan takliflar ishlab chiqiladi. Qolaversa, mavjud muammolarni hal qilishda vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlariga koʻmaklashib boriladi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat