
– Bu joriyani echintir, zora qip-yalangʻoch boʻlsa xonning qayerga yashiringanini aytur, – deb buyurdi Muhammad Rahimbiy askarlariga.
Ammo goʻzal joriyani echintirishga hojat qolmadi. Negaki, u qoʻrqqanidan hukmdorning er osti yashirin yoʻli – lahm orqali qochib ketganini aytib berdi.
Shundan soʻng biy joriya koʻrsatgan lahm yoʻlidan yurib, oyoq izlari orqali Mir Arab madrasasiga yashiringan xonni topdi. Muhammad Rahimbiy otaliq shu tarzda shiddat bilan askarlari qurshovida hujraga kirdi-da, keskir qilichi ila Abulfayzxonning boshini sapchaday uzib tashladi...
1711 yilda Buxoroyi sharif taxtiga chiqqan Abulfayzxon irodasi zaifligi bois, hukmdorligining ilk yilidayoq saroydagi biylar ta'siri ostida siyosat yuritdi. Biylar ham bir-birlariga qarshi igʻvo, fitna koʻtarib, har qaysisi yosh xonni oʻz yoʻrigʻiga solmoqchi boʻlardi. Shu tariqa saroyda goh Javshan qalmoq, ba'zida Abdullabiy xoja, soʻngra Xoʻjaqulibiy va Ne'matullabiy kabi ayonlar turli yoʻllar bilan Abulfayzxonni oʻz ta'siriga olib, boylik orttirishga berilib ketdilar.
Xullas, Abulfayzxon turli urugʻlar oʻrtasidagi nizo, biylar orasidagi nifoq, qaysidir shaharga hokim boʻlish istagidagi mansabparastlar iskanjasiga tushib qoldi. Har hafta, har oyda xon ta'siri katta biy tazyiqi bilan kimgadir toʻqsabo, yana birovga qushbegi, hokim lavozimlarini berar, bir oz vaqt oʻtib esa boshqa bir biyning yoʻrigʻiga kirib, farmonlarini bekor qilar va yana kimlargadir mansab ulashardi.
Shu taxlit Abulfayzxonning farmoni uzoq bir hokimlik u yoqda tursin, Buxoroyi sharifning eng chekka mahallasida ham ijro etilmas, biy va hokimlar oʻz bilganidan qolmas edi.
Oqibatda xalqning ahvoli ogʻirlashib, soliqlar koʻpaygani, zulm haddan oshganidan bir necha bor isyonlar boʻldi.Ammo turli urugʻlardan tarkib topgan xonlikda boshlar birikmas, barmoqlar mustahkam boʻlmasdi.
Bu orada Sulton qushbegi, Ibrohimbiy otaliq, Xoʻjaqulibiy devonbegilar bir guruh, Avaz toʻqsabo, Qoplon eshikogʻaboshi va Abdulkarimbiylar bir guruh boʻlib urugʻlar oʻrtasidagi nifoqni avj oldirgan, har qaysisi zimdan Abulfayzxonni taxtdan tushirib, oʻz odamiga toj kiydirishni istardi. Shu tariqa 1719–1723 yillarda urugʻlar oʻrtasida taxt uchun kurashlar kuchaydi. Ammo har bir biy oʻzicha harakat qilgani bois ular oʻrtasida ham sotqinlik va fitna avj olib, saroy amaldorlari biri-birining koʻzini oʻyish bilan ovora edi.
Ana shunday vaziyatda Eron hukmdori Nodirshoh oʻzaro ichki nizolar avj olganidan foydalanib, Buxoroga hujum qilmoqni afzal koʻrdi. Bosqinga bahona tayyor edi. Zero, 1737–1739 yillarda Abulfayzxon Xiva xoni Elbarsning gapiga uchib, Nodirshoh Hindiston bilan boʻlayotgan urushda ovoraligidan foydalangan holda ittifoqdoshlik qilib, ba'zi boylik iskanjasidagi biylar ta'siri bilan Eronning shimoliy hududlariga hujum uyushtirgan edi. Shu bois, oʻz davrining zamonaviy qurollariga ega boʻlgan Nodirshoh qoʻshini turkmanlar va Xiva xonligini bosib olib, Buxoroga ham yoʻl oldi.
Bu paytda Buxoroda otaliq Muhammad Hakimbiy va oʻgʻli Muhammad Rahimbiylar oʻzaro nizolar, urugʻlar oʻrtasidagi gʻalayon avj olgan xonlikda zimdan Abulfayzxonga muxoliflikda edilar.
Ular 1740 yili Eron hukmdori Nodirshohning Buxoroga bosqini davrida, hatto eroniy shoh oldiga Abulfayzxon tomonidan elchi boʻlib ham borgandilar. Suhbat asnosida Nodirshoh Buxorodagi vaziyatni toʻla bilib oladi. Ammo u shaxsan Abulfayzxon bilan uchrashmoqchi ekanligini aytadi. Shu taxlit taxtni qoʻldan chiqarmay, taslim boʻlishni afzal deb bilgan Abulfayzxon Nodirshoh yoniga bosh egib boradi.
Egilgan boshni qilich kesmaydi, deganlaridek, Nodirshoh Abulfayzxonni taxtdan tushirmay, xonlikda oʻz bosqinchiligini davom ettiradi. Bosqinchilar Samarqandda saqlanayotgan Amir Temurning qilichi va qalqoni, Chingizxonning dubulgʻasiyu sadogʻini, temuriyzoda Boysunqur Mirzo koʻchirtirgan Qur'oni Karimning noyob nusxasi va boshqa boyliklarni Eronga olib ketadilar. Abulfayzxon boyliklari talansa-da, taxtini saqlab qolganidan quvonib, bosqinchi Nodirshoh ketganidan keyin ham hukmdorligini davom ettirdi.
Bu paytda Eronda ham hokimiyat talashuv avj olib, 1747 yil 19 iyunda Nodirshoh suiqasd qurboni boʻladi. Eronda hokimiyatga erishgan Ahmadshoh Durroniy buxorolik Muhammad Rahimbiyning yaqin doʻsti edi. Negaki Nodirshoh Buxoroga bosqini davrida Muhammad Rahimbiyni oʻz xizmatiga qabul qilib, Eronga olib ketgan, biy va Durroniyning doʻstligi Eronda boshlangandi. Shu sabab, Eronda doʻsti podshoh boʻlgani, qolaversa, otasi Muhammad Hakimbiy otaliqning vafot etgani bois, Muhammad Rahimbiy Buxoroga kelib, Abulfayzxon saroyida otasi oʻrnida otaliq, keyin amirul umaro mansabini egallaydi.
Muhammad Rahimbiy boshboshdoqlik, nizo va igʻvo avjga chiqqan Buxoroi sharifda Abulfayzxonni taxtdan qulatish payida yurardi. U oʻylagan rejasini 1747 yilning kuzida toʻliq amalga oshirdi.
Abulfayzxon Mir Arab madrasasida oʻldirilib, taxtga Abdulmoʻmin sulton, keyinchalik Ubaydullaxon nomigagina chiqdi. Ammo barcha ishni Rahimbiyning oʻzi amalga oshirardi.
1748 yilga kelib, Muhammad Rahimbiy ashtarxoniylar sulolasiga butunlay barham berishni lozim topdi. Taxtga oʻzi chiqdi. Shu taxlit Muhammad Rahimbiy 1748 yildan e'tiboran Buxoroda oʻzi mansub boʻlgan mangʻitlar sulolasiga asos soldi va amir maqomida davlatni boshqara boshladi.
Umid Bekmuhammad,
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent
tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent
Manba: Xabar.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar