587
Fuqarolarning «organ xodimlari»ni foto, videoga olish va uni tarqatish huquqi saqlab qolindi
24 yanvar, juma kuni boʻlib oʻtgan Senatning uchinchi yalpi majlisida «Yoʻl harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun ham koʻrib chiqildi.
Qayd etilishicha, Ma'muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilayotgan yangi 195-2-moddasi ham toʻliq qayta ishlandi. Jumladan, fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini foto, video tasvirga tushirish va tasvirlarni tarqatish huquqi saqlab qolindi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati toʻliq saqlanib qolmoqda. Oldingi tahrirdan farqli ravishda bor narsani ijtimoiy tarmoqqa qoʻyganlik uchun javobgarlik belgilanmayapti.
Qonunda faqat xodimlarning tasvirini ularni obroʻsizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatmaslik, ya'ni xodimning harakatlari, soʻzlari va yuz bergan holatni buzmaslik, shu maqsadda montaj qilmaslik talab etilmoqda.
Mazkur modda sanktsiyasida belgilangan jarima miqdorlari ham qaytadan koʻrib chiqildi. Jumladan, qat'iy belgilangan BHMning 50 barobari miqdoridagi jarima 20 baravardan 50 baravargacha etib, qat'iy belgilangan 15 sutka muddatga ma'muriy qamoqqa olish 10 sutkagacha qisqartirilmoqda, ya'ni holatdan kelib chiqib, sudya undan ham kamroq muddat belgilashi mumkin.
Shundan kelib chiqib, ushbu moddada «huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini ta'minlash boʻyicha xizmat vazifalarini bajarayotgan paytda olingan foto – va (yoki) videotasvirni ularni obroʻsizlantirishga olib keladigan tarzda buzib tarqatish, shu jumladan Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish» uchun ma'muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Senatorlarning fikricha, mazkur Qonunning qabul qilinishi, yoʻl harakati ishtirokchilarini yoʻllarda harakatlanish madaniyatini oshirishga, yoʻl harakati ishtirokchilari harakat davomida belgilangan qoidalarga amal qilishini ta'minlashga, pirovardida yoʻl-transport hodisalari soni kamayishiga xizmat qiladi.
Muhokamadan soʻng Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar