17:15 / 10.02.2025
569

Internetga qaramlikni kamaytirishning oddiy usuli topildi

Internetga qaramlikni kamaytirishning oddiy usuli topildi
Internetga qaramlik kundalik hayot, ijtimoiy munosabatlar va ruhiy salomatlikka salbiy ta'sir koʻrsatadi. Bu ijtimoiy tarmoqlarga, video oʻyinlarga, onlayn xaridlarga yoki uzluksiz kontent tomosha qilishga qaramlik shaklida namoyon boʻlishi mumkin. Boshqa odatlarga qaramlik singari internetga qaramlik ham insonda zavqlanish hissini beruvchi dofamin hosil boʻlishi bilan kechadi, shu sababdan uni nazoratga olish juda mushkul.

Xitoyning Guansi universiteti doktori Yan Yan rahbarligidagi olimlar guruhi oʻz tadqiqotida talabalar orasida internet qaramligiga qarshi kurashish usuli sifatida jismoniy mashqlarning samaradorligini baholadi.

Mutaxassislar internetga qaramlik tashxisi qoʻyilgan 760 nafar talaba ishtirokidagi 14 ta ilmiy tadqiqot natijalarini tahlil qildi. Barcha tajribalar Xitoyda oʻtkazilgan.

Ushbu tadqiqotlar doirasidagi jismoniy faollik uch xil harakat koʻnikmasini oʻz ichiga olgan: ochiq harakat koʻnikmalarini rivojlantiruvchi mashqlar, yopiq harakat koʻnikmalarini shakllantiruvchi mashqlar va ularning kombinatsiyasi. Ochiq harakat koʻnikmalari oʻzgaruvchan muhitda jismoniy faollikni talab qiladi va unda tashqi ta'sirlarga javob berish kerak boʻladi. Basketbol yoki futbol kabi jamoaviy sport turlari bunga misol. Yopiq harakat koʻnikmalari esa, aksincha, barqaror muhitda takrorlanadigan harakatlarni nazarda tutadi — yugurish, suzish yoki mushak mashqlarini bajarish kabi.

Dasturlar davomiyligi toʻrt haftadan oʻn sakkiz haftagacha boʻlib, haftasiga ikki martadan besh martagacha mashgʻulotlar oʻtkazildi. Har bir mashgʻulot 50 daqiqadan 120 daqiqagacha bajarildi. Alohida nazorat guruhidagi talabalar esa hech qanday jismoniy yuklamalar olmadi va odatdagi turmush tarzini davom ettirdi.

Natijalardan ma'lum boʻlishicha, jismoniy faollik internetga qaramlik alomatlarini kamaytirishga sezilarli ta'sir koʻrsatadi. Bundan tashqari, mashqlar tashvish, stress, yolgʻizlik hissi va oʻziga ishonchsizlikni kamaytirishga yordam bergan, shuningdek, umumiy ruhiy salomatlikni yaxshilashga hissa qoʻshgan.

Ochiq harakat koʻnikmalarini oʻz ichiga olgan yoki ularning yopiq koʻnikmalar bilan kombinatsiyasini bajargan qatnashchilarda ayniqsa sezilarli natija kuzatildi.

“Tadqiqotimiz shuni koʻrsatdiki, jismoniy faollik talabalar oʻrtasida internetga qaramlikka qarshi kurashning samarali usuli hisoblanadi. Eng yaxshi natijaga ochiq va yopiq harakat koʻnikmalarini birlashtirgan mashqlardan foydalanganda erishiladi”, — deb xulosa qildi tadqiqot mualliflari.

Ishonchli natijalarga qaramasdan, tadqiqot ma'lum kamchiliklarga ega. Birinchidan, barcha tajribalar faqat Xitoyda oʻtkazilgani sababli, xulosalarni boshqa mamlakatlar va madaniyatlarda qoʻllash cheklanishi mumkin.

Ikkinchidan, tadqiqotda faqat talabalar ishtirok etgan, boshqa yosh guruhlarida jismoniy mashqlarning internetga qaramlikka ta'siri oʻrganilmagan. Shunga qaramay, olingan ma'lumotlar jismoniy faollikning internetga qaramlikning oldini olish va davolashdagi ahamiyatini koʻrsatadi. Ular sohada yangi terapevtik strategiyalarni ishlab chiqish uchun asos boʻlishi mumkin.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat