date
views 2 405

“Tolibon” Oʻzbekiston 7 ta vertolyotni AQShga qaytargani uchun norozi boʻlmoqda

“Tolibon” Oʻzbekiston 7 ta vertolyotni AQShga qaytargani uchun norozi boʻlmoqda
Oʻzbekiston afgʻon uchuvchilari olib oʻtgan vertolyotlarning bir qismini AQShga qaytargandi. “Tolibon” boshqaruvidagi Mudofaa vazirligi mazkur harakatga norozilik bildirdi, deb yozmoqda Daryo nashri.

Vazirlik vertolyotlar Afgʻoniston mulki hisoblanishi va ular qaytarilishi kerakligini yana ta'kidladi.

“Islomiy Amirligi bu masaladan tashvishda, chunki bu vertolyotlar Afgʻonistonga tegishli boʻlib, avvalgi hukumat amaldorlari qochib ketganida Oʻzbekistonga olib oʻtilgan, shu bois ular Afgʻonistonga qaytarilishi lozim.

Bu vertolyotlarning qandaydir sabablarga koʻra Qoʻshma Shtatlarga topshirilishi biz uchun qabul qilib boʻlmas holat, chunki Afgʻoniston xalqi oʻz huquqlarini himoya qilish va talab qilish huquqiga ega, qoʻshni mamlakatlar ham afgʻonlarning huquqlariga hurmat koʻrsatishi zarur”, deyiladi bayonotda.

“Tolibon” AQShdan toʻsiqlar yaratish oʻrniga vertolyotlarni Afgʻonistonga qaytarishga koʻmaklashishni soʻradi.

2021 yil “Tolibon” Kobulni egallaganida afgʻon harbiylari Surxondaryoga samolyot va vertolyotlar bilan uchib oʻtgan. Mazkur vertolyotlar aslida AQSh hukumati puliga sotib olingan va Afgʻoniston sobiq hukumatiga vaqtinchalik foydalanishga topshirilgandi. Oʻzbekiston hududiga Embraer EMB 314 Super Tucano va Pilatus PC-12 rusumdagi 22 ta harbiy samolyot va UH-60 Black Hawk, MD-530 va Mi-17 rusumdagi 24 ta vertolyot olib oʻtilgandi.

Biroq “Tolibon” texnikalar afgʻon xalqiga tegishli ekanini aytib, ularni qaytarishni talab qilib kelmoqda. 2024 yili AQSh 40 dan ortiq samolyot va vertolyotlarni Oʻzbekistonda qoldirishga qaror qilgan. Bundan norozi “Tolibon” esa AQSh afgʻon xalqining mulkini “musodara qilishga haqqi yoʻq”ligini aytib, Oʻzbekistonni ularni qaytarishga chaqirgandi.

2025 yil Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasida oʻtgan tadbirda qatnashgan Pentagon rasmiylari vertolyotlarning bir qismi qaytarilganini ma'lum qildi. Xabarda yaroqli deb topilgan aviatexnikalardan 7 ta Black Hawk vertolyoti AQShga qaytarilgani ta'kidlagan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Tolibon” Oʻzbekiston 7 ta vertolyotni AQShga qaytargani uchun norozi boʻlmoqda